Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 14.01.2024 12:05

Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi


Nurota tumani hokimi A.Fayziyevning Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarining 32 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi

Assalomu alaykum, aziz doʻstlar!

Hurmatli Qurolli Kuchlarimiz faxriylari, qadrli tumandoshlar!

Siz azizlarni, sizlar orqali butun tumanimizning oʻz hayotini Vatanni himoya qilishdek eng ulugʻ va olijanob ishga bagʻishlagan mard, jasur posbonlarini Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!

Qadrli tumandoshlar, aziz harbiylar!

Xabaringiz bor Muhtaram yurtboshimiz tomonidan – harbiy-maʼmuriy sektorlar tashkil etildi. Bunday ish usuli joylardagi davlat hokimiyati organlarini mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlashga faol jalb etish uchun imkon berdi. Eng muhimi, “Armiya va xalq – bir tan-u bir jondir” degan ulugʻ gʻoyani amalda taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Ana shunday saʼy-harakatlarimiz natijasida, bugungi kunda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari respublikamiz mustaqilligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishning chinakam kafolati boʻlmoqda.

Eng asosiysi, milliy armiyamiz har qanday tahdid va xavf-xatarga qarshi munosib zarba bera oladigan el-yurt tayanchi va suyanchiga, yoshlar va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik va sadoqat ruhida tarbiyalashning muhim institutiga aylandi.

Bugun dunyoning olis va yaqin mintaqalarida murakkab mojaro va toʻqnashuvlar davom etayotgan bir paytda jonajon Oʻzbekistonimizda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash borasidagi ishlarimizni yanada samarali tashkil etishimiz shart.

Xususan, mudofaa qobiliyatimizni mustahkamlash, qoʻshinlarni zamonaviy qurol-yarogʻ va texnikalar bilan taʼminlash, boʻlinmalarni boshqarishda axborot texnologiyalarini keng qoʻllash, jangovar tayyorgarlik va kasbiy mahoratni oshirish – bundan keyin ham ustuvor vazifa boʻlib qoladi, albatta.

Aziz Vatan himoyachilari!

Fursatdan foydalanib, Sizlarni yana bir bor milliy armiyamiz saflarida yigitlik burchini ado etayotgan, oʻzining sharafli va masʼuliyatli harbiy burchini bajarishda fidoyilik koʻrsatayotgan barcha harbiylarni, mard va jasur oʻgʻlonlarni yana bir bor Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayrami bilan chin dildan tabriklayman.

Sizlarga mustahkam sogʻlik, baxtu saodat va Vatanimiz tinchligi yoʻlidagi sharafli ishlaringizga omadlar tilayman. Ushbu bayram xonadonlaringizga cheksiz quvonch, fayzu baraka, farovonlik olib kelsin!

Yurtimiz tinch, hayotimiz farovon, jonajon Oʻzbekistonimiz osmoni hamisha musaffo boʻlsin!

Bayramingiz muborak boʻlsin!