Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 23.09.2022 10:06

Nurota tabiati

Tabiat nur ato etmish,
Bu yerni Nurota derlar.
Kimiki ko‘rmagan bo‘lsa,
Kilibdur ul xato derlar.

Toshpulat Hamid

Nurota tumani O‘zbekiston Respublikasining deyarli qoq o‘rtasida, Navoiy shahrining shimoliy-sharqida joylashgan kattakon hududlardan biri. Uni shimoliy- sharqdan Jizzax, janubiy-sharq va sharkdan Samarkand viloyatlari o‘rab turadi. G‘arb va janubiy- g‘arbdan Navoiy viloyatining boshqa tumanlari bilan chegaradosh. Nurota tumani 40 va 41 shimoliy kengliklar, 65 va 66 sharqiy uzunliklar orasida joylashgan. Xuddi shu kengliklarda jahonning AQSH, Portugaliya, Ispaniya, Italiya, Albaniya, Gretsiya, Xitoy, Koreya va Yaponiya singari yirik davlatlari joylashgan. Ularning ko‘pchiligi dengiz bo‘yi mamlakatlari bo‘lib, iqlimi nam va issiqdir. Nurota esa materik ichkarisidagi iqlimi quruq, kontinental o‘lkadir. Qishda -39 gacha sovuq, yozda esa +46 gacha issiq bo‘ladi. O‘rtacha yillik yog‘in 200-250 millimetrni tashkil etadi.
Tuman hududlari kattaligi jihatidan O‘zbekistonnning yirik tumanlaridan sanaladi. U shimoldan janubga tomon qariyb 68 km, g‘arbdan sharqqa tomon 95 kilometrgacha cho‘zilgan. Yer maydoni 5936 kvadrat kilometr bo‘lib, chegaralarining umumiy uzunligi 500 kilometrdan ortadi. Bu chegaralarning aksariyat qismi tog‘lardan, suv ayirgich tizmalardan, katta qismi Qizilqum qumliklari, sho‘rhoklar, hamda Haydarko‘l suvlari orqali o‘tadi. Uning g‘arbiy qismi tekislik, shimoli Haydarko‘l, sharqiy qismi esa Nurota tog‘lari va Nurota tekisligi, janubi Oqtov tog‘lari va uning tarmog‘i qoratov orqali o‘tgan.
Nurota tog‘ tizmalari Pomir – Oloy tog‘ tizmasining shimoli–g‘arbiy tarmog‘i bo‘lib, Nurota vodiysini shimol tomondan o‘rab turadi. Janubda esa viqorli, go‘zal, so‘lim daralarga boy, chiroyli manzarali qoratov (Kuhi siyoh), Oqtov (Kuhi safed) va Baxiltov yastanib yotadi. Nurota tog‘ tizmasidagi hayotboshi cho‘qqisi 2169 metr, Oqtovning esa eng baland cho‘qqisi Taxtkuh bo‘lib, u 2005 metrga bo‘y cho‘zgan. Oqtov o‘z atrofidagi tog‘lar orasida eng go‘zali. Unda qor tez erib ketmaydi. Issiqlar boshlanib, jilg‘alar oqqanda ham u bamisoli qor malikasidek oq va moviy rangda tovlanib ko‘zga tashlanadi. Nurota tog‘lari g‘arbdan qizilqum tekisligiga tutashib ketadi.
Nurota tumanining geografik jihatdan qulayligi qadimdan e’tiborda bo‘lgan. Arxeolog A.Kabirovning fikricha, Xitoy bilan Yevropani bog‘laydigan “Ipak yo‘li”ning bir tarmog‘i - Nur, Mingbulok botig‘i, Xorazm orqali Volgagacha borgan. Darhaqiqat, o‘tmishda O‘zbekiston hududida g‘arbdan sharqqa o‘tuvchi ikkita yo‘l bo‘lgan. Biri Zarafshon vodiysi orqali o‘tgan bo‘lsa, ikkinchisi Nur vodiysidan o‘tgan. Agar tarixga murojaat etsak, Iskandar Zulqarnayn eramizdan oldingi 329 yilda Nur, Buxoro orqali Sir vodiysiga chiqqan. Keyinrok esa, shimoldagi Salavkiylar eramizdan oldingi 207 yilda Nur orqali Kashkar vohasiga o‘tganlar. Shu yo‘ldan 1033 yilda saljuqiylar Buxoroga o‘tishgan. 1220 yilda Chingizxon qo‘shinlari Nur qal’asini zabt qilib, Buxoroga yurish qilganlar. 1365 yilda Amir Temur avval Nurni o‘ziga qaratib, so‘ngra Buxoroga o‘tgan.
