Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 01.09.2022 09:27

Nurota tumani hokimi A.I.Fayziyevning Mustaqilligimizning 31 yilligi bayrami munosabati bilan tuman aholisiga bayram tabrigi

Assalomu alaykum, aziz mehmonlar!

Qadrli tumandoshlar!

Bundan oʻttiz bir yil muqaddam biz yurtimizda asrlar davomida xalqimiz intilib kelgan erkin va ozod hayot qurish yoʻlida tarixiy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʻygan edik.

Bugun esa barcha hududlarimizda, butun mamlakatimizda muborak ayyom, unutilmas tarixiy sana - Oʻzbekistonimiz mustaqillikka erishganligi-ning oʻttiz bir yillik ulugʻ bayrami keng nishonlanmoqda.

Biz uchun eng buyuk va eng aziz boʻlgan ana shu qutlugʻ bayram bilan Siz azizlarni, Sizlar orqali butun tumanimiz xalqini samimiy muborakbod etaman.

Oʻzining necha ming yillik koʻhna tarixiga ega, ne-ne voqealarni boshidan kechirgan xalqimiz uchun Oʻzbekiston mustaqilligi, hayotimizni, gʻururimizni tubdan oʻzgartirgan bu ulugʻ sana koʻp yillar, zamonlar oʻtsada, oʻz ahamiyati, qadr-qimmati va mohiyatini yoʻqotmaydigan, tom ma’noda olamshumul voqea boʻlib abadiy saqlanib qoladi.

Vatanimiz Mustaqilligining oʻttiz bir yilligi “Yangi Oʻzbekistonda el aziz inson aziz!” gʻoyasini oʻzida mujassam etgan shior asosida nishonlanmoqda.

Istiqlolning soʻnggi besh yilida erishilgan yutuqlar va qoʻlga kiritilgan muvaffaqiyatlarni sarhisob etar ekanmiz, mazkur davrning qariyb bir yarim yili pandemiya sharoitiga toʻgʻri kelishiga qaramasdan tumanimizning iqtisodiyoti qariyb 1,5 barobarga, aholi daromadlari jon boshiga esa oʻrtacha 2 barobar oʻsdi.

Istiqlolning ilk kunlaridan e’tiboran mamlakatimizda olib borilgan keng qamrovli islohotlar tufayli barcha hududlarda boʻlgani kabi Nurota tumani ham har tomonlama rivojlanmoqda, ayniqsa soʻngi yillarda tumanning me’moriy qiyofasi tubdan oʻzgarib, koʻrkiga koʻrk qoʻshilmoqda, yangi ijtimoiy-madaniy ob’yektlar, jahon andozalariga mos keladigan mexmonxonalar, bir-biridan shinam namunaviy loyihalar asosidagi uy-joylar barpo etilib, “Obod qishloq” dasturi doirasida uzoq aholi punktlarimizda bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib tartibga keltirilmoqda.

Xususan, soʻngi 5 yillik davri mobaynida ijtimoiy sohani rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar samarasi oʻlaroq 12 ta umumta’lim maktabi, 11 ta maktabgacha ta’lim muassasalari hamda 5 ta tibbiyot muassasalari, shu jumladan, 49 ta madaniyat, sport va boshqa ijtimoiy ob’yektlar yangidan qurildi.

Bundan tashqari, 44 ta umumta’lim maktabi, 15 ta maktabgacha ta’lim muassasalari hamda 8 ta tibbiyot muassasalarida, mukammal va joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilib zamon talablari asosida jihozlandi.

Tumanda 3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2017-yildagi 21,7 foizni tashkil etgan boʻlsa, maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirish borasida tumanda amalga oshirilayotgan ishlar samarasi oʻlaroq oʻtgan davr mobaynida 59 ta yangi davlat, davlat xususiy sherikchiligi hamda uy bogʻchalarini tashkil etilishi natijasida qamrov darajasi bugungi kunda 70,1 foizga yetkazilishiga erishildi.

“Obod qishloq” dasturi doirasida barcha manbaalar hisobidan 115,0 mlrd.soʻm mablagʻlarni oʻzlashtirilishi hisobiga tumandagi 7 ta qishloqlar namunali qishloq sifatida tartibga keltirilgan boʻlsa, joriy yilda ham umumiy qiymati 26,0 mlrd. soʻm mablagʻlar hisobidan tumandagi “Sentob” hamda “Jarma” qishloqlarida obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilib, aholi xonadonlarini tartibga keltirish ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va servis sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish, hududdagi ijtimoiy soha ob’yektlarini yangidan qurish va ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda.

Aziz doʻstlar!

Barcha hududlarida boʻlgani singari Nurota tumanida ham sayyohlarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va ularga zarur shart-sharoitlar yaratib berish orqali tumanning turistik salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, tumanning asosiy ziyoratgohlaridan biri boʻlgan “Chashma” tarixiy me’moriy majmuasi va uning atrofini obodonlashtirish, sayyohlar uchun qulay infrotuzilma ob’yektlarini barpo etish maqsadlarida soʻngi yillarda qariyb 110,0 mlrd soʻm mablagʻlar yoʻnaltirilib keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilganligini guvohi boʻlishimiz mumkin.

Shu bilan bir qatorda, tumanning eng chekka hududlaridan biri boʻlgan Sentob mahalla fuqarolar yigʻinining oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda ushbu hududning drayveri sifatida turizim sohasi tanlangan boʻlib, 2016-yilga qadar ushbu hududda 4 ta turistik xizmatlar koʻrsatish ob’yektlari mavjud boʻlgan boʻlsa, bugungi kunga kelib ushbu ob’yektlar soni 21 taga yetkazilib, bir vaqtning oʻzida 600 nafardan ziyod sayyohlarni qabul qilish imkoniyatlari yaratildi.

