Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 30.09.2024 17:47

1-Oktyabr “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan Nurota tuman hokimi Fayziyev Azamat Ismatovichning bayram tabrigi

Assalomu alaykum,

hurmatli ustoz va murabbiylar!

1-oktyabr - “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” munosabat bilan, avvalo Sizlarni, Sizlar orqali oʻzining ilmu salohiyatini, kuch-gʻayratini yosh avlodga taʼlim-tarbiya berishdek, sharafli va masʼuliyatli ishga bagʻishlab kelayotgan barcha ustoz va murabbiylarni samimiy muborakbod etaman.

Dunyo tamaddunining beshigi boʻlgan bu muqaddas zamin ne ne buyuk daholarga Vatan boʻldi. Maʼnaviyatimiz buyuk tariximizdan guvohlik beruvchi voqealarni yodga olar ekanmiz, suratli yillardan vatanni, xalqni himoya qilgan mard oʻgʻlonlarning asli nasli ilmu maʼrifat egalari ekaniga amin boʻlamiz.

Ilm-maʼrifat esa qalblarimizga ustoz muallimlarning zaxmati va mashshaqtli mehnati orqali singadi.

Ajdodlarimiz ota-bobolarimizdan meros boʻlgan maʼrifatli boʻlish, maʼnaviyatli boʻlish koʻp jihatdan taʼlim tarbiya beruvchi ustozlarga bogʻliq.

Muallimlikning maʼnaviyatini hech qanday boylik bilan oʻlchab, baholab boʻlmaydi.

Bugun barchamiz uchun eng ulugʻ va eng aziz bayram. Chunki bu kun hammamiz ilk maktab ostonasiga qadam qoʻyganimizda goʻzal tabassum, qalb toʻla mehr, ziyoda nur taratgan koʻzlar bilan qarshi olgan birinchi oʻqituvchimizni eng avval yodga olamiz.

Bizni shu darajaga yetishimizda, Muhtaram Prezidentimizning barcha ustozlarga qaratilgan eʼtiborlari, hurmatlarini yana bir bor taʼkidlab oʻtmoqchiman. Ayniqsa, Prezidentimiz raisligida taʼlimga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektorda ustozlarimizning taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan beminnat xizmatlarini alohida taʼkidlab oʻtganlari bu albatta Siz azizlarga bildirilgan ishonchdir.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan taʼlim sohasiga oid qaror, farmon va farmoyishlar asosan taʼlim tizimida juda koʻplab ishlar amalga oshirish rejalashtirildi va amalga oshirilib kelinmoqda.

Jumladan, umumiy oʻrta taʼlim va maktabgacha taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqish hamda bolalarning toʻliq qamrovini taʼminlash maqsadida bolalarni maktabgacha taʼlim va tayyorlov guruhlari bilan toʻliq qamrab olish, olis va chekka hududlarda joylashgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun bepul avtobuslarni yoʻlga qoʻyish kabi vazifalar koʻrsatib oʻtilgan.

Hurmatli ustoz va murabbiylar!

Oʻqituvchi va muallimlar hamma zamonlarda ham ulugʻ sanalgan. Ayniqsa, bugungi tinch va farovon davrimizda ham oʻqituvchi nufuzini oshirishda katta eʼtibor qaratilmoqda.

Jamiyatda inson kamolotining meʼmori boʻlmish oʻqituvchilar va murabbiylarga yaratilgan imkoniyatlar negizida millatimizning davomchilarini tarbiyalashdek xayrli va ezgu amal mujassam.

Bugun tumanimizdagi taʼlim muassasalarida faoliyat koʻrsatayotgan 1752 nafar oʻqituvchilar, 52 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablari va Barkamol avlod bolalar maktabida faoliyat yuritayotgan tarbiyachi-murabbiylarning farzandlarimizning barkamol inson boʻlib kamol topishlarida fidokorona mehnatlarini eʼtirof etish joizdir.

Qadrli ustozlar, tadbir ishtirokchilari!

Barchangizni kasb bayramingiz bilan qizgʻin muborakbod etib mashaqqatli, lekin sharafli kasblaringizda omadlar tilayman. Barchangizning xonadoningizdan tinchlik, xotirjamlik arimasin. Farzandlaringiz, shogirdlaringiz baxti kamolini koʻrib yurish nasib etsin.

Yana bir bor bayramingiz muborak boʻlsin, aziz ustozlar!