Yurtimizdagi qishloq va mahallalar yanada obodonlashib, shaharlar yanada ko‘rkamlashib borayotgan bir sharoitda ularning o‘tmish tarixi va madaniyatiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, «bugun bizning oldimizda shunday tarixiy imkoniyat paydo bo‘ldiki, biz buyuk madaniyatimiz tomirlariga, qadimiy merosimiz ildizlariga qaytib, o‘tmishimizdagi boy an’analarimizni yangi jamiyat qurilishiga tadbiq etmog‘imiz kerak».
Yurtimizning boy tarixga ega bo‘lgan Nurota shahri geografik jixatdan O‘zbekistonning markazida joylashgan bo‘lib Nurota tumani shimoliy-sharqdan Jizzax, janubiy-sharq va sharqdan Samarkand viloyatlari, g‘arb va janubiy-g‘arbdan Navoiy viloyatining boshqa tumanlari bilan chegaradoshdir. Tuman markazi bo‘lmish Nurota shahri o‘ziga xos boy va betakror tabiati, zilol hamda muqaddas buloqlari bilan mashhur. Shu bilan birga shaharning tarixi ham uzoq o‘tmishga borib taqaladi.
Nurato yoki Nuri Buxoro nomi bilan tarix sahifalaridan o‘rin olgan mazkur tarixiy shahar haqida Abu Bakr Narshaxiy ma’lumot berib, uni Buxoro tarkibidagi tarixiy joy sifatida kayd etadi. Narshaxiy IX-X asrlarda yashab o‘tganligini nazarda tutadigan bo‘lsak va uning bu hudud haqida o‘sha davrda ma’lumotlar yozib koldirilganligini xisobga olsak, u xolda Nurning qadimiyligiga shak-shubha kolmaydi. O‘sha davrda ham bu maskan ziyoratchilar tashrif buyuradigan qadamjo bo‘lgan. Ziyoratgohning g‘arbiy qismidagi muqaddas chashma va chashmadagi muqaddas xisoblangan baliqlar kishi e’tiborini o‘ziga tortadi. Buloqdan yuqorida, uning g‘arbiy burchagida sag‘ana va qabrtosh ko‘yilgan. Bu yodgorlik Nuriy nisbasi bilan mashxur Sayyid ad-Din Abu Xasanga tegishli.
Me’moriy yodgorliklar asosan Shayboniylar davrining mahsulidir va keyingi davrlarda ya’ni mang‘itlar sulolasi hukmronlik qilgan vaqtda ta’mirlangan. Narshaxiyning yozishicha, Nurda jome’ masjidi va rabotlar bo‘lgan. Ziyoratga keluvchilarning asosiy qismi Buxoro aholisi, shuningdek, boshqa joylardan ham bu yerga ko‘plab kishilar tashrif buyurishgan. Hozirgi vaqtda ham bu yerga keluvchilarning aksariyati Buxoro va uning atrofidandir. Narshaxiy Nur ziyoratiga borib qaytganlarni hojilar fazilatiga ega bo‘lishi to‘g‘risida ham yozib qoldirgan. Nurning ziyoratgoh bo‘lishi, bu joydagi yerda muqaddas qadamjolarning mavjudligi bilan bog‘likdir. Muqaddas buloq, baliqlar, tarixiy obidalar, Sa’id ad-Din Abul Hasan Nuriy, Ar-Rumiy singari tarixiy shaxslarning qabrlari mavjudligi, shuningdek arablar istilosi davrida Movarounnahrga kelib qolgan va shu tuproqda foniylikdan boqiylikka ketgan hamda Nurda dafn etilgan tobeinlar qabrlari borligi shundan dalolat beradi.
Nurning qadimiy tarixini Iskandar Zulqarnayn istilosi bilan bog‘lashadi. Nur atrofidagi qishloqlardan birida uning va onasining ramziy maqbarasi mavjud va bu joy ham muqaddas ziyoratgoh sanaladi. Biroq makedoniyalik istilochining Nurga asos solganligi haqida aniq dalillar yo‘k, faqat rivoyatlar, xalq og‘zaki ijodi mahsuli bo‘lgan ayrim uzuq-yuluq afsonaviy hikoyalar mavjud.
