Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 07.12.2024 09:11

Konstitutsiya kuni munosabati bilan bayram tabrigi

Nurota tuman hokimi A.Fayziyevning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi munosabati bilan tuman ahliga bayram tabrigi


Assalomu alaykum, aziz tumandoshlar!

Jonajon yurtimizda har yili barchamiz farovon hayotimizning mustahkam asosi boʻlgan Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunni katta tayyorgarlik va tadorik bilan keng nishonlaymiz.

Zero, Konstitutsiya – baxtimiz qomusi, erkinligimiz va barcha huquqlarimiz kafolati, orzu-umidlarimiz ifodasidir.
Fursatdan foydalanib Siz azizlarni va Sizlar orqali butun tumanimiz ahlini mamlakatimiz siyosiy hayotidagi muhim sana –Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining oʻttiz ikki yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Qadrli tumandoshlar!
Bu yilgi Bosh Qomusimiz qabul qilingan kunga bagʻishlab oʻtkazilayotgan bayram tadbirlarimizning “Konstitutsiya - erkin va farovon hayot garovi!” degan bosh gʻoya ostida nishonlanayotgani barchamizning qalbimizga yuksak gʻurur va iftixor uygʻotadi, albatta.
Darhaqiqat, hayotimiz qomusi boʻlgan Konstitutsiyamiz mustaqillik yillarida erishgan barcha yutuq va marralarimizning mustahkam huquqiy poydevori boʻlib kelayotganini hammamiz yaxshi bilamiz va buni yuksak qadrlaymiz.
Eʼtirof etish kerakki, Yangi Oʻzbekistonimizda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash, tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish va aholi farovonligini yuksaltirishda Bosh qomusimiz muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda, ertangi kunga boʻlgan ishonchni yanada mustahkamlamoqda.

Hurmatli Prezidentimizning taʼbirlari bilan aytganda: “Konstitutsiya milliy davlatchiligimiz, suverenitetimiz, shu kunga qadar erishgan barcha yutuq va marralarimiz, demokratik huquqiy davlat barpo etish yoʻlidagi saʼy-harakatlarimizning mustahkam poydevori hisoblanadi.”

Yurtimizda istiqlol yillarida yuz bergan olamshumul oʻzgarishlar, tinchlik-osoyishtalik, toʻkin va farovon hayotimiz, yoshlarimizning jahon maydonlarida erishayotgan yutuq va gʻalabalari – bularning barchasining muhim kafolati hamda mustahkam huquqiy poydevori, albatta, Konstitutsiyamizdir, desak haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Bugungi kunda Konstitutsiyamiz bilan mustahkamlab qoʻyilgan tamoyillarni amalga oshirish yoʻlidan dadil odimlab borayotganimiz, aholi turmush darajasi va sifatining jadal oʻsib, yurtimiz qiyofasi, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi oʻrni butunlay oʻzgarib borayotgani alohida eʼtirofga loyiqdir.
Zero, soʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekistonimizda asrlarga tatigulik bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi, katta oʻzgarishlar yuz berganiga barchamiz guvohmiz.

Bunday beqiyos oʻzgarishlarni ayni kunlarda tumanimizdagi ulkan bunyodkorlik ishlari, qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar misolida ham koʻrishimiz mumkin.
Birgina, tumanimizda “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan bunyodkorliklar va keng koʻlamli islohotlar fikrimizning yorqin isbotidir, albatta.

Zero, bu kabi erishilayotgan yutuq va muvaffaqiyatlar xalqimizning fidokorona mehnati natijasi hamda Konstitutsiyamiz normalarining hayotimizga toʻliq tatbiq etilayotganidan darak.

Konstitutsiya – bu xalq ruhi, gʻurur-iftixori, xohish-irodasi, kerak boʻlsa, kuch-qudrati va orzu-intilishlarini namoyon etuvchi muhim dasturil-amaldir.
Hurmatli tumandoshlar!

Sizlarni yana bir bor, Bosh Qomusimiz – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi bayrami bilan qutlar ekanman, barchangizga mustahkam sogʻlik, oilangizga tinchlik, ezgu ishlaringizga omad va zafarlar yor boʻlishini tilayman.

Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz omon boʻlsin!