Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 29.03.2025 11:27

Ramazon hayiti munosabati bilan bayram tabrigi

Assalomu alaykum aziz tumandoshlar,

Qadrli musulmon birodarlar,

Sizlarni, Siz orqali barcha oila a’zolaringizni bugungi mehr oqibat, ezgulik va saxovat ayyomi, islom olamidagi ulug‘ bayram, muborak Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Har bir xonadonda, mahallalarda ko‘tarinkilik bilan nishonlanadigan qutlug‘ ramazon hayitida hammamiz avvalo shunday kunlarga yetkazgani uchun Alloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz.

Yaxshilik, sabr qanoat va mehr e’tibor singari ezgu fazilatlarni o‘zida mujassam etgan bu bayramning ma’no mazmuni hamda xalqimiz hayotida tutgan o‘rni va ahamiyatini barchamiz chuqur his etmoqdamiz.

Hayit kunlari barcha bir-birini qutlaydi, dasturxonlar yoziladi, sovg‘a-salomlar ulashiladi. Yaratganga shukronalar aytib, Istiqlolimiz, tinch va xotirjam hayotimiz hamda kelgusi avlodlarimiz haqiga duolar qilinadi. Bu amallarning barchasi savob, mukofoti esa insoniylik sharafi hisoblanadi.

Qadrli tumandoshlar,

Ramazon birodarlik, ezgulik, xayru saxovat va mehr-oqibat oyi. Uning  fayzu tarovatidan bahramand bo‘lib, jamiyatimizda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini mustahkamlash, muhtaram nuroniylar, ayollar va bolalarga mehr va e’tibor ko‘rsatish, ehtiyojmand insonlarga beg‘araz yordam berish singari savobli ishlarni amalga oshirildi.

Bunday olijanob maqsad va ezgu amallardan maqsad bitta (yagona) - xalqimizni hayotdan rozi qilishga qaratilgan islohotlarimizning ma’no-mazmuni – Ramazonga har tomonlama uyg‘un va hamohang ekanligidir.

Aziz tumandoshlar,

Ona yurtimizning kelajagi buyuk va yorug‘, xalqimiz hayoti yanada farovon, Prezidentimizning rahnamoligida amalga oshirilgan barcha xayrli ishlar bardavom bo‘lishini Alloh taolodan so‘rab duolar qilaylik.  Yer yuziga Allohning rahmati yog‘ilib turgan ushbu saodatli ayyomda barcha mo‘min-musulmonlarimizni, Ramazon hayiti bilan yana bir bor chin qalbimdan muborakbod etaman!

Niyati pok, maqsadlari ulug‘ xalqimizning ushbu saodatli onlarda qilayotgan toat-ibodatlari va duolari ijobat bo‘lsin!

Parvardigori olam doimo yo‘limizni ham, yuzimizni ham yorug‘ qilsin! Yurtimizni, elimizni turli balo-qazolardan O‘zi asrasin! Vatanimiz tinch, xalqimiz sog‘-salomat bo‘lsin!

Ramazon hayiti barchaga muborak bo‘lsin!