Nurota tumanining deyarli markazida Nurota shahri joylashgan. U dengiz satxidan 500 – 512 metr balandlikda joylashgan. Nurota kadimgi ”Buyuk ipak yo‘li” tarmog‘i ustidagi ko‘hna qo‘rg‘on - shahar. Taniqli olimlar Ya.G‘ulomov, P.Sh.Zoxidov, O.M.Rostovsevlarning olib borgan dastlabki izlanishlarida Nur chashmasi atrofida yuqori paleolit davrida ham ibtidoiy odamlar - ajdodlarimiz yashaganligini ko‘rsatadi. FA Arxeologiya instituti olimlarining fikricha, Nur chashmasi atrofidagi madaniy qatlam 35 – 40 ming yilni tashkil qiladi.
Islomga e’tiqod qiluvchi musulmonlar shaharda muqaddas chashma va aziz - avliyolarning qabri va qadamjolari mavjudligini e’tirof etib, shaharni “Nurota – Nuri Xudo”, “Kichkina Makka” deya ulug‘lashgan. Bu esa Nurotaning tashqi dunyo bilan aloqasining yanada kengayishiga, ma’lum va mashhur bo‘lishiga olib kelgan.
O‘tmishda nurotaliklar Buyuk ipak yo‘lining bir tarmog‘i o‘tgan Pashshotdagi bozor orkali qorako‘l teri, mayiz, poliz mahsulotlari, marmar buyumlar, kulolchilik namunalari, gilam, bug‘doy va boshqa turli uy- ro‘zg‘or va hunarmandchilik mahsulotlari bilan savdo qilishgan. Savdogarlar esa ularni karvon bilan uzoq - uzoqlarga, o‘zga yurtlarga etganlar. Pashshotdagi bozor rastalarining o‘rni hali ham saqlanib qolgan. Akademik Ya.G‘ulomovning ta’kidlashicha, Pashshot manzilgohida topilgan ohaktosh va marmardan yasalgan bezaklar Kushon imperiyasi davriga tug‘ri kelib I-III asrlarda bu o‘lka obod bo‘lgan. Tumanda bir necha joyda-Sentobsoy, Tutaksoy, Zulqarnayn qishlog‘ida qadimgi odamlarning toshdagi tasvirlari topilgan.
Nurota shahrining hozirgi joylashuvi ham e’tiborga molik bo‘lib, u O‘zbekistonning deyarli o‘rtasida joylashgan. Nurota shahridan yurtimizning g‘arbigacha 650 kilometr, sharqigacha 800 kilometr, shimoligacha 350 kilometrdir. Yana bir tomoni qiziqarliki, tuman bir tomondan obod vodiylar, ikkinchi tomondan bepoyon cho‘llar bilan chegaradosh bo‘lib, dehqon bilan chorvadorning uchrashadigan maskanidir.
O‘zbekiston 1991 yilda istiqlolga erishgandan keyin Nurotaning qadimiy shon - shuhrati yana o‘z holiga qayta boshladi. Hozirgi kunda Nurota go‘zallashib, chiroyi tobora ochilayotgan navqiron, shu bilan birga qadimiy an’analarni o‘zida saqlagan shahardir.
Insonlar tumanning bu sirli va xilvat maskanlariga uzoq asrlardan beri intilib kelishadi. Muzdek tog‘ havosidan simirib, tong pallasida tog‘larda kakarlab sayragan kakliklarning sho‘x nag‘masidan zavqlanishadi, ona tabiat qo‘ynida orom olishadi. Ayni paytda Nurotaga kelayotgan sayohatchi va ziyoratchilarning soni ko‘payib bormokda. Mehmonlar Markaziy Osiyoning hamma respublikalaridan, Kavkaz, Rossiya, AKSH, Turkiya, Fransiya, Italiya, Gollandiya va boshqa ko‘plab chet mamlakatlardan tashrif buyurishadi.