Ta’kidlash joizki, turli davrlarga oid yozma manbalarda va rivoyatlarda Nurotaning qadimiyligi haqida so‘z yuritilsada, shahar va uning atroflari tarixi ilmiy jihatdan yetarlicha o‘rganilmagan. O‘tgan asr 50-yillarining boshlarida Ya.G.G‘ulomov boshchiligidagi ilmiy guruxning qiska muddatli ilmiy izlanishlari hamda 70-80 yillarda FA Arxeologiya institutining ilmiy xodimi O.M.Rostovsev olib borgan tadqiqotlar bu sohaga biroz oydinlik kiritdi. Bizning qisqa muddatli Nurota va uning atroflarida olib borgan tekshiruvlarimiz bu hududda keng ko‘lamdagi tarixiy arxeologik tadqiqotlar olib borish zarurligini ko‘rsatdi.
Avvalo, shaharning nomlanishi haqida hozircha ilmiy asoslanmagan taxminlarga ko‘ra, shaharga Makedoniyalik Aleksandr buyrug‘iga ko‘ra asos solingan bo‘lib, u o‘rta asrlarda «Nur» «Nuri Buxoro» nomlari bilan mashhur bo‘lgan. O‘rta asrlar muarrixlari Narshaxiy, Juvayniy, Istaxriy asarlarida ko‘hna shahar – «Nur» deb tilga olingan. «Nur» atamasi ko‘xna shaharning shahriston qismidagi chashmaga nisbatan paydo bo‘lganligi ehtimoldan xoli emas. Chunki tog‘ etagidagi chashmadan bahor va qish oylarida suv bug‘lanib yuqoriga ko‘tarilib turadi. Bu suv bug‘iga ertalab kuyosh nurlari ta’sir etib kamalak hosil bo‘ladi va yerdan nur ko‘tarilayotgandek ko‘rinadi.
Yanada qadimgiroq tarixga, Nurota shahrining paydo bo‘lgan davriga nazar tashlaydigan bo‘lsak, hozirgi Nurota hududlari qadimgi So‘g‘diyona viloyati tarkibiga kirgan. So‘nggi yillarda olib borilgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra mil.avv. VII-IV asrlarda So‘g‘diyona o‘lkasining chegarasi g‘arbda Buxoro vohasi, sharqda Hisor tog‘lari, janubda Qashqadaryoning quyi oqimi va Ko‘hitang adirlari, shimolda esa Nurota tog‘-adirlari bilan chegaralangan bo‘lishi mumkin. Qadimgi davrda O‘rta Osiyoning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotida muhim o‘rin egallagan So‘g‘diyona o‘lkasi turli manbalarda So‘g‘da, So‘g‘uda, So‘g‘diyona nomlari ostida eslatib o‘tiladi. Bu nomlarning kelib chikishi va ularning ma’nosi haqida xozircha anik fikrlar yo‘k. Ayrim tadqiqotchilar (V. Tomashek) bu nomni eroncha «SUS» - «yonmok, yaltiratmoq, nur taratmoq», so‘zidan olingan desa, ayrimlari (O.Smirnova) bu so‘z «hosildor vohalar o‘lkasi» degan ma’noni beradi deb hisoblaydilar.
Agar qadimgi o‘lkalar, viloyatlar nomlari ko‘p hollarda ular hududidagi tog‘lar, daryolar, ko‘llar, qal’alarning nomlaridan olinganligiga e’tibor qaratsak, So‘g‘diyona ham o‘z hududlaridagi biror joy nomini olmaganmikin, degan fikr tug‘iladi. Nurli va hosildor o‘lka bo‘lgan Nurota aynan mana shu joyga to‘g‘ri kelishi mumkin. Ammo, bu fikrni asoslash uchun hali ko‘pgina ilmiy tadqiqotlar kerak bo‘ladi.
Qadimgi tariximizni tiklash uchun qimmatli ma’lumotlar beruvchi ilk yozma manbalar – «Avesto», axmoniylar mixxat yozuvlari hamda yunon-rim tarixchilarining asarlarida So‘g‘diyona va so‘g‘diylar haqida ma’lumotlar berilsa-da, ularda aynan Nurota haqida ma’lumotlar uchramaydi. Hozirgi kungacha olib borilgan arxeologik tadqiqotlar ham Nurotaning ahmoniylar yoki yunon-makedon davriga oid madaniy qatlamlari aniqlanmagan. Bu hududlarda jiddiy arxeologik tadqiqotlar olib borish va bu tadqiqotlar natijasida Nurota shahri yoshini aniqlash zarurati ham aynan mana shu holat bilan belgilanadi.
