Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 31.07.2024 12:15

Farzandlikka olish tartibi va asoslari

Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksida konstitutsiyaviy normalarga muvofiq bolaning oilada tarbiyalanishi oila qonunchiligining ustuvor tamoyillaridan biri sifatida tan olingan.
Milliy qonunchiligimizda farzandlikka olish institutining joriy qilinganligi ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning huquqlarini himoya qilishning mustahkam poydevoridir.
Ilgari bolalar tuman va shahar xokimining qaroriga muvofiq farzandlikka berilgan boʻlsa, endi bolani farzandlikka olishni istagan shaxslarning arizasiga koʻra, vasiylik va xomiylik organining farzandlikka olishning asosliligi va farzandlikka olinayotgan bolaning manfaatiga toʻgʻri kelishi haqidagi xulosasi hisobga olingan holda sud tomonidan farzandlikka beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 151-moddasiga koʻra, farzandlikka olishga faqat voyaga yetmagan bolalarga nisbatan va faqat ularning manfaatlarini koʻzlab yoʻl qoʻyiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining arizalari boʻyicha farzandlikka olish haqidagi ishlar farzandlikka olinayotgan bolaning yashash yoki turgan joyidagi fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlari sudloviga taalluqli.
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida doimiy yashab kelayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, shuningdek qayerda doimiy yashayotganliklaridan qatʼi nazar chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning farzandlikka olish haqidagi arizalari farzandlikka olinayotgan bolaning yashash yoki turgan joyidagi tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi fuqarolik ishlari boʻyicha sudiga, fuqarolik ishlari boʻyicha viloyatlar yoki Toshkent shahar sudi sudloviga taalluqli.
Farzandlikka olish toʻgʻrisidagi ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksida nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha alohida ish yuritish tartibida farzandlikka oluvchilar (oluvchi), vasiylik va xomiylik organlari vakillari, shuningdek prokuror ishtirokida sud tomonidan koʻrib chiqiladi.
Qonunchilikka koʻra bu toifadagi ishlar sudlarda yopiq sud majlisida koʻriladi va ishga aloqador boʻlmagan shaxslarning sud majlisiga kirishiga ruxsat berilmaydi. Sud majlisida ishtirok etgan shaxslar farzandlikka olish sirini qonunda belgilangan tartibga zid ravishda oshkor qilsa jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantiriladi.
Fuqarolik ishlari boʻyicha Navbahor tumanlararo sudida 2024-yil 6 oy davomida farzandlikka olish bilan bogʻliq 20 ta ishlar koʻrilib, shundan 18 tasi qanoatlantirilgan, 2 tasi rad qilingan.
Aksariyat arizalar qanoatlantirilgan boʻlsada, qonunchilikda farzandlikka olishni istisno etuvchi holatlar ham mavjud boʻlib, ushbu holatlar Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 152-moddasida koʻrsatilgan.

Fuqarolik ishlari boʻyicha
Navbahor tumanlararo sudi raisi A.Hamrayev