Nurota qadimiy va muqaddas shahar. Nurotaga tashrif buyurgan insonlar o‘z qa’rida necha ming yillik tarixni saqlab kelayotgan, hali o‘z sirlarini batamom namoyon etmagan bu aziz zaminga mehr – muhabbat qo‘yishadi. Tumandagi joy nomlari xilma – xil va rang – barangdir. Ko‘pchilikni o‘zi uchun qadrli bo‘lgan ko‘cha, qishloq, shahar, soy, tog‘, koriz va boshka jo‘g‘rofiy atamalarning qanday paydo bo‘lganligi qiziqtiradi, albatta. Joy nomlari ilmiy tilda toponimlar deyiladi. Toponim yunoncha so‘z bo‘lib, topos – joy, onoma – nom so‘zlaridan tashkil topgan bo‘lib, joy nomi ma’nosini anglatadi.
Nurota tumanidagi joy nomlari joyning relefi, o‘simliklar dunyosi, tarixiy – jo‘g‘rofiy belgilari, tuproq xususiyati hamda urug‘ - avlodlar nomlariga vobasta holda shakllangan.
Tumanda – «obod» so‘zi bilan bir nechta joy nomlari mavjud. Masalan: Adizobod, Cho‘ponobod, Xaydarobod, Xo‘jaobod va boshkalar. Toponimlar tarkibida uchraydigan rang ko‘rsatkichlarini ifodalovchi Oktog‘, Qoratog‘, Qizilqum, Qoraqum, Qizilcha, Oktosh, Qoratosh, Oqtepa, Ko‘ktepa, Oqmula, Qoramula atamalari ko‘pchilikni tashkil etadi. Tumandagi jug‘rofiy nomlar tarkibida chashma yoki buloq nomlari alohida o‘rin tutadi. Masalan Nur chashmasi, Buloqi Cho‘li, Sovuqbuloq, Qizilbuloq, Chimbuloq, Toshbuloq, Ko‘kbuloq, Kushbuloq va hokazo. Undan tashqari joy nomlari – Darasoy, Orasoy, Butanasoy, Soykechar, quduq nomlari – Chuqurquduq, Shamolquduq, quduqcha, koriz nomlari – Boshkoriz, Kaltakoriz, Korizcha, Sulton koriz, Zulm koriz va boshkalar joyning tabiiy-jug‘rofiy xususiyatlari va boshka sabablar asosida vujudga kelgan. Tumanda aholining turmush tarzi, kasb hunarini ifodalovchi, shuningdek, avlod yoki urug‘ atamalari saqlanib qolgan. Masalan: Dukchixo, Ustoxo, Go‘rkovo, Ko‘zagaron, Qassobo, Kunchi, Namatzano, Novvoylar hamda Qushtamg‘ali, Sirtsuluv, Xo‘jaobod va hokazo.
Nurotada azaldan tojiku-o‘zbek aholisi aralash yashab kelgan. Bu hol maxalliy jug‘rofiy nomlarda o‘z ifodasini topgan. Shunisi xarakterliki, Nurota shahri va unga yondosh qishloqlarda asosan tojikcha va qisman o‘zbekcha atamalar shahar atrofidagi qishloqlar tomon siljigan sayin qisman tojikcha, aksariyat o‘zbekcha so‘zlardan tuzilgan atamalar ko‘zga tashlanadi.
Bulardan ko‘rinib turibdiki, joylarga, urug‘larga, suv manbalariga xalq besabab nom tanlamagan. Jug‘rofiy nomlar o‘sha joydagi kasb – koriga, tabiiy – jug‘rofiy sharoitga xos bo‘lgan ma’lum bir ma’noni anglatgan. Nur toponimining shakllanishi tug‘risida turli fikrlar mavjud.