Albatta ushbu sohada amalga oshirilayotgan ishlar bugungi kunda oʻz samarasini berib, 2017-yilda 7,0 ming nafardan ortiq xorijiy sayyohlar tumanga tashrif buyurgan boʻlsa, ushbu koʻrsatkich 2022-yilda qariyb 3 karraga oshganligini e’tirof etishimiz lozim.

Tumanga tashrif buyurayotgan sayyohlarning asosiy qismi Turkiya, Germaniya, Fransiya, Rossiya, Ispaniya, Italiya, Janubiy Koreya, Qozogʻiston, Eron, Xitoy va Rossiya davlatlariga hissasiga toʻgʻri kelayotgan boʻlib, ularga tumanda 65 ta sayohat marshrutlari 23 ta arxitektura yodgorliklari, 13 ta tabiiy yodgorliklar, 4 ta ekoturizm ob’yektlari va 25 ta arxeologik ob’yektlarda turistik sayohatlar tashkil qilinmoqda.

Qadrli tumandoshlar,

Barchamizga yaxshi ma’lumki kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlanishi har bir hududning rivojlanishi va aholi hayotining farovonligining muhim omili boʻlib xizmat qiladi.

Bugungi kunda bu borada yurtimizda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish istagida boʻlgan tashabbuskorlar uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

Tahlillarga e’tibor qaratadigan boʻlsak, 2016-yilda tumanda faoliyat olib borayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari 514 tani tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunda ular soni 1506 taga yetib, qariyb 3 barobar koʻpayganligini guvohi boʻlishimiz mumkin.

Albatta kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida qabul qilingan maqsadli dasturlar muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu nuqtai nazarda raqamlarga e’tibor beradigan boʻlsak, 2017-2022-yillar davomida tasdiqlangan dasturlarga muvofiq sanoat, qishloq xoʻjaligi hamda savdo va xizmat koʻrsatish sohalarida umumiy qiymati 421,0 mlrd.soʻmlik 568 ta loyihalar amalga oshirilib 2360 ta ish oʻrinlari yaratilgan.

Mamlakatimiz Prezidentining yaqinda tadbirkorlar bilan oʻtkazgan ochiq muloqotida belgilagan vazifalari hamda soha ravnaqi yoʻlida taqdim etgan yengillik va qulayliklari tumanimizda ham tadbirkorlik rivoji yoʻlida yangi imkoniyatlar eshigini yanada kengroq ochishi, shubhasiz, albatta!

Qulay va jozibador investitsiyaviy muhit, eksportyor korxonalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarining joriy etilishi mahsulotlar eksporti hajmlarining oshishiga, nomenklaturasi va geografiyasi kengayishiga xizmat qilmoqda. 2016-yilga solishtirganda, tumanimizning eksport hajmi 4,5 baravarga, jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi esa qariyib 16,5 mln AQSH dollariga oʻsib 21 ta xorijiy investitsiyalar asosidagi qoʻshma korxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Bu kabi yutuqlar, shubhasiz, hurmatli yurtboshimizning Nurota tumaniga alohida e’tibori va amaliy yordamlarining timsolidir.

Iqtisodiyotimizning yetakchi tarmogʻiga aylanib borayotgan Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi tomorqasidan samarali foydalanish boʻyicha birgina 2022-yilning oʻzida tijorat banklari tomonidan 1508 nafar yuridik va jismoniy shaxslarga oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyilishi uchun 44,9 mlrd soʻm imtiyozli kreditlar ajratilgan boʻlsa, ijtimoiy daftarlarga kiritilgan 305 nafar ishsiz xotin-qizlar va yoshlarga 520 mln.soʻmlik asbob uskunalar yetkazib berilishi ta’minlandi.

Qadrli tumandoshlar,

Oʻtgan davr mobaynida koʻhna va uzoq tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan Nurota tumanida erishilgan yuksak marralar haqida uzoq gapirishimiz mumkin.

Bugun biz qoʻlga kiritayotgan bu yuksak marralarning ildizi, zamini nimada, degan savolga xar birimiz xech ikkilanmasdan, bularni barchasining zamirida avvalo mustaqillik deb atalgan bebaxo ne’mat, xalqimizning fidokorona mexnati, uning tobora yuksalib borayotgan ongu tafakkuri, ertangi kunga boʻlgan ishonchi, ezgu orzu-intilishlari mujassam, deb katta gʻurur va iftixor bilan aytishimiz tabiiydir.

Olloxning nazari tushgan, Oʻzbekiston deb atalmish goʻzal va betakror oʻlkada tugʻilish, uning bagʻrida kamol topish xar kimga xam nasib etmaydi. Ana shu xaqiqat aziz yoshlarimizni qalbidan, yuragidan chuqur joy olishini, Vatan sevgisi, Vatanga sadoqat tuygʻusi ularga umurbod yor boʻlishini istardim

Fursatdan foydalanib, Sizlarni va butun tumanimiz ahlini eng ulugʻ, eng aziz bayramlarimizdan biri, qutlugʻ ayyom – Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 31 yilligi bilan yana bir bor samimiy muborakbod etaman.

Sizlarga mustahkam sogʻlik, baxtu saodat, Vatanimiz ravnaqi va xalq farovonligini oshirish yoʻlidagi mas’uliyatli va sharafli faoliyatlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Mustaqillik nashidasi har bir inson qalbini nurlarga toʻldirsin. Mamlakatimiz taraqqiyotning oydin yoʻlidan yuksaklik sari dadil odimlayversin.

Xalqimiz omon, Mustaqilligimiz abadiy boʻlsin!

E’tiboringiz uchun rahmat.