Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 30.11.-0001 00:00

Nurota

Nur chashmasi

Nur chashmasi tabiatning noyob tuhfasi boʻlib uning qachon qanday paydo boʻlganligi noma’lum. Bu ilohiy moʻ’jiza murakkab tabiiy jarayonlar natijasida paydo boʻlgan. Arxeolog olimlarning chashma janubidagi qal’a tevaragida topgan qadimgi odamlar quli bilan ishlov berilgan topilmalar yuqori paleolit davrida bu manzilda odamlar yashaganligini koʻrsatadi.

Chashma suvi togʻ ichida, toshlar orasidan sizib oʻtarkan u ana shu toshlardagi turli xil kimyoviy birikmalarni, togʻ jinslaridagi har xil elementlarni eritib oʻzi bilan birga olib keladi. Yuqori minerellashgan suv yer yuziga chashma boʻlib otilib chiqadi. Dengiz sathidan 524 metr balandlikda joylashgan butun Oʻzbekiston xalqining ardoqli goʻshasidir.

Nur chashmasi dengiz sathidan 524 metr balandlikda joylashgan.Chashma suvi xushta’m, hidsiz, rangsiz, yumshoq, shirin boʻlib, uning tarkibida xlor, sulfat, kaliy, magniy, kalsiy, kremniy, karbonat, natriy kabi 20 xil mikroelementlar borligi aniq-langan. Harorati esa hayratomuz: qishin –yozin doimo +19,50С.

Nur chashmasi Oʻzbekiston xalqining ardoqli goʻshasidir. Uning gʻaroyib moʻ’jizali qudrati oldida lol qoladi kishi. Ayniqsa, bahor oylarida ertalabki quyoshning shaffof nuri ta’sirida chashma uzra paydo boʻladigan behisob serjilo nurlar barchani sehrlab koʻyadi. Tabiiy-ilohiy nur ta’sirida suv yuzasiga koʻtarilgan baliqlar oʻzining quvnoq raqsi bilan porlab turgan nurni yanada yogʻdulantiradi

Nurota baliqlari Oʻrta Osiyoda mavjud 110 taga yaqin baliqlardan biri sanaladi. Ular chashma hovuzida va hovlilarda oʻtgan ariqlarda bemalol suzib yurishadi. Bu baliqlar fanda «marinka», mahalliy xalq tilida «shirmohi» deb yuritiladi. Ular 20-yilgacha umr koʻradi. Ularning 60 sm uzunlikdagilari ham uchrab turadi. Boshqa baliqlar singari ular ham uxlamaydi, tinch holatda dam oladi. Baliqlarni boqish maqsadga muvofiq emas. Chashmaga har qanday buyumlarni tashlash zararli. Baliqlar chashma suvida mavjud boʻlgan mineral va mikroelementlar bilan oziqlanishga moslashgan.

Bu baliqlar tabiatning betakror moʻjizasidir. Nurota baliqlari chashma, uning ariqlari va xonadonlaridagi ariqlarda bemalol suzib yuradi. Mahalliy xalq va sayohatchilar baliqlarga ozor yetkazmaydi.

Chilustun» jome’ masjidi

Nurotaning «Chashma majmuasi» da joylashgan «Chilustun» jome’ masjidining birinchi marta qurilishi Х-asrga borib taqaladi.
Narshaxiyning Х-asrda yozilgan asarida quyidagi ma’lumotni keltirish mumkin: «Nur-katta va guzal joy, anda jome’ masjidi va koʻpgina rabotlar bor».
Chilustun jome’ masjidining oʻziga xos jihatlari shundan iboratki masjidda qadimda ishlatilgan quyosh soatining oʻrni bor va masjidda qadimgi aks-sado beruvchi ovoz kuchaytirgichlar keyingi ta’mirlash jarayonida saqlab qolingan.
Masjid 20x30 oʻlchamli boʻlib, uning yogʻoch oʻymakorliklari Nurota oʻymakorligiga hosdir.

«Panjvaqta» Katta Gumbaz masjidi

Nur chashmasi sohilida qurilgan «Panjvaqta» Katta Gumbaz masjidi 1582-yilda qurilgan me’moriy yodgorlikdir.

Masjid ikki tomonlama ayvonli boʻlib, boshqa masjidlardan chillaxonasi borligi bilan ajralib turadi.

Masjid ikki tomonlama ayvonli boʻlib, ayvondagi mehrobning guldor koshinlari va hoshiyador naqshlari koʻzga tashlanib turibdi. Keksalarning aytishicha, masjid asli nimrang, oq, moviy rang va qora fonda ishlangan mozaikalar bilan bezatilgan.

Shayx Abul Hasan Nuriy

Shayx Abul Hasan Nuriy - IX asrlarda Nurda yashagan va faoliyat koʻrsatgan mashhur diniy arbobdir. U islom dinimizning makorimul-axloq ta’limotini Nur va uning hududidagi mahalliy aholiga targʻib etgan buyuk shaxsdir.

Shayx Abul Hasan har tomonlama mahalliy xalq hurmatini qozonganligidan oʻzining oliy darajadagi olamni bilish toʻgʻrisidagi islomiy bilimi va nihoyatda xoksor, kamtarligi bilan boshqalarga ibrat boʻlganligidan Nur xalqi bu aziz insonni oʻzi uchun mukaddas boʻlgan joyga – Nur chashmasi sohiliga dafn etgan, qabrini obod qilgan va uni ziyorat qilib, eslashni savob ish deb hisoblagan.
Shayx Abul Hasan Nuriy haqida A.Jomiyning «Nafahotul – uns min hazarotul quds» (Pok zotlar tomonidan esgan doʻstlik shabadalari) tazkirasi oʻrganildi va bu tarixiy asarda Shayx Abul Hasan Nuriy 616 ta donishmandlarning biri sifatida nomi zikr etilgan.
Sharofiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asarida keltirilishicha, Amir Temur 1376-yil mart oyida Xorazmga uchinchi marta yurish chogʻida Raboti Malikda toʻxtagan. Amir Temur bir hafta ushbu saroyda yashar ekan, u shu atrofdagi juda koʻp qoʻrgʻon va qishloqlarni ziyorat qilgan. Nurotada boʻlib chashmadan suv ichgan va Abul Hasan Nuriy qabrini ziyorat qilgan.

Turizm
Chashma ziyoratgohi hududida xorijiy sayyohlar uchun bir qancha qoʻshimcha qulayliklar yaratilgan. Xususan tashrif buyuruvchilar uchun barcha qulayliklarga ega boʻlgan zamonaviy mehmonxona barpo etilgan.
Shuningdek, Nurota soʻzana va kashtalarini oʻzida mujassamlashtirgan zamonaviy hunarmandlar maskani tashkil etilgan.