Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 14.01.2025 10:43

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 33 yilligiga bayram tabrigi

Nurota tumani hokimi A.Fayziyevning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 33 yilligi hamda “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan bayram tabrigi


Assalomu alaykum, aziz do‘stlar!

Hurmatli askar va serjantlar, ofitserlar hamda Qurolli Kuchlarimiz faxriylari, qadrli tumandoshlar!

Shu kunlarda barchamiz yana bir qutlug‘ sana – Qurolli Kuchlarimizning 33 yilligi hamda “Vatan himoyachilari kuni”ni “Yangi O‘zbekiston armiyasi-mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” shiori ostida ko‘tarinki kayfiyat, ulkan yutuqlar, ezgu niyatlar bilan qarshi olmoqdamiz.

Fursatdan foydalanib, barcha harbiy xizmatchilar, askar va serjantlar, ofitserlar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylarini hamda ularning oila a’zolarini ushbu qutlug‘ bayram bilan chin qalbimdan samimiy muborakbot etaman.

Qadrli tumandoshlar!

Muhtaram Prezidentimiz, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan “Zamonaviy, qudratli armiya – tinch-osoyishta hayotimizning kafolati” - deya aytgan so‘zlari aziz askar va zobitlar, Qurolli Kuchlarimiz vakillarining yurtimiz mustaqilligini mustahkamlashda, sarhadlarimiz dahlsizligini, tinch va farovon hayotimizni himoya qilishdagi hissalariga berilgan yuksak e’tirof deya bilib, yurt himoyachilari faoliyatining naqadar sharafli ekanligini anglab, qalbimizga ularga nisbatan cheksiz hurmat jo‘sh uradi.

Yurt farzandlari uchun Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat qilish — burch, Vatanni qo‘riqlash — sharaf, askarlik — barkamollik timsoliga aylanishi bilan birga, milliy armiyamiz yoshlarimiz uchun jismoniy toblanish, chiniqish, mahoratini oshirish va yuksak insoniy fazilatlarni mujassam etadigan, ular qalbida sadoqat, jasorat va matonat tuyg‘ularini mustahkamlovchi chinakam hayot maktabiga aylanib bormoqda.

Qadrli harbiy xizmatchilar!

Darhaqiqat, bugungi dunyoning siyosiy va harbiy yo‘nalishlardagi manzarasi, juda xavotirli va tahdidli, qudratli davlatlarning boshqa davlatlarga bosimi har qachongidan kuchaygan davrdir.

Bunday jarayonlarga tayyor turish uchun avvalo, yoshlarni, vatanni sevadigan, uni har bir qarichini hurmat qiladigan, har tomonlama komil insonlar bo‘lib ulg'ayishi har qachongidan muhimligini yurtboshimiz doimo ta’kidlab kelmoqdalar.

Bugungi tinch va osuda hayot kechirishimizda, Siz tarbiya qilgan, Siz ta’lim bergan yurtimiz sarhadlarini sergak, hushyor qo‘riqlayotgan Vatan himoyachilarining juda katta hissasi bor, albatta.

Qadrli tumandoshlar, aziz harbiylar!

Xabaringiz bor, yurtboshimiz tomonidan – harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etildi. Bunday ish usuli joylardagi davlat hokimiyati organlarini mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlashga faol jalb etish uchun imkon berdi. Eng muhimi, “Armiya va xalq – bir tan-u bir jondir” degan ulug‘ g‘oyani amalda ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Ana shunday sa’y-harakatlarimiz natijasida, bugungi kunda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari respublikamiz mustaqilligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishning chinakam kafolati bo‘lmoqda.

Eng asosiysi, milliy armiyamiz har qanday tahdid va xavf-xatarga qarshi munosib zarba bera oladigan el-yurt tayanchi va suyanchiga, yoshlar va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik va sadoqat ruhida tarbiyalashning muhim institutiga aylandi.

Bugun dunyoning olis va yaqin mintaqalarida murakkab mojaro va to‘qnashuvlar davom etayotgan bir paytda jonajon O‘zbekistonimizda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi ishlarimizni yanada samarali tashkil etishimiz shart.

Xususan, mudofaa qobiliyatimizni mustahkamlash, qo‘shinlarni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnikalar bilan ta’minlash, bo‘linmalarni boshqarishda axborot texnologiyalarini keng qo‘llash, jangovar tayyorgarlik va kasbiy mahoratni oshirish – bundan keyin ham ustuvor vazifa bo‘lib qoladi, albatta.

2024 yil dekabr va 2025 yilning yanvar oylarini Respublikamizda “Vatanparvarlik oyligi” deb e’lon qilingan edi, ushbu oylik doirasida tuman hokimligi, tuman mudofaa ishlari bo‘limi, sport bo‘limi hamda yoshlar ishlari tuman bo‘limi ishtirokida umumta’lim maktablari va mahallalarda “Armiya va xalq – bir tan-u bir jondir”, “Kim vatanga sodiq bo‘lsa mendirman o‘sha” degan umumiy shior ostida targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda. Ushbu tadbirlarda, harbiylarning jasurligini namoyish qilgan chiqishlar, harbiy qurol aslaxalarning ko‘rgazmasi va boshqa sport tadbirlari, kelajakda ushbu kasbni egallashni istayotgan yoshlarimiz uchun mahorat maktabi bo‘ldi desak adashmagan bo‘lamiz. Ayniqsa, tumandoshlarimiz chegarachi Jonibek Ashurov hamda milliy gvardiyachi Hazrat Suyunovlarning jasoratlari yoshlarimiz uchun mardlik va jasorat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda. Vatan qahramonlarcha halok bo‘lgan ushbu yigitlarini aslo unutmaydi. 

Hurmatli harbiylar va aziz tumandoshlar!

Fursatdan foydalanib, Sizlarni yana bir bor qutlug‘ sana — Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Sizlarga mustahkam sog‘lik, baxt-u saodat va Vatanimiz tinchligi yo‘lidagi sharafli ishlaringizga omadlar tilayman. Ushbu bayram xonadonlaringizga cheksiz quvonch, fayz-u baraka, farovonlik olib kelsin!

Yurtimiz tinch, hayotimiz farovon, jonajon O‘zbekistonimiz osmoni hamisha musaffo bo‘lsin!

Bayramingiz muborak bo‘lsin!