Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 07.12.2023 21:03

Tuman aholisiga bayram tabrigi

Nurota tuman hokimi A.Fayziyevning Konstitutsiya bayramining 31- yilligi munosabati bilan bayram TABRIGI


Qadrli tumandoshlar, shahrimiz mehmonlari!

Bugun biz mamlakatimizning eng ulugʻ bayrami  Oʻzbekiston Respublikasining barpo etilishida mustahkam poydevor boʻlib kelayotgan asosiy Qonunimiz Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 31-yillik shodiyonasini keng nishonlamoqdamiz.

Avvalambor Siz azizlarni, sizlar orqali butun tumanimiz aholisini Qomusimiz qabul qilinganligining 31-yilligi bilan muborakbod etaman.

Tom maʼnodagi tarixiy bu sanani har safar bayram qilar ekanmiz, Konstitutsiyamiz qabul qilinishi bilan biz Oʻzbekiston kelajagini, yangidan barpo etilayotgan davlatchiligimizning chuqur mazmuni, xalqaro hamjamiyatdagi oʻrni va nufuzini tubdan oʻzgartirib yuborgan, mamlakatimizni isloh etish va modernizatsiya qilishning pirovard maqsadlarini aniq-ravshan belgilab olganimizni haqli ravishda yuksak baholay olamiz.

Barchamizga maʼlumki yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 2023-yil 30-aprel kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berishi orqali qabul qilindi.Yangi Konstitutsiyamiz 6-boʻlim, 27-bob va 155-moddadan iborat. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning aynan birinchi moddasida Oʻzbekiston- suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat deya eʼtirof etilgan. Muayyan vaqt oʻtishi bilan har qanday qonun hujjatlarini zamon bilan hamnafas tarzda jamiyatning turmush tarziga moslashtirish zaruriy ehtiyojga aylanadi. Xususan Oʻzbekiston Respublikasida ham ushbu jarayonlar amalga oshirildi.

Yurtimizda 2023-yil 30-aprel kuni oʻtkazilgan referendumda yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi tomonidan yoqlab ovoz berish orqali qabul qilinganligi unda xalqimizning Yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha orzu-umidlari va intilishlari oʻz aksini topganligidan dalolat bermoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi Oʻzbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi.

Mamlakatimizning bosh Qomusini yangi tahrirda jamiyat hayotiga tatbiq etish fuqarolarimizning farovon turmush tarziga xizmat qilmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya uchun kiritilgan oʻzgarish va yangiliklar yuzasidan xalqimizning fikr-mulohazalari oʻrganildi. Jarayonda fuqarolarimizning ham taklif tavsiyalari inobatga olinish bilan birga, rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasi ham eʼtibordan chetda qolmadi.

Konstitutsiyaning oʻziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, u oʻzida nafaqat huquqiy va siyosiy fikrlashning oliy yutuqlarini, balki boy tarixiy tajribani ham mujassamlashtiradi. Uni ishlab chiqishda oʻzbek xalqining chuqur huquqiy-tarixiy anʼanalari alohida ahamiyat kasb etadi. Har qanday qonun, ayniqsa, konstitutsiyadek bosh qonun, agar xalqning tarixiy qadriyatlari, milliy urf-odatlari, asrlar davomida shakllangan eʼtiqodlarini oʻzida yetarli darajada aks ettirmasa, uning hayoti qisqa boʻladi, u jamiyat uchun xizmat qilmaydi. Har qanday qonun hujjati xalq manfaatlari va mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilishi lozim.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning asosiy mexanizmi inson qadriga xizmat qilish uchun muvofiqlashtirildi. Konstitutsiyada davlat faoliyati qonun ustuvorligi, qonuniylik prinsipi asosida amalga oshirilishi belgilab berilgan. Konstitutsiyaning 1-moddasida Oʻzbekistonning huquqiy davlat etib belgilanishi barchaning qonun oldida tengligini va qonundan hech kim ustun emasligini taʼminlash, insonlar ongiga, davlat organlarining xalqqa xizmat qilishi uchun mustahkam asos boʻldi.

Huquqiy jamiyatda barcha davlat organlari, mansabdor shaxslar, fuqarolar konstitutsiyaviy norma va prinsiplarga ogʻishmay amal qiladi. Demokratik davlat Konstitutsiyasining eng asosiy xususiyatlaridan biri uning oliy yuridik kuchga ega ekanligidadir. Shu bois yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 15-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi”, deb belgilab qoʻyilgan. Konstitutsiya qonunchilik tizimidagi barcha huