Nurota tumani hokimligi katta majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi tuman hokimligi bilan hamkorlikda “Ilm-fan va qishloq xo‘jaligi integratsiyasi samaradorligi hamda sohaga ilmiy yondashish orqali suvtejamkorligiga erishish istiqbollari” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari, fermerlar va dehqon xo‘jaligi va mahalliy aholi vakillari ishtirok etishdi. Ilmiy-amaliy seminarda Nurota tumani hokimi Azamat Fayziyev so‘zga chiqib, Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi olimlari tomonidan bugungi kunda olib borilayotgan ilmiy-amaliy ishlarida omadlar tiladi.
Seminarda Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev so‘zga chiqib, Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi olimlari tomonidan bugungi kunda olib borilayotgan qishloq xo‘jaligi va ekologiya yo‘nalishlaridagi ilmiy tadqiqotlari ekinlar hosildorligini oshirish, suvtejamkor innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va amaliyotda keng qo‘llashni tashkillashtirishga yo‘naltirilganligini ta’kidladi.
Jumladan, Nurota tumanida Navoiy bo‘limi tomonidan Bolgariyalik hamkor «Paulownia BG» MCHJ bilan birgalikda pavlovniya yetishtirish texnologiyasini transfer qilish va bu tez o‘suvchi daraxtlarni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish bo‘yicha amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Bu maqsadda ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan ilk insonlardan biri innovatsiyalarga befarq bo‘lmagan «Umrbek» fermer xo‘jaligi raisi Umrbek Narzullayev o‘z fermer xo‘jaligining yer fondidan 4 gektar maydonni pavlovniya o‘simligini tajriba tariqasida yetishtirish uchun ajratdi. 2022 yilda ushbu xududda dastlab Bolgariyadan olib kelingan 2000 ta qalamcha va 1000 ta ko‘chat o‘tkazildi.
Bugungi kunda barcha zarur agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida bevosita U.Narzullayev tomonidan bajarilib kelinmoqda, Navoiy bo‘limi olimlari nazoratida, albatta. Shularni e’tiborga olib, «Paulownia BG» MCHJ bosh menedjeri Djan Duralov tomonidan Navoiy bo‘limiga xat bilan murojaat qilib, Muhtaram Prezidentimizning «Inson qadri ulug‘langan yurtning kelajagi buyuk bo‘ladi» degan oqilona so‘zlariga amal qilgan holda Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limining Qishloq xo‘jalik fanlari bo‘yicha “Faxriy professor”i unvonini berish uchun Nurota tumanining fidoiy, oqsoqol fermeri Umrbek Narzullayev nomzodini ko‘rib chiqish uchun tavsiya qildi. Mazkur masala Bo‘lim qoshidagi “Ustoz olimlar va mehnat faxriylari maslahatxonasi”da ko‘rib chiqildi va ma’qullandi hamda Bo‘lim Ilmiy kengashining tegishli qarori qabul qilindi.
Tadbirda tantanali ravishda Umrbek Narzullayevga Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limining Qishloq xo‘jalik fanlari bo‘yicha “Faxriy professor”i unvonini tasdiqlovchi hujjat topshirildi.
Shundan so‘ng, seminarni amaliy qismi boshlandi. Bunda Navoiy bo‘limining “Kimyo texnologiyasi, nanotexnologiyalar va qishloq xo‘jaligi” tarkibiy bo‘limi mudiri Shahnoza Qodirova “Qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirishda bentonit gillari kukunidan foydalanish samaradorligi” mavzusida ma’ruza o‘qidi.
Shuningdek, Navoiy bo‘limining “Chorvachilik gendiagnostikasi laboratoriyasi” mudiri O‘ktam Hakimov “Yaylov chorvachiligida zotlar ixtisoslashuvining seleksion va iktisodiy axamiyati” mavzusida ma’ruza qildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zini qiziqtirgan savollariga javob olish bilan birga tashrif buyurgan mehmonlar hokimlik foyesida Navoiy bo‘limi olimlari tomonidan yaratilgan ishlanmalar bilan tanishdilar.