Aslida Nur atamasi shaharning shahriston qismidagi chashmaga nisbatan paydo bulgan. Tog‘ etagidagi chashmadan bahor va qish oylarida suv bug‘lanib yuqoriga ko‘tariladi. Ana shu suv bug‘iga ertalab quyoshning zarrin nurlari ta’sir etib xuddi shu yerdan nur ko‘tarilayotgandek bo‘lib ko‘rinadi. Kamalak xosil bo‘lib, yon atrof nurga chulg‘anadi. Buni dastlabki paytda anglamaganlar. Yerdan nur chikayotir deb bu joyni Nur deb ataganlar. Nur – arabcha so‘z bo‘lib, u tojik tilida ro‘shnoyilik, o‘zbek tilida esa yoruglik demakdir. Bu tug‘rida shahar aholisi o‘nlab rivoyatlar bilishadi. Undan tashqari Buxoroning yetti darvozalaridan biri “Darvozayi Nur ” deb nomlangan. Mahalliy xalq o‘z shahrini “Nurota”, o‘zlarini “Nuratoyi” deydi. Darhaqiqat, S.Ayniy “Esdaliklar” asarida “....Muslixiddinni bosmachilar Nurotaga eltdilar,” Muqimiyning “Tanobchilar” she’rida “... ammamizning erlaridir Nurota”, yoki B.Gafurovning “Tojikon” kitobida ham shahar Nurota shaklida tilga olinadi. Ato arab va fors tillarida ”baxsh etmoq”, ”in’om etmoq” ma’nolarini anglatib, chashma ya’ni nur chashmasi o‘z qon tomirlari – ariklari orqali bu shaharga jon ato etgan degan fikr haqiqatga yaqindir.
Undan tashqari – ato tojik shevasida so‘zlovchi mahalliy aholi fonetikasiga xos bo‘lib, shahardagi Sayidato, Nurgulato atamalari xuddi Nurota singari talaffuz kilinadi. Shu o‘rinda shahar ziyoratgoh joy bo‘lganligi sababli Abul- ofiz Kiboriyning ”qissai Nurota” asarida keltirilgan rivoyatni keltirish joiz. Rivoyatda Iskandarning toqqa chiqqani, bu zaminga arsh bilan ko‘kdan nur to‘kilib turganini ko‘rib “bu yerga nur ato etdi xudoyim” deb ixlos qilgani keltirilgan. Demak, - ato atamasi ham chashmaga bog‘liq holda shakllangan.
O‘tgan asrning 30 – 40 yillaridan boshlab matbuotda shahar nomi Nurota shaklida yozila boshlagan. Aslida Nurga ziyoratga kelgan ziyoratchilar tilida Nur ota, ya’ni nur chashmasi sohilida dafn etilgan avliyo, Nurda islom dinining targ‘ibotchisi IX – X – asrlarda yashagan Shayx Abu l- Hasan Nuriy (Nur bobo) ziyoratiga keluvchilar tilida Nurota nomi paydo bo‘lgan edi. Nurota nomi bilan mashhur bo‘lgan olim ya’ni ota Shayx Abul-Hasan Nuriy haqida Farid ad-Din Attor o‘zining “Tazkiratul - Avliyo”, Alisher Navoiy “Nasoyimul - muhabbat” asarlarida o‘z fikrlarini yozib qoldirganlar. Nurota huddi Avliyoota, Cho‘pon Ota, Zangi Ota singari diniy, muqaddaslashtirilgan joy nomidir. Hozirgi kunlarda Nurota va Nurato atamalari baravar ishlatiladi. 2) Dehibaland – qishloq nomi. Bu toponim tojikcha dexa – qishloq, baland – yuqori so‘zlaridan tashkil topgan, yuqoridagi qishloq ma’nosini anglatadi. Xuddi shu tariqa Denov – dexa-i nav – yangi qishloq (Surxondaryo viloyati) yoki Shofirkonda shu nomdagi qishloq mavjud. Nurota go‘zal tog‘lar orasida joylashgan maskan. Uning bepoyon yaylovlari, bahor oylarida qip – qizil lolalarga burkanadigan qir – adirlari, so‘lim bog‘lari betakrordir. Nurotaning ko‘p sonli buloqlari, chashmalari yilning to‘rt faslida ham sizib yotadi. Shimol tomoni cho‘lga tutash yam–yashil Nur vodiysida buloq va chashmalar asosiy hayot manbai hisoblanadi. Nurota dilbar va dilkusho o‘lka, havosi musaffo, suvi esa shifobaxsh. Ona tabiat xuddi bu afsonaviy diyorni yaratganu, yomon ko‘zdan asrash uchun atrofini tog‘lar bilan o‘rab qo‘yganday. Nurota o‘zining chashmalari, serjilo qorako‘l terilari, kamalaknusxa marmari, o‘zining qadimiy madaniyati bilan jahonga ma’lum va mashhurdir. O‘zbekiston ne’matlari ichida ayniqsa uning shirin – shakar qovun – tarvuzlari, uzum va mayizlari tansiq.