Assalomu alaykum,
Qadrli tumandoshlar!
Bugun navqiron yurtimizning har bir goʻshasida boʻlgani kabi, tumanimizda ham Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining shonli 33 yillik bayramini qalblarda yuksak gʻurur va iftixor, shodlik va surur bilan qarshi olmoqdamiz.
Fursatdan foydalanib, buyuk va jonajon vatanimizning eng ulugʻ va eng aziz ayyomi- Istiqlolimizning qutlugʻ oʻttiz uch yillik bayrami bilan Siz azizlarni, Sizlar orqali butun tumanimiz xalqini chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Oʻtmishga nazar tashlasak, ajdodlarimiz ona Vatan mustaqilligini, mana shu dorilomon kunlarni asrlar osha orzu qilib yashaganini yaxshi bilamiz. Shukrki, mustaqillikka erishib, xalqimizning asriy orzulari ijobat boʻldi. Istiqlol sharofati bilan osmoni musaffo, tinchligi barqaror, jannatmakon va goʻzal diyorda baxtiyor yashamoqdamiz.
Oʻzining necha ming yillik koʻhna tarixiga ega, ne-ne voqealarni boshidan kechirgan xalqimiz uchun mustaqillik zamonlar oʻtsada, oʻz ahamiyati, qadr-qimmati va mohiyatini yoʻqotmaydigan eng aziz va qadrli bayramdir.
Hurmatli Yurtboshimizning “Oradan hali qancha yillar, asrlar oʻtadi. Yurtimizda yangi-yangi avlodlar dunyoga keladi. Milliy davlatchiligimizni tiklab, bizga taraqqiyot va farovonlikka erishish yoʻlida mana shunday beqiyos imkoniyatlarni yaratib bergan istiqlolimiz jonajon Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin, oʻchmas sahifa boʻlib qoladi,” degan soʻzlari barchamizga yangicha kuch va qudrat baxsh etmoqda.
Bu yilgi Istiqlol bayramimizning “Bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak - Vatanmiz!” shiori ostida nishonlanayotgani esa xalqimizga xos boʻlgan bagʻrikenglik, hamjihatlik, mehr-oqibat, ona yurtni sevish va ardoqlash singari yuksak insoniy qadriyatlarni oʻzida ifoda etgani bilan yanada ahamiyatlidir, albatta.
Istiqlolning ilk kunlaridan eʼtiboran mamlakati-mizda olib borilgan keng qamrovli islohotlar tufayli barcha hududlarda boʻlgani kabi Nurota tumanida ham keng koʻlamli bunyodkorlik, obodonchilik ishlari amalga oshirilmoqda.
Mamnuniyat bilan eʼtirof etish kerakki, soʻnggi yillarda tumanimizning meʼmoriy qiyofasi tubdan oʻzgarib, yangi ijtimoiy-madaniy obyektlar, jahon andozalariga mos mehmonxonalar, bir-biridan shinam namunaviy loyihalar asosidagi uy-joylar barpo etilayotgani barchamizning qalbimizga yuksak gʻurur va iftixor bagʻishlaydi.
Birgina joriy yilning oʻtgan davrida tumanimizda qurilish sohasida amalga oshirilgan ishlarga nazar soladigan boʻlsak, bunyodkor xalqimiz tomonidan beqiyos oʻzgarishlar amalga oshirilganiga guvoh boʻlamiz. Xususan, joriy yilda tuman tibbiyot birlashmasining Jarrohlik boʻlimi, tugʻruqxona boʻlimi va yuqumli kasalliklar boʻlimlarida joriy taʼminlash, 1 ta maktab, 3 ta sport obyektlarini yangidan qurish va joriy taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.
Bundan tashqari, 19 kilometr yoʻllarni shagʻallashtirish, 19,3 kilometr yoʻllarga asfalt yotqizish, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash uchun 25,1 kilometr uzunlikda yangi tarmoqlar tortish ishlari yakunlandi.
Hozirgi kunda Qadoq va Boʻston MFYlaridagi 5 ta qishloqlardagi 480 ta xonadonni ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida umumiy qiymati 8 mlrd.soʻm boʻlgan 48 km ichimlik suv tarmogʻini tortish kabi ezgu va xayrli ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.
Xuddi shuningdek, tumanda elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida Jarma MFY hududidagi aholi ehtiyoji uchun Chuya 35 kVli havo tarmogʻiga qoʻshimcha quvvati 2500 kVA boʻlgan nimstansiya qurish, Nurfaxr MFYda joylashgan Oʻzbekiston nimstansiyadagi yuklanish bilan ishlayotgan quvvati 16 000 mValik 2 dona kuch transformatorlarni quvvatini 80 000 mVa ga oshirish ishlari amalga oshirildi.
Shu jumladan, 1143 ta yangi tayanch ustunlarini oʻrnatildi hamda 285 ta eski simyogʻochlarni yangisiga almashtirildi.
Qadirli tumandoshlar,
Farzandlarimizning kelajagi, ularning har tomonlama mukammal boʻlib kamolga yetishi hamisha diqqat-eʼtiborimizdagi masala boʻlib kelmoqda. Qayd etish kerakki, tumanimizda 3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 2017-yilda 21,7 foizni tashkil etgan boʻlsa, maktabgacha taʼlim sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasida oʻtgan davr mobaynida 91 ta yangi davlat, davlat xususiy sherikchiligi hamda uy bogʻchalari tashkil etildi.
