Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 29.03.2024 16:29

Vasiylik va homiylik organining sudlarda ishtiroki

Vasiylik va homiylik organi bu bolaga gʻamxoʻrlikni amalga oshiruvchi, uning huquqiy himoyasini taʼminlovchi, boshqa bolalar qatori teng imkoniyatlardan foydalanish muvozanatini taʼminlovchi shuningdek, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslarning huquq va erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun tuzilgan organ. Shuningdek, vasiylik homiylik organiga bolalar huquq va erkinliklarini huquqiy himoyasi toʻla taʼminlanishini roʻyobga chiqarish vazifasi yuklatilgan. Sudlarda ularning xulosasi, taklif va tavsiyalari muhim ahamiyatga ega.

 “Vasiylik va homiylik” toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunning 3-moddasida koʻrsatib oʻtilganidek:

Vasiylik— oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan yetim bolalarni va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni, shuningdek sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolarni ularga taʼminot, tarbiya va taʼlim berish, ularning mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida joylashtirishning huquqiy shakli sifatida koʻrsatilgan.

Homiylik— oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan yetim bolalarni va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni, shuningdek sud tomonidan muomala layoqati cheklangan fuqarolarni ularga taʼminot, tarbiya va taʼlim berish, ularning mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida joylashtirishning huquqiy shakli. Sogʻligʻining holatiga koʻra mustaqil ravishda oʻz huquqlarini amalga oshira olmaydigan va oʻz majburiyatlarini bajara olmaydigan voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqarolarga bu shaxslarning iltimosiga koʻra homiylik belgilanishi mumkin.

Vasiylik va homiylik instituti yurisprudensiyada nafaqat moddiy-huquqiy, balki protsessual-huquqiy institut sifatida oʻrganiladi. Chunki, mazkur organ (tuzilmaning) nizolarni hal qilishdagi ishtiroki keng, masalan oilaviy munosabatlarni tartibga solishda ishtirok etish shakllari mavjud:

  • Sudga qadar ishtiroki;
  • Sud jarayonida;
  • Sud hujjatlarini ijro etish jarayonida ishtiroki.

Mazkur bosqichlarda vasiylik va homiylikning, jumladan vasiy yoki homiyning qonunda koʻrsatilgan vazifalari va vakolatlari bor, har bir bosqichda ishtirok etish asoslari borki, ularni buzish yoki notoʻgʻri bajarish muayyan javobgarlikka olib keladi.

Sud ishlarni hal qilayotganda vasiylik va homiylik organi beradigan ish boʻyicha xulosani olishi va ishga qoʻshishi, sud muhokamasida undan foydalanishi zarur. Ishning haqiqiy holatini ochib berishda mazkur organning xulosasi muhim.

Shuningdek: Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksiningt 88-moddasiga muvofiq, sud tomonidan bolalar tarbiyasi toʻgʻrisidagi nizolar koʻrib chiqilayotganda, bolaning himoyasi uchun kim daʼvo taqdim qilganligidan qatʼi nazar, vasiylik va homiylik organi ishda qatnashishga jalb qilinishi kerak.

Vasiylik va homiylik organi bolaning hamda uni oʻz tarbiyasiga berishni talab qilayotgan shaxsning (shaxslarning) turmush sharoitlarini tekshiruvdan oʻtkazish va tekshirish dalolatnomasini hamda unga asoslangan nizo mohiyati boʻyicha xulosani sudga taqdim qilishi shart.

 Oila kodeksining 87-moddasiga muvofiq bolaning hayotiga yoki uning sogʻligʻiga bevosita xavf tugʻilganda vasiylik va homiylik organi bolani ota-onadan (ularning biridan) yoki bolani oʻz qaramogʻiga olgan boshqa shaxslardan zudlik bilan olib qoʻyishga haqlidir. Bolani zudlik bilan olib qoʻyish fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining tegishli dalolatnomasi asosida amalga oshiriladi.

Bola olib qoʻyilganda vasiylik va homiylik organi tezda prokurorni xabardor qilishi, bolani vaqtincha muayyan yerga joylashtirishi va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining bolani olib qoʻyish haqidagi dalolatnomasi chiqarilgandan keyin yetti kun mobaynida ota-onani ota-onalik huquqidan mahrum qilish yoki ularning ota-onalik huquqlarini cheklash haqida sudga daʼvo bilan murojaat etishi shart. Farzandlikka olishga faqat voyaga yetmagan bolalarga nisbatan va faqat ularning manfaatlarini koʻzlab yoʻl qoʻyiladi. Farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni istagan shaxslarning (shaxsning) arizasiga koʻra, vasiylik va homiylik organlarining farzandlikka olishning asosliligi va farzandlikka olinayotgan bola manfaatlariga toʻgʻri kelishi haqidagi xulosasi hisobga olingan holda sud tomonidan amalga oshiriladi.

 Bolani olib qoʻyish va uni boshqa shaxsga (shaxslarga) berish bilan bogʻliq ishlar boʻyicha sudning qarorlarini majburiy tartibda ijro etish vasiylik va homiylik organi va bola tarbiyalashga berilayotgan shaxs (shaxslar)ning majburiy ishtirokida, zarur hollarda esa - ichki ishlar organi vakili ishtirokida amalga oshirilishi lozim. Bolalarni oilaga tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi bitimlarni bekor qilishga oid nizolar sud tartibida hal qilishda ham vasiylik va homiylik organi ishtiroki zarur.

Bolalarni tarbiyalash bilan bogʻliq ishlarga doir sudning hal qiluv qarorlari qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ijrochisi tomonidan ijro qilinadi.Agar ota-ona (bolani oʻz qaramogʻiga olgan boshqa shaxs) sudning hal qiluv qarori ijro etilishiga toʻsqinlik qilsa, unga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan choralar qoʻllaniladi.

Bolani olish va uni boshqa shaxs (shaxslar)ga berish bilan bogʻliq sudning hal qiluv qarorlarini majburiy tartibda ijro etish albatta vasiylik va homiylik organining hamda bola tarbiyalashga berilayotgan shaxs ishtirokida, zarur hollarda esa, ichki ishlar organi vakili ishtirokida amalga oshirilishi lozim.

Sudning bolani olish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarorini bolaning manfaatlariga zarar yetkazilmagan tarzda ijro etishning imkoni boʻlmaganda, bola sudning ajrimiga koʻra tarbiyalash muassasasiga, davolash muassasasiga, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasiga yoki shunga oʻxshash boshqa muassasaga vaqtincha joylashtirilishi mumkin.

Ushbu organ ishtiroki sudning har qanday bosqchida ham muhim ahamiyatga ega. Sudlarda voyaga yetmagan bolalar bilan bogʻliq masalalar koʻrilayotganda, ushbu masalaning toʻgʻri va adolatli yechim topishida vasiylik va homiylik organi ishtiroki juda muhim. Sababi, bu organ faqat bolaning qonuniy manfaatini himoya qilish yuzasidan tushuntirish va xulosa beradi. Shu nuqtai nazardan ushbu tuzilmaning masʼuliyatini oshirish, bola qonuniy manfaatlari taʼminlanishiga, adolat ustuvorligi taʼminlanishiga xizmat qiladi. Yangi Oʻzbekiston kelajagi buyuk davlat, zotan biz qurayotgan Yangi Oʻzbekiston islohotlarining bosh mezoni ham aslida inson erki, bola manfaati va kelajak avlod istiqbolini rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Ibadova Ruxsora Mavlonovna

Sudyalar oliy maktabi tinglovchisi