Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 20.03.2025 09:24

Nurota tuman hokimi A.Fayziyevning Navroʻz bayrami munosabati bilan bayram tabrigi

Assalomu alaykum qadrli tumandoshlar, tumanimiz mehmonlari!

Ayni kunlarda jannatmakon yurtimizga yasharish va yangilanish fasli — Navro‘zi olam tashrif buyurmoqda.

Fursatdan foydalanib barchangizni mehr-oqibat va hamjihatlik, bunyodkorlik ayyomi— Navro‘zi olam bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

E’tirof etish joizki, ona zamin va tabiatga mehr-muhabbat, saxovat va muruvvat, bunyodkorlik va olijanoblik kabi ezgu fazilatlar eng qadimiy bayramimiz bo‘lgan Navro‘z timsolida asrlar davomida ulug‘lanib, sayqal topib kelmoqda.

Yangi O‘zbekistonimizda amalga oshirilayotgan beqiyos islohotlar, yurtdoshlarimiz hayotida, ongi va dunyoqarashida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar esa Navro‘zning azaliy qadriyat va an’analariga hamohangdir, albatta.

Zero, Navro‘z bayrami shukuhi kezib yurgan shu kunlarda borliq uyg‘onib, inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlik keng quloch yozmoqda, ona zaminga mehr va e’tibor esa yanada yuksalmoqda.

Prezidentimiz ta’birlari bilan aytganda: “Navro‘z – chinakam xalq bayrami, milliy o‘zligimiz ko‘zgusi, ma’naviy va madaniy hayotimizning ajralmas qismidir. Ming yillar oldin ota-bobolarimiz bu ulug‘ ayyomni qanday pok niyat va yorug‘ umidlar bilan kutib olgan bo‘lsalar, bugun ham xalqimiz mana shunday baland kayfiyat bilan Navro‘zga peshvoz chiqmoqda”.

Darhaqiqat, Navro‘z — azaliy milliy qadriyatlar timsoli, bunyodkorlik, birdamlik va qut-baraka bayramidir.

Joriy yil bu ulug‘ ayyom mamlakatimizning barcha hududida, xususan tumanimizda, mahalla-yu qishloqlarimizda “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” - degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruh va yuksak saviyada nishonlanayapti.

Yurtimizda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida erkin va farovon hayot barpo etish, inson qadrini ulug‘lashdek buyuk maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida barcha milliy qadriyatlarimiz qatori Navro‘z umumxalq bayrami ham o‘ziga xos ma’naviy tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bayram kunlarida tumanimizdagi mehnat faxriylari, keksa avlod vakillarini har tomonlama e’zozlash, kambag‘al oilalar, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Mehr daftari”ga kiritilgan hamda ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga beg‘araz yordam ko‘rsatish kabi xayriya tadbirlari ommaviy harakatga aylanib borayotgani quvonarlidir.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Sizlarni e’tiboringizni yana bir muhim jihatga qaratmoqchiman. Joriy yilning 10-martidan 10-apreligacha belgilangan zarbdor bir oylik davomida amalga oshirilayotgan hasharlarda barcha hududlarda bo‘lgani singari tumanimizda ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Qabristonlar tozalandi, tomorqalarda ekin ekish ishlari boshlandi, xonadon va ko‘chalarimizda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borildi. Daraxtlarga shakl berilib, oqlandi, yaxshi niyatlar bilan yerga ko‘chatlar o‘tqazildi. Kelgusida ham bu ezgu ishlarimizni yana hamjihatlik bilan davom ettiramiz. E’tirofli tomoni, bu xayrli tadbirlarning barchasi Navro‘z ayyomi bilan hamohangdir.

Zero, aziz bayram shukuhi ko‘ngillarimizga eng pokiza tuyg‘ular, orzu-umidlar tuhfa etib, barchamizni ulkan yutuq va marralar sari yanada shijoatga chorlamoqda.

Aslida ham Navro‘z o‘z xosiyatiga ko‘ra, yil boshida yangi rejalar tuzib, ishlarimizning baroridan kelishi uchun ezgu niyatlar qilib, xalqning duosi bilan belni mahkam bog‘lab, kelajakka qadam qo‘yadigan muborak kundir.

Ushbu qutlug‘ ayyom kunlarida ertangi kunga bo‘lgan ishonchimiz yanada  mustahkamlanadi, barcha boshlagan va rejalashtirgan ishlarimizni halol, sifatli hamda o‘z muddatida bajarishga bo‘lgan mas’uliyatimiz esa yanada oshadi.

Istardimki, ana shu ishonch va mas’uliyat barchamizga hamisha kuch va g‘ayrat bag‘ishlab tursin!

Qadrli do‘stlar!

Sizlarni yana bir bor go‘zal va betakror yurtimizga kirib kelayotgan bahor bayrami — Navro‘z ayyomi bilan muborakbod etaman.

Barchangizga mustahkam sog‘lik, oilaviy xotirjamlik, yurt ravnaqi, Vatan taraqqiyoti, xalq farovonligi yo‘lida olib borayotgan ezgu va xayrli ishlaringizga muvaffaqiyatlar tilayman! Jannatmakon yurtimizga ko‘z tegmasin!

Bayramingiz muborak bo‘lsin!