Buning natijasida bugungi kunda bolajonlari-mizni maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasi 70,1 foizga yetkazilishiga erishildi.
Mustaqillik yillarida yurtimizning barcha hududlarida boʻlgani singari aholini yashash sharoitlarini yaxshilash, mavjud salohiyat va imkoniyatlardan samarali foydalanish orqali hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, bunyodkorlik ishlarini tashkil etish, zamonaviy arxitektura va qurilish talablari asosidagi yangi infrastrukturaviy, ijtimoiy-madaniy va boshqa obyektlarni barpo etish borasida joylarda keng koʻlamli amaliy ishlar olib borilmoqda.
Bevosita bu kabi ezgu ishlar koʻlami tumanimizda ham yil sayin kengayib borayotgani esa quvonarli holdir, albatta.
Aziz doʻstlar!
Barchamizga yaxshi maʼlumki, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlanishi har bir hududning taraqqiyoti va aholi hayotining farovonligining muhim omili boʻlib xizmat qiladi.
Bugungi kunda Davlatimiz Rahbari tomonidan yurtimizda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish istagida boʻlgan tashabbuskorlar uchun barcha imkoniyat va imtiyozlar yaratib berilmoqda.
Tahlillarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, 2016-yilda tumanimizda faoliyat olib borayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari 514 tani tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunda ular soni qariyb 3,5 barobar koʻpayganligini guvohi boʻlishimiz mumkin.
Albatta, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida qabul qilingan maqsadli dasturlar muhim ahamiyat kasb etayapti.
Prezidentimizning yaqinda tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan ochiq muloqotida belgilagan vazifalar hamda soha ravnaqi yoʻlida taqdim etgan yengillik va qulayliklar tumanimizda ham ishbilarmonlik rivoji yoʻlida yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda, desak ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Qulay va jozibador investitsiyaviy muhit, eksportyor korxonalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarining joriy etilishi esa mahsulotlar eksporti hajmlarining oshishiga, nomenklaturasi va geografiyasi kengayishiga xizmat qilmoqda.
Birgina misol. 2016-yilga nisbatan tumanimizning eksport hajmi 5 baravarga, jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi esa qariyb 12,0 million AQSH dollariga oʻsib, 18 ta xorijiy investitsiyalar asosidagi qoʻshma korxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Albatta, erishayotgan barcha yutuqlarimiz xalqimizning, tumanimiz ahlining fidokorona mehnatlari samarasidir.
Jannatmakon yurtimizda esa xalqimizning fidoyi mehnati esa hamisha davlatimizning, xususan Prezidentimizning eʼtiborlarida boʻlib kelmoqda.
Istiqlol bayrami munosabati bilan Prezidentimizning farmonlariga asosan tumanimizning “Avazsoy” mahallasida yashovchi 90 yoshni qarshilagan Musurmon bobo Hamidovning “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan pillachi” unvoni bilan taqdirlangani, shuningdek, joriy yilda tumanimizdagi yosh musavvir, noyob isteʼdod egasi Shoxrux Suyunovning “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlangani, iqtidorli qizimiz Omonboyeva Meruyert Zulfiya nomida davlat mukofoti sovrindori boʻlganligi barchamizga cheksiz gʻurur va iftixor bagʻishladi.
Bu kabi yutuqlar, shubhasiz, hurmatli Yurtboshimizning Nurota tumaniga alohida eʼtiborlari va amaliy yordamlarining yorqin ifodasi, desak har tomonlama toʻgʻri boʻladi.
Qadrli tumandoshlar!
Soʻnggi yillarda koʻhna va uzoq tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan Nurota tumanida erishilgan yuksak marralar haqida uzoq soʻz yuritishimiz mumkin. Albatta, erishayotgan bu kabi barcha yutuqlarimizning zamirida Mustaqilligimiz bergan imkoniyatlar mujassamligi koʻnglimizni yanada quvonchga toʻldiradi.
Yaratganning nazari tushgan, goʻzal va betakror zaminda tugʻilish, uning bagʻrida kamol topish, mehnat qilish har kimga ham nasib etavermaydi. Ana shu haqiqat aziz yoshlarimizni qalbidan, yuragidan chuqur joy olishini, Vatan sevgisi, Vatanga sadoqat tuygʻusi ularga umurbod yor boʻlishini istardim.
Fursatdan foydalanib, Sizlarni va Sizlar orqali barcha tumanimiz ahlini yana bir bor eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz - Istiqlolimizning 33 yilligi bilan muborakbod etaman.
Sizlarga mustahkam sogʻlik, baxtu saodat, Vatanimiz ravnaqi va xalq farovonligi yoʻlida amalga oshirayotgan ezgu ishlaringizga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Mustaqillik nashidasi har bir inson qalbini nurlarga toʻldirsin. Mamlakatimiz taraqqiyotning oydin yoʻlidan yuksaklik sari dadil odimlayversin!
Mustaqilligimiz abadiy boʻlsin! Jannatmakon yurtimizga koʻz tegmasin!
Bayramingiz muborak boʻlsin!