Assalomu-alaykum qadrli tumandoshlar, tumanimiz mehmonlari,
munis opa-singillar va aziz yoshlar!
Yangi yil kirib kelishiga sanoqli daqiqalar qolgan mana shu fayzli va shukuhli damlarda Siz azizlarni, Sizning timsolingizda oila a’zolaringizni qolaversa barcha tumandoshlarimizni qizg‘in muborakbod etib, barchangizga samimiy mehr va ehtiromimni bildirib, ezgu tilaklarimni izhor etishdan bag‘oyat baxtiyorman.
Ayni mana shunday unutilmas, go‘zal kunda jamuljam bo‘lib turgan Siz aziz tumandoshlarimga kirib kelayotgan yangi yilda xonadonlaringizga shodu- xurramlik, sihat-salomatlik, baxtu-saodat, yangi omadlar olib kelishini, keksayu-yosh, qolaversa har bir tumandoshimizni qalbining to‘rida bo‘lgan eng yorug‘, ezgu-orzu niyatlarini ushalishini chin yurakdan tilab qolaman.
Qadrli tumandoshlar,
Inson qalbidagi orzu-niyatlar ummoni har birimizni ertangi kun umidi bilan yashashga undaydi, ayniqsa, yangi yil ostonasidagi o‘y-xayollar chek-chegara bilmaydi. 2024 yilni tarixga kuzatar ekanmiz, yil davomida el-yurtimiz hayotidagi muhim va unitilmas voqealarni, boshimizdan kechirgan quvonchli kunlarni eslab, boshlanadigan yangi yilda yutuq va muvaffaqiyatlarimiz salmog‘i bundanda yuqoriroq bo‘lishini niyat qilamiz.
Ma’lumki, Nurota tumani mintaqasi o‘zining ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy salohiyati bo‘yicha viloyatimizning o‘ziga xos alohida ahamiyatga ega tumanlaridan biri hisoblanadi.
Istiqlolning ilk kunlaridan e’tiboran mamlakatimizda olib borilgan keng qamrovli islohotlar tufayli barcha hududlarda bo‘lgani kabi Nurota tumani ham har tomonlama rivojlanmoqda, ayniqsa so‘ngi yillarda tumanning me’moriy qiyofasi tubdan o‘zgarib, ko‘rkiga-ko‘rk qo‘shilmoqda, yangi ijtimoiy-madaniy obyektlar, jahon andozalariga mos keladigan mehmonxona, bir-biridan shinam namunaviy loyihalar asosidagi uy-joylar barpo etilib, chekka hududlarimizdagi aholi yashash joylarida bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, qishloqlarimiz tartibga keltirilmoqda.
Muhimi, o‘z hayot yo‘li, mehnat faoliyatini tumanimiz bilan bog‘lagan xalqimizning ongi, shukuhida o‘z mustaqil yurti, jonajon tumanida erishilayotgan yutuqlardan shukronalik hissi yuksalib bormoqda.
Joriy yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari qadimiy Nurotada ham o‘z aksini topganligini, xalq farovonligi va turmush darajasini yaxshilash, farzandlarimizni komil insonlar bo‘lib yetishishlariga zarur shart-sharoitlar yaratib berish hamda ozod va obod Vatanimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga safarbar etish ezgu niyatlarimizga aylanib borayotganligi ko‘z o‘ngimizda yaqqol namoyon bo‘ladi.
Qadrli tumandoshlar,
Tarix zarvaraqlariga muhurlanib borayotgan 2024 yilda tumanimizda amalga oshirilgan ishlar va qo‘lga kiritilgan marralar xususida uzoq to‘xtalib o‘tishimiz mumkin.
O‘tgan yil davomida turli sohlarda qo‘lga kiritgan yutuqlarimiz zamirida avvalo mustaqillik deb atalgan bebaho ne’mat, xalqimizning fidokorona mehnati, uning tobora yuksalib borayotgan ongu tafakkuri, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi, ezgu orzu intilishlari mujassamligini g‘urur va iftixor bilan aytishimiz mumkin.
Bugun mana shu saxovatli zaminda yashayotgan, qaysi kasb egasi, qaysi millat va elat vakili bo‘lmasin, barcha yurtdoshlarimiz Vatanimiz qo‘lga kiritgan yutuqlar, erishayotgan marralarda mening ham munosib mehnatim, munosib hissam bor deb boshini baland ko‘tarib, mag‘rurlanib gapirishga to‘la haqlimiz, bu esa ayni xaqiqat ekanligini xalqimiz ko‘rib ishtirok etib, guvohi bo‘lmoqda.
Aziz tumandoshlar!
Yurtimizni tobora obod bo‘lib, uning qiyofasi butunlay o‘zgarayotganligi, Vatanimizning ildam rivojlanib borishini ta’minlanayotganligi, o‘zgalarning havasini tortayotganligining boisi, avvalambor, mamlakatimizda tinchlik, siyosiy va iqtisodiy barqarorlik, millatlar va fuqarolararo totuvligi, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat hukm surayotganidandir.
Yangi yil 2025-yil “Atrof muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot” yilida oldimizda ezgu orzu niyatlar, qator bunyodkorlik ishlarini amalga oshirishdek, ulkan maqsadlarimiz turibdi.
Ularni amalga oshirish bizning o‘zimizga, mehnatimizga, shijoatimizga bog‘liqdir. Istiqlol yillarida yurtimiz yanada obod va ozod maskanga aylansin. Mehnatkash xalqimiz hayoti farovon, dasturxoni to‘kin bo‘lsin.
Eshik qoqib kirib kelayotgan yangi 2025 yilimiz qadami qutlug‘ kelsin.
Keksalarimzning umri uzoq bo‘lsin, opa singillarimiz chehrasida hech qachon tabassum arimasin, yoshlarimizning baxtu-iqbolini bersin, yangi yilda ham yaratganning o‘zi hammamizni panohida asrasin.
Xonadonlarimizda fayzu-baraka arimasin. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz omon bo‘lsin!
Yangi yil barchangizga yana bir bor muborak bo‘lsin aziz tumandoshlar.