Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 08.02.2025 18:43

Nurota tumani hokimi A.Fayziyevning hazrat mir Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan tabrik so‘zi

Assalomu alaykum  aziz tumanimiz faollari, adabiyot ixlosmandlari, qadrli mehmonlar!

Buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiy tavalludi munosabati bilan har yili 9 fevral sanasi yurtimizda katta shodiyona sifatida bayramona kayfiyatda nishonlanib kelinadi.

Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutadi. Ulug‘ shoir o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos so‘z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, millionlab kitobxonlar qalbidan munosib o‘rin egallagan.

Buyuk faylasuf va insoparvar shoir Alisher Navoiyning ijodiy merosi nafaqat o‘zbek xalqiga, balki butun dunyoga tegishli noyob boylikdir. Navoiy asarlari XVI asrdayoq italyan va nemis tillariga tarjima qilingan bo‘lsa, bugungi kunda dunyoning deyarli barcha tillarida yangramoqda. Asrlar davomida hayotning o‘ziga xos ensiklopediyasi bo‘lgan uning ijodi millionlab insonlarni hayratga solib, ruhlantirib kelmoqda. Hazrat Alisher Navoiyning ulkan xizmati shundaki, u o‘zbek adabiyotining va o‘zbek adabiy tilining asoschisidir. Navoiy ijodi insoniylik, do‘stlik, muhabbat va sadoqat she’riyatidir. Navoiyning falsafiy qarashlari millatning ma’naviy yuksalishida bebaho manba hisoblanadi.

Hurmatli Prezidentimizning Navoiy viloyatiga tashriflari chog‘ida el-yurtimiz, xususan, Navoiy viloyati ahlining ulug‘ ajdodimiz Alisher Navoiy xotirasiga hurmat-ehtiromi cheksiz ekanligini e’tirof etib: “Buyuk bobomiz nomi bilan ataladigan Navoiy viloyati ma’naviy tarbiya, ma’rifiy yuksalish yo‘lida barchaga o‘rnak va namuna bo‘lishi, ta’bir joiz bo‘lsa, yurtimizning ma’naviy brendiga aylanishi zarur”ligini takidlab o‘tdilar.

Muhtaram yurtboshimiz Navoiy viloyatida 2025 yilni “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilishlari buyuk shoirga yana bir bor ehtirom namunasidir. Shu bois viloyatimizda bo‘lgani singari tumanimizda ham bir qator ishlar amalga oshirildi.

Bu yil doirasida “Hazrat Navoiyni anglash – o‘zligimizni anglash” mavzusida tumanda tanlovlar tashkil etiladi. Har bir mahalla, maktab va mehnat jamoalarida “Navoiyxonlik kechalari” o‘tkazildi va bu yil davomida davom ettiriladi.

“Yashil makon” loyihasi doirasida tumanimizda, qishloqlarida Navoiy bobomizga atab yangi bog‘lar, so‘lim xiyobonlar, yashil hududlar tashkil etilmoqda.

Alisher Navoiy tug‘ilgan kuni – faqat bir tarixiy sana emas, balki ma’naviy kamolot va ma’rifat bayrami sifatida qadrlanadi. Uning adabiy va ma’rifiy merosi har bir avlod uchun ilhom manbai bo‘lib qolishi shubhasiz. Navoiy g‘oyalarini kelajak avlodlarga yetkazish, uning beqiyos ijodiy merosini qadrlash – barchamizning muqaddas burchimizdir.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari! Buyuk bobokalonimizning 584-yillik shodiyonasi barchamizga muborak bo‘lsin.

E’tiboringiz uchun rahmat.