Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 21.03.2024 11:54

Nurota tuman hokimi A.Fayziyevning Navroʻz bayrami munosabati bilan bayram tabrigi


Qadrli tumandoshlar, aziz shahrimiz mehmonlari!

Mana, barchamizga quvonch va shijoat bagʻishlab, qalblarimizni ezgu niyat va orzularga toʻldirib yurtimizga Navroʻzi olam kirib keldi. Ushbu qadimiy bayramning ruhi va falsafasida mujassam boʻlgan borliqni asrab-avaylash, tabiat bilan uygʻun boʻlib yashash, mehr-oqibat, xayru saxovat, bunyodkorlik, bagʻrikenglik, doʻstlik va hamjihatlik singari yuksak gʻoyalar bugungi kunda yanada teran mazmun va ahamiyat kasb etib bormoqda.

Ana shu murodbaxsh onlarda tumanimizning barcha mehnatkash va bagʻrikeng xalqini va shahrimiz mehmonlarini yangilanish va yasharish ayyomi, yaratuvchanlik va goʻzallik ramzi, sharqona yangi yilimiz – Navroʻzi olam bilan chin qalbimdan qutlayman!

Millati, tili va dinidan qatʼi nazar, har bir vatandoshimiz oʻzining huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini tobora chuqur anglab borayotgan Yangi Oʻzbekiston sharoitida Navroʻz tom maʼnoda umumxalq bayramiga aylanib, ayni kunlarda tumanimizning qishloqlarida, mahalla va ovullarida “Olam nurga toʻlsin sen bilan, Navroʻz!" - degan bosh gʻoya asosida umumxalq sayillari koʻtarinki kayfiyatda nishonlanmoqda.

Yurtimizda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida erkin va farovon hayot barpo etish, inson qadrini ulugʻlashdek buyuk maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan keng koʻlamli demokratik islohotlar jarayonida barcha milliy qadriyatlarimiz qatori Navroʻz umumxalq bayrami ham oʻziga xos maʼnaviy tayanch boʻlib xizmat qilmoqda.

Bayram kunlarida tumanimizdagi mehnat faxriylari, keksa avlod vakillarini har tomonlama eʼzozlash, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Mehr daftari”ga kiritilgan hamda koʻmakka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga begʻaraz yordam koʻrsatish kabi xayriya tadbirlari ommaviy harakatga aylanib borayotgani quvonarlidir.

Ayniqsa bu yilgi Navroʻz bayramimiz musurmon olamining eng fazilatli oyi sanalgan “Mohi Ramazon” oyiga toʻgʻri kelganligida ham chuqur maʼno bor. Sababi ushbu qutlugʻ oyda saxovatli kishilarni yon atrofdagilariga mehri oʻzgacha boʻladi, bemorlar holidan xabar olinadi, xalqimiz yurtga tinchlik, farovonlik tilab qoʻllari duoda boʻlishadi.

Zotan, Navroʻz koʻngillarimizga eng pokiza tuygʻular, orzu-umidlar joylab, ulkan yutuq va marralar sari shijoatga chorlaydi. Ushbu qutlugʻ ayyom kunlarida ertangi kunga boʻlgan ishonchimiz yanada mustahkamlanadi, barcha boshlagan va rejalashtirgan ishlarimizni halol, sifatli hamda oʻz muddatida bajarishga boʻlgan masʼuliyatimiz yanada oshadi.

Istardimki, ana shu ishonch va masʼuliyat barchamizga hamisha kuch va gʻayrat bagʻishlab tursin!

Qadrli Nurotaliklar hamda shahrimiz mehmonlari!

Barchangizni yana bir bor uygʻonish, yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi - Navroʻz bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman!

Ushbu yangi kun jonajon yurtimizga toʻkin-sochinlik, har bir xonadonga qut-baraka olib kelsin!

Ezgu niyat va amallar, mehr-oqibat, mehnatsevarlik va shijoat qalblarimizni hech qachon tark etmasin!

Navroʻzi olam muborak boʻlsin!