Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 25.03.2025 14:32

Rasmiy munosabat

Facebook tarmog'ida "Nurota tumanining Chuya qishlog‘idagi oilaviy poliklinika va mahalla binosida 1 haftadan buyon elektr energiyasi yo‘q" mazmunidagi xabar yuzasidan quyidagilar ma'lum qilinadi.

Mazkur holat yuzasidan o‘rganilganda mahalla uchun ajratilgan limit 3 baravar ko‘p iste'mol qilingan. Bu esa o‘z navbatida to‘lovlarda qarzdorlikni keltirib chiqargan. “Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi” to‘liq joriy etilgan bo‘lib, iste’molchilar qarzdorlik uchun tizim tomonidan avtomatik tarzda ajratiladi hamda mavjud qarzdorlik bartaraf etilgandan so‘ng tizim orqali tarmoqqa qayta ulanadi.

Ma'lumki, iste’molchilarga elektr energiyasini yetkazib berish va o‘zaro hisob-kitob qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari bilan belgilab qo‘yilgan.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 31.05.2024 yildagi 319-son qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ning 88-bandiga asosan, iste’molchilarga (aholi iste’molchilardan tashqari) elektr energiyasi 100 foiz oldindan haq to‘lash asosida yetkazib berilishi ko'rsatib o'tilgan.

Shuningdek, oilaviy poliklinikadagi holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-sentyabrdagi PQ-311-sonli “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qaroriga asosan tibbiyot birlashmasi 2025-yil 1-yanvardan boshlab tibbiy sug‘urta tizimiga o‘tkazilganligi sababli mahalliy byudjet mablag‘laridan moliyalashtirish to‘xtatilgan.

Tuman tibbiyot birlashmasi bugungi kunga qadar 2024 yil uchun yillik hisobotlarini o‘z vaqtida topshirmaganligi sababli hisob raqamlaridan kassa xarajatlarini amalga oshirish vaqtincha to‘xtatilgan. Shu bois "Chuya" qishlog‘idagi oilaviy poliklinikaning kommunal to‘lovlari uchun moliyalashtirish kechikayotganligi ma’lum qilinadi.