Nurota tumani hokimi Azamat Ismatovich Fayziyevning 8-mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tabrigi
Assalomu alaykum aziz va muhtarama ayollar! duogo‘y onaxonlar, opa-singillar, lobar qizlar!
Avvalo, sizlarni, sizlarning timsolingizda barcha onaxonlarimiz, opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizni ezgulik va go‘zallik bayrami 8-mart — Xalqari xotin-qizlar kuni bilan tumanimiz faollari, keng jamoatchilik nomidan samimiy muborakbod etaman!
Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Chunki sizlar bilan hayotimiz go‘zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir.
Ona tabiat ham Sizning mehr-muhabbatingiz, go‘zalligingiz qarshisida go‘yo ta’zim bajo aylagandek, o‘zining debocha bayramini Siz aziz ahli ayollarga baxshida aylaydi. Buning zamirida bir qo‘lida beshikni, bir qo‘lida dunyoni tebratib, ibratli oilalarining sarf-sarishtasi, qalqoni-farishtasi bo‘lgan, jamiyatda ham o‘z o‘rni nufuziga ega bo‘lgan, Vatan ravnaqiga misqol-misqol yig‘ib tog‘day hissa qo‘shayotgan AYOL zotiga tabiatning-da katta ehtiromi, hurmati yotadi. Ayol bo‘lmagan joy, go‘yoki olovsiz o‘choqqa, zimiston tunga o‘xshaydi. Ayollar xonadonimizning, jamiyatimizning nafis guli, ro‘shnolik baxsh etuvchi nuri desam aslo mubolag‘a emas.
Ayol hayot saltanatining gultoji. Ayol bor joyda avvalo go‘zallik, yaratish va yosharish, hayot davomiyligi bor. Ulug‘ faylasuflardan biri “Toki yer yuzida bittagina ayol mavjud ekan, demak u haqda hamisha nimadir yangi gap aytish mumkin” deganida yuz karra haq edi.
Hurmatli onaxonlar, opa-singillar!
Bizning azim va qadim Nurotamizda ham turli jabhalarda va shaxsiy hayotda o‘z maktablarini yaratib kelayotgan opa-singillarimiz juda ko‘p.
Qaysi sohani olib qaramang ayollarimizning nafis va nozik qo‘llari bilan qo‘shilgan ulkan ulushlar bor. Ular hamisha peshqadam. Biz erkaklardan farqli o‘laroq mehnatsevar, chaqqon, ziyrak va oqila. Hatto bir erkakdan ham ortiqroq xizmat qilayotgan, qurilish, sanoat, chorvachilik, konchilik sohalarida ham erkaklardan qolishmay mehnat qilayotgan xotin-qizlarimiz borligidan albatta haqli ravishda faxirlanamiz. Umriga, hayotiga zarracha dog‘ tushirmay sog‘lom turmush tarzi, ibratli va iqtidorli farzandlar tarbiyalab eldan duolar olayotgan, faoliyatidagi yutuqlari, qolaversa Davlatimizning mukofotlarini qo‘lga kiritayotgan, ko‘ksini orden-medallar bezagan onajonlarimiz, opa singillarimizni boshimizga ko‘tarishga tayyormiz. Millatimizning buyuk allomalari xususan Amir Temur hazratlari ham hamisha ulkan yurishlari oldidan ayollaring maslahatini olib mislsiz zafarlar quchganlar.
Yer yuzidagi barcha qalam ahli, shoir-yozuvchilar o‘z asarlarida ayol sha’nini yuksak pardalarda tilga olganlar. Hofizlaru, qo‘shiqchilar, buyuk musavvirlarning shoh asarlari ayollarga bag‘ishlangan. Qolaversa bayram bo‘ladimi, to‘y tomosha bo‘ladimi Siz azizalar hamisha e’zozdasiz.
Shunday ekan 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni, go‘zallik va nafosat bayrami, bahor bayrami bilan barcha-barchangizni, Siz orqali butun tumanimiz xotin-qizlarini tabriklashga ijozat bergaysiz. Siz biringiz ona, biringiz opa- singil, biringiz jon rishtamiz qizimiz bo‘lib xonadonlarimiz, qolaversa qalbimiz obodligi, ruhiyatimiz tetikligini ta’minlab turgan ekansiz, yaxshi o‘g‘il-farzandlar o‘stirib, nomimizni tarixga bitayotgan ekansiz, qirq emas ming joningizni ezgu ishlarga, adog‘i yo‘q turmush tashvishlarga safarbar etayotgan ekansiz, biz erkaklarga tog‘dek tirgak bo‘layotgan ekansiz baxtimizga mudom sog‘-omon bo‘ling deymiz.
Bayramingiz muborak bo‘lsin!