Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 09.04.2024 21:13

Ramazon hayiti munosabati bilan tuman aholisiga bayram tabrigi

Nurota tuman hokimi A.Fayziyevning Ramazon hayiti munosabati bilan tuman aholisiga bayram tabrigi


Assalomu alaykum aziz tumandoshlar,

Qadrli musulmon birodarlar,

Sizlarni, Siz orqali barcha oila aʼzolaringizni bugungi mehr oqibat, ezgulik va saxovat ayyomi, islom olamidagi ulugʻ bayram, muborak Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Har bir xonadonda, mahallalarda koʻtarinkilik bilan nishonlanadigan qutlugʻ ramazon hayitida hammamiz avvalo shunday kunlarga yetkazgani uchun Alloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz.

Yaxshilik, sabr qanoat va mehr eʼtibor singari ezgu fazilatlarni oʻzida mujassam etgan bu bayramning maʼno mazmuni hamda xalqimiz hayotida tutgan oʻrni va ahamiyatini barchamiz chuqur his etmoqdamiz.

Hayit kunlari barcha bir-birini qutlaydi, dasturxonlar yoziladi, sovgʻa-salomlar ulashiladi. Yaratganga shukronalar aytib, Istiqlolimiz, tinch va xotirjam hayotimiz hamda kelgusi avlodlarimiz haqiga duolar qilinadi. Bu amallarning barchasi savob, mukofoti esa insoniylik sharafi hisoblanadi.

Qadrli tumandoshlar,

Oʻzining milliy urf-odat va anʼanalariga sodiq, mehnatkash, va saxovatli xalqimiz ana shunday yuksak fazilatlarni yaqqol namoyon etib, muqaddas Ramazon oyini tinchlik va osoyishtalik, oʻzaro hurmat va hamjihatlik muhitida oʻtkazgani hamda ushbu eʼzozli ayyomni katta shodu xurramlik bilan kutib olayotgani unga alohida fayzu shukuh bagʻishlamoqda.

Bugungi kunda keng koʻlamli islohot va tub oʻzgarishlar natijasida yangilanib borayotgan yurtimizda xalq bilan muloqot, inson huquq va manfaatlarini, jumladan, vijdon erkinligini taʼminlash davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, bu borada ulkan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu haqda soʻz yuritganda, xalqimizning boy va qadimiy diniy-maʼnaviy merosini tiklash va faol targʻib etish, buyuk ajdodlarimizning tabarruk qadamjolarini obod qilish boʻyicha olib borilayotgan salmoqpi ishlarni alohida taʼkidlash lozim.

Ajdodlar xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, yurtimiz tinchligi va ravnaqi yoʻlida xizmat qilgan keksalarga alohida hurmat-eʼtibor koʻrsatish mamlakatimizda milliy qadriyat darajasiga yetgan. Bu kabi oliyjanob qadriyatlar ayniqsa, ulugʻ Ramazon hayiti arafasida yanada yuqori pogʻonaga koʻtariladi.

Aziz tumandoshlar,

Niyati pok, maqsadlari ulugʻ xalqning shu tabarruk kunlarda qilayotgan barcha ibodatlari, ezgu duolari ijobat boʻlsin!

Barchangizni yana bir bor ulugʻ Ramazon hayiti bilan samimiy muborakbod etgan holda, oilalaringizga tinchlik va farovonlik, shaxsiy hayotingizda baxt va saodat tilayman.

Jonajon yurtimizda, xonadonlarimizda tinchlik va xotirjamlik, fayzu baraka bardavom boʻlsin.

Osmonimiz hamisha musaffo, yurtimiz tinch, xalqimiz omon, Ramazon hayiti barchamizga muborak boʻlsin!