Sizlarni, sizlar orqali barcha tumandoshlarimizni, bugungi ulugʻ ayyom – Oʻzbek tili bayrami hamda oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 35 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 21-oktyabr kungi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq ushbu sana yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” - deb belgilandi.
O‘tgan asr boshlarida ma’rifatparvar jadid bobolarimiz “Tilda, fikrda, ishda birlik” degan ezgu g‘oya asosida maydonga chiqib, xalqimizni mustamlaka zulmidan xalos qilish, uni zamonaviy ilm-fan, kasb-hunar va madaniyatga oshno etish bo‘yicha ulkan ishlarni amalga oshirgan edilar.
Ana shunday mushtarak maqsadlar, umummilliy birlik va ahillik bugun biz uchun har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hozirgi o‘ta keskin va tahlikali zamonda faqatgina shu asosda o‘z milliy manfaatlarimizni qat’iy himoya qilishga, jumladan, ona tilimizni asrab-avaylash va boyitish, uni ilm-fan, iqtisodiyot, ta’lim, tibbiyot, axborot-kommunikatsiya, diplomatiya va boshqa muhim yo‘nalishlarda ta’sirchan muloqot vositasiga aylantirib, taraqqiyot sur’atlariga uyg‘un holda rivojlantirishga, xalqaro nufuzini munosib darajaga ko‘tarishga erisha olamiz.
Binobarin, ulug‘ shoirimiz Erkin Vohidov aytganidek, “Ona tili – umummillat mulki. Demak, til oldidagi mas’uliyat ham umummilliy bo‘lib, bu yolg‘iz tilshunoslarning emas, butun millatning ishi” ekanini doimo yodda tutishimiz lozim.
Qadrli tumandoshlar!
Siz, azizlarni 21-oktаbr – "O‘zbek tili bayrami" bilan yana bir bor samimiy qutlab, barchangizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga tinchlik-omonlik tilayman.
Barchamizga "O‘zbek tili bayrami" kuni qutlug‘ bo‘lsin!
Azamat Fayziyev
Nurota tumani hokimi