Bu o‘rinda bir masalaga e’tibor qaratishni lozim topdik. Ma’lumki, dehkonchilik va sug‘orish inshootlari tarixi anchayin qiziqarli mavzu hisoblanadi. O‘zbekistonning qadimgi viloyatlari hududidan dehkonchilik mahsulotlarining qoldiqlari, mehnat qurollari, qishloq xo‘jalik mahsulotlari saqlanadigan idishlar, sug‘orish inshootlari ildizlarining topilishi xo‘jalik yuritishning muayyan turidan dalolat beradi. So‘g‘diyonadagi mil.avv I ming yillikning o‘rtalariga oid dehqonchilik va sug‘orish inshootlari to‘la-to‘kis o‘rganilmagan. Bu o‘rinda Ya.G‘ulomovning o‘tgan asrning 60-yillarida Zarafshon va Qashkadaryoning quyi oqimlaridagi qadimgi yerlarni sug‘orishning o‘ziga xos xususiyatlari va gidrografiyasiga oid masalalarini tadqiq etganligini ta’kidlash zarur. Ayniksa, A. Muhammadjanovning antik va o‘rta asrlarga oid sug‘orish masalalariga bag‘ishlangan tadqiqotlarini alohida qayd etish lozim.
Baqtriya, Xorazm, Marg‘iyona va So‘g‘diyona hududlaridan Ahmoniylar davriga oid sug‘orish inshootlarining izlari aniqlangan. Ko‘pchilik tadqiqotlarning fikricha, tog‘ oldi tekisliklari va dasht hududlarini sug‘orishda ishlatilgan korizlar – yer osti kanallari aynan mana shu davrda paydo bo‘lgan. Xususan, Polibiy salavkiylar podshosi Antiox III ning Parfiya dashtlari orqali o‘tgan harbiy yurishlari haqida ma’lumot berganda ushbu dasht hududlari bir kancha quduqlari bo‘lgan yer osti kanallari orqali sug‘orilib, bu kanallar «forslar davrida» bunyod etilgani haqida yozadi.
O‘zbekistonning mana shunday murakkab sug‘orish inshootlaridan foydalanilgan tumanlaridan biri Nurotadir. Bu yerda korizlardan Hozirgi kunda ham foydalaniladi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, koriz – yer osti suv inshootidir. Bunday sug‘orish inshootini qurish nihoyatda og‘ir va murakkab bo‘lgan. U mashaqqatli qo‘l mehnatidan tashqari yer osti suvlarining to‘planadigan qatlami, yil mavsumlarida bu suvlar sathida ro‘y beradigan o‘zgarishlar va koriz chiqariladigan joy relefidagi nishablikni juda aniq belgilashni talab etadi. Nurotada hozirgi kunda yer yuzasiga suv chiqarib turgan koriz «Kalta koriz» deb nomlanib, unda 50 ta quduq bor. Bu yerda yuzaki tekshiruv o‘tkazgan kishi ham qadimgi dehqonlar san’atiga qoyil qolmay iloji yo‘q.
Sug‘orilishning koriz usuli mil.avv. VII-IV asrlarda tog‘ oldi tekisliklari va dashtlarida keng foydalanilganiga e’tibor qaratsak, Nurota atroflari ahmoniylar davridayok o‘troq aholi tomonidan o‘zlashtirila boshlanganligini kuzatish mumkin. Nurotalik qadimgi bobodehqonlar ancha murakkab bo‘lishiga qaramay ushbu sug‘orish usulidan foydalanganlar. Bu suvlar yetib kelgan joylarda esa yerlarni o‘zlashtirib turar-joylar va manzilgoxlar barpo etganlari shubhasizdir.
Tadqiqot guruximiz uch kun davomida Nurota qal’asi, shahar devori deb taxmin qilinayotgan Devori Pirosta hamda Nurota atrofidagi Pashshot qal’asi qoldiqlarida qidiruv-tekshiruv ishlari olib bordi. Ushbu yodgorliklar va ular atroflaridagi sopollar yig‘ib olindi. Dastlabki xulosalarga ko‘ra sopollarning eng qadimgisi milodiy IV-V asrlarga (ya’ni, so‘g‘d-eftalit davriga) oiddir. Yanada qadimg‘iroq deb taxmin qilinayotgan sopollar esa qiyosiy o‘rganishni talab etadi.
Nurota qal’asining tuzilishi, devorlar va ulardagi minoralar (burj) qisman tadqiq etildi. Qal’a devorining ichki yo‘laklariga eltuvchi kirish yo‘llari (mahalliy aholi ularni g‘orlar deb tasavvur qiladi) saqlanib qolgan. Qal’a devori paxsa asosida xom g‘ishtdan qad ko‘targan hamda vaqti-vaqti bilan ta’mirlab turilgan. Xom g‘ishtlarning o‘lchamlari So‘g‘diyonadagi mil.avv. VI-IV asrlarga oid Uzunqir, Yerqo‘rg‘on, Chordara kabi yodgorliklardagi g‘ishtlarga ancha yaqin ekanligi aniqlandi. Bular hozircha daslabki xulosalar bo‘lib, aniq xulosalar berish uchun jiddiy tadqiqotlar o‘tkazish zarur.
Nurotaning islom davri tarixi haqida manbalarda kengroq yoritilgan va uzoq moziydagi voqea va jarayonlar shu joy bilan aloqadordir. Uning o‘tmishiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bu yerda Saljukning avlodlari Tug‘rulbek, Dovud va Yabgular ko‘nim topishgan. Jand aholisi bilan ziddiyat yuzaga kelgandan so‘ng, uch aka-uka o‘z lashkarlari, shuningdek, podasi bilan Nur atrofiga kelib o‘rnashadi. Albatta, ularning Somoniylarga qarashli mulkda joylashishi uchun Buxoro amirlarining roziligi olinganligi shubhasizdir. Tarixchi Hamdalloh Kazviniy keltirgan dalilga ko‘ra bu voqea 985 yilda yuz bergan.
Somoniylarning so‘nggi amiri Muntasir Buxoroni egallab olgan dushmanlaridan mag‘lub bo‘lganidan so‘ng, o‘z harbiy kuchlarining qolgan-qutganlari bilan Nurotaga kelib, mustahkamlanib olgan va shu yerdan turib Dabusiya qal’asida joylashib olgan raqibiga xujum kilgan.
Jamol al-Karshining «Mulxakat as-surax» asaridagi ma’lumotlarda keltirilishicha Nurota atroflaridagi saljuqiylar Buxoro amiri tomonidan haydalgan. Lekin haqiqatda saljuqiylar koraxoniylar siquvi ostida bu joylarni tark etganlar.
1220 yilda Chingizxon O‘tror orqali Buxoro tomonga yurish qilganda Nurotani jangsiz egallagan. Chingizxon Nurga Tohir Bahodir boshchilik qo‘shinni jo‘natgan va mazkur mo‘g‘ul harbiy qismlari 1220 yil yanvar oyida O‘tror va Nur orasidagi karvon yo‘li orqali kelib, shahar aholisiga taslim bo‘lishni talab etgan. Nur aholisi esa Tohir Bahodir bilan muzokara yuritib, o‘z elchilarini Chingizxonga jo‘natgan. Mo‘g‘ul xoni shaharni harbiy qo‘shinda Tohirga nisbatan nufuzi baland Subutoyga topshirishni buyurgan. Subutoy buyrug‘i bilan aholi o‘zi bilan hayotiy ehtiyojlari uchun zarur buyumlar, mol, oziq-ovqat olib shaharni tark etgan. Shundan so‘ng, shahar talon-taroj kilingan. Chingizxon tashrifi vaqtida esa talon-taroj qilingan narsalar aholiga qaytarilgan va nurotaliklar 1500 dinor miqdorida tovon to‘lashlari talabi qo‘yilgan. Mo‘g‘ullar nurotaliklardan mahalliy hokim El hoji boshlik 60 kishilik harbiy qism tuzib, Dabusiya kal’asining qamaliga jo‘natgan.
Ruslar istilosi davri, XIX asrning 60 yillariga oid manbalarda Nurotaning beki Abdal G‘affor haqida iliq so‘zlar yozilgan. 1886 yilda Rossiya va Buxoro orasidagi chegara Nurota cho‘li hududidan o‘tkazilgan vaqtda Abdal G‘affor bilan birga Ziyovuddin va Xatirchining beklari ham ishtirok etishgan.
Xullas, Nurotada olib borilgan qisqa muddatli qidiruv-tekshiruv ekspeditsiyasi bu hududda keng qamrovli tadqiqotlar o‘tkazish lozimligini kursatadi. Nurota shubhasiz respublikamizdagi qadimgi shaharlardan biridir. Ushbu fikrni har tomonlama ilmiy asoslash keyingi bo‘lajak tadqiqotlar natijalariga bog‘liq.