“Markaziy Osiyo davlatlarining choʻllar boʻyicha tashabbusi (CADI) - Markaziy Osiyoda choʻllarni saqlash va ulardan barqaror foydalanish” loyihasi doirasida aholini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar yuzasidan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Matbuot anjumanida Nurota tumani hokimi A.Fayziyev, FAOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari oʻrinbosari Sh.Umarov, mahalliy teleradiokanal va boshqa ommaviy axborot vositalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Mazkur loyiha haqida ishtirokchilarga Nurota tumanidagi Chuya MFYda Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT) Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining (FAO) Oʻzbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi tomonidan 2017-2022-yillar davomida muvaffaqiyatli loyihalar amalga oshirilganligi toʻgʻrisida soʻz yuritildi.
Jumladan, “Chuya” qishlogʻidagi 80 dan ziyod xonadon va tomorqa yer egalariga umumiy qiymati 100 ming AQSH dollaridan ziyod boʻlgan urugʻ va koʻchatlar, kichik issiqxonalar, sutni qayta ishlaydigan uskuna va muzlatgichlar, tikuvchilik va chevarchilik uskunalari tarqatilganligi ta’kidlandi.
Loyihaning asosiy maqsadi - chegaralar boʻylab moʻ’tadil choʻllarning bioxilma- xilligi va ekotizimini saqlash va boshqarishni yaxshilashdan iborat.