Oʻzbekiston Respublikasi Oila Kodeksning 23-moddasiga koʻra, er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, boʻlajak er-xotinning umumiy mablagʻlari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol koʻrsatilmagan boʻlsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.
Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari jumlasiga (er va xotinning umumiy mol-mulkiga) er va xotin har birining mehnat faoliyatidan, tadbirkorlik faoliyatidan va intellektual faoliyat natijalaridan orttirgan daromadlari, ular tomonidan olingan pensiyalar, nafaqalar, shuningdek maxsus maqsadga moʻljallanmagan boshqa pul toʻlovlari (moddiy yordam summasi, mayib boʻlish yoki salomatligiga boshqacha zarar yetkazish oqibatida mehnat qobiliyatini yoʻqotganlik munosabati bilan yetkazilgan zararni qoplash tarzida toʻlangan summalar va boshqalar) kiradi. Er va xotinning umumiy daromadlari hisobiga olingan koʻchar va koʻchmas ashyolar, qimmatli qogʻozlari, paylari, omonatlari, kredit muassasalariga yoki boshqa tijorat tashkilotlariga kiritilgan kapitaldagi ulushlari hamda er va xotinning nikoh davomida orttirgan boshqa har qanday mol-mulklari, ular er yoki xotindan birining nomiga rasmiylashtirilgan yoxud pul mablagʻlari kimning nomiga yoki er va xotinning qaysi biri tomonidan kiritilgan boʻlishidan qatʼi nazar, ular ham er va xotinning umumiy mol-mulki hisoblanadi.
Amaliyotda sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan taraf, asosan er turmush oʻrtogʻining ishlamaganligini, ish haqi olmaganligini, barcha mulklar oʻzining mablagʻi hisobidan olinganligini bayon qilib, mol-mulkni boʻlishni inkor etadi.
Ammo, qonunchilikka koʻra er va xotindan biri uy-roʻzgʻor ishlarini yuritish, bolalarni parvarish qilish bilan band boʻlgan yoki boshqa uzrli sabablarga koʻra mustaqil ish haqi va boshqa daromadga ega boʻlmagan taqdirda ham er va xotin umumiy mol-mulkka nisbatan teng huquqqa ega boʻladi.
Er va xotin ularning birgalikdagi umumiy mulki boʻlgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etishda teng huquqlarga egadir.
Bu teng huquqlilik, er va xotindan birining umumiy mol-mulkini tasarruf etishi bilan bogʻliq bitim tuzilganda bu harakat boshqasining roziligiga koʻra amalga oshirilayotganligini anglatadi.
Er-xotindan birining umumiy mol-mulkni tasarruf etish yuzasidan amalga oshirgan bitimi boshqasining bunga roziligi boʻlmaganligi sababligina bildirgan talabiga binoan va faqat bitimni amalga oshirgan ikkinchi tomon amalga oshirilgan bitim yuzasidan er (xotin) rozi emasligini oldindan bilgani yoki bilishi lozim boʻlganligi isbotlangan hollarda sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Er (xotin) oʻzining nomiga rasmiylashtirgan umumiy koʻchmas mol-mulkni tasarruf etish boʻyicha bitim tuzishi uchun xotin (er)ning notarial tartibda tasdiqlangan roziligini olishi lozim.
Koʻrsatilgan bitimni tuzishga notarial tartibda tasdiqlangan roziligi olinmagan er yoki xotin mazkur bitim amalga oshirilganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan boshlab bir yil davomida bu bitimni sud tartibida haqiqiy emas deb topishni talab qilishga haqlidir.
Oila kodeksining 25-moddasiga koʻra, er va xotinning nikohga qadar oʻziga tegishli boʻlgan mol-mulki, shuningdek ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olgan mol-mulki ulardan har birining oʻz mulki hisoblanadi.
Nikoh davomida er-xotinning umumiy mulki yoki ulardan har birining mol-mulki yoxud er va xotindan birining mehnati hisobiga mol-mulkning qiymati ancha oshishiga olib kelgan mablagʻlar (kapital taʼmirlash, qayta qurish, qayta jihozlash va boshqalar) qoʻshilgani aniqlansa, er yoki xotindan har birining mol-mulki ularning birgalikdagi mulki deb topilishi mumkin.
Oila kodeksining 26-moddasiga koʻra, qimmatbaho buyumlar va zebu-ziynatlardan boshqa shaxsiy foydalanishdagi buyumlar (kiyim-bosh, poyabzal va boshqa shu kabilar), garchi nikoh davomida er va xotinning umumiy mablagʻi hisobiga olingan boʻlsa ham, ulardan foydalanib kelgan er va xotinning xususiy mulki hisoblanadi.
Er va xotinning umumiy mol-mulkini boʻlish er va xotindan birining talabiga koʻra, ular nikohda boʻlgan davrda ham, nikohdan ajralishgandan keyin ham, shuningdek kreditor er va xotindan birining umumiy mol-mulkdagi ulushiga undiruvni qaratish uchun umumiy mol-mulkni boʻlish talabi bilan arz qilgan hollarda amalga oshirilishi mumkin.
Er va xotinning umumiy mol-mulki er va xotin oʻrtasida oʻzaro kelishuv asosida boʻlib olinishi mumkin. Er va xotinning xohishi bilan ularning umumiy mol-mulkni boʻlish toʻgʻrisidagi oʻzaro kelishuvi notarial tartibda tasdiqlanishi mumkin.
Nizo tugʻilgan hollarda er va xotinning umumiy mol-mulkini boʻlish, shuningdek er va xotinning bu mol-mulkdagi ulushini aniqlash sud tartibida amalga oshiriladi.
Umumiy mol-mulkni boʻlishda sud er va xotinning har biriga mulkning qaysi qismi berilishi lozimligini aniqlaydi. Er (xotin)ga unga qarashli ulushdan oshiq qiymatga ega boʻlgan mol-mulk beriladigan hollarda, xotin (er)ga tegishli pul yoki oʻzga kompensatsiya belgilanishi mumkin.
Oilaviy munosabatlar tugatilganda, sud er va xotin alohida yashagan davrda orttirgan mol-mulkni ulardan har birining oʻz mulki deb topishi mumkin.
Voyaga yetmagan bolalar ehtiyojini qondirish uchun olingan buyumlar (kiyim-bosh, poyabzal, maktab va sport jihozlari, musiqa asboblari, bolalar kutubxonasi va boshqalar) boʻlinmaydi hamda bolalar er va xotindan qaysi biri bilan yashasa, unga kompensatsiyasiz beriladi.
Er va xotinning umumiy mol-mulki hisobidan oʻrtadagi voyaga yetmagan bolalar nomiga qoʻyilgan omonatlar oʻsha bolalarga tegishli hisoblanib, er-xotinning umumiy mol-mulkini boʻlish paytida eʼtiborga olinmaydi.
Er va xotinning umumiy mol-mulki ular nikohda turgan davrda boʻlingan taqdirda, er va xotin mol-mulkining boʻlinmay qolgan qismi, shuningdek er va xotin tomonidan ular nikohda turgan davrda orttirilgan mol-mulk keyinchalik ularning birgalikdagi umumiy mulkini tashkil qiladi.
Fuqarolik ishlari boʻyicha
Navbahor tumanlararo sudi raisi A.Hamrayev