Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 15.10.2024 09:46

15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan bayram tabrigi

Assalomu alaykum, munis onaxonlar, qadrli opa-singillar!

Avvalambor, hududlarda qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan, bu yo‘nalishdagi ishlarda jonbozlik ko‘rsatayotgan barcha ayollarni 15-oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman.

BMT Bosh assambleyasining 2007 yil 18 dekabrdagi rezolyusiyasiga asosan 15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni deb e’lon qilingan va ushbu sana 2019 yildan buyon mamlakatimizda keng nishonlanib kelinmoqda.

Ushbu sana respublikamizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy va ishlab chiqarishdagi ulushini oshirish, munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga hamohangdir.

Aziz opa-singillar!

Ayollar sharafiga Tojmahallar qurilgan, bir dona holiga go‘zal shaharlar fido qilingan, shoirlarga eng shoh satrlar ilhomini bergan, hukmdorlarga ulkan shaharlarni obod etish g‘ayratini baxsh etgan ayol zotini ulug‘laydigan kunlarimiz bor bo‘lsin!

Hayotimizga mazmun bag‘ishlaydigan, bizni hamisha odamiylik, mardlik, oliyjanoblik sari chorlaydigan, sabr-toqat, sadoqat sohibasi bo‘lmish ayolning mehr-muhabbati va zahmatini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi.

Farzandlar baxtidan, nuroniy otaxon va onaxonlarning hurmat izzat topishidan, oilaning bekam-ko‘stligidan, yurt tinchligi, Vatan ravnaqi, turmush farovonligidan birinchi navbatda onalar manfaatdordir.

O‘z oilasini, farzandlari tarbiyasini guldek yashnatib qo‘yish barobarida tumanimiz ishlab chiqarishi va ijtimoiy hayoti, boringki, xalq xo‘jaligining barcha sohalarida fidokorona mehnat qilgan va qilayotgan barcha munis ayollarimiz oldida ta’zimdamiz.

Xonadonlarimizning chirog‘i, farzandlarimizning mehriboni, yuraklarimiz qo‘ri, ko‘zlarimizning nuri va g‘ururimiz bo‘lgan Siz ayollarga har qancha ta’zim aylasak kam! Sizning oltin qo‘llaringiz ham beshikni, ham dunyoni tebratadi.

Bugungi bayram hammamizga, har birimizga yangi kuch, yangi g‘ayrat bag‘ishlaydi. Ishonchim komilki, tumanimiz qishloq ayollari o‘zlarining vatanparvarlik harakatlari, yangidan-yangi tashabbuslari bilan jannatmonand yurtimiz ravnaqiga yanada barakali hissalarini qo‘shadilar.

Munis onaxonlar, qadrli opa-singillar!

Tumanimizda istiqomat qilayotgan barcha qishloqdagi mehribon opa-singillarimizga Yaratgandan sihat-salomatlik, oilaviy baxt, ezgu ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman.

Hurmat bilan,

Nurota tumani hokimi A.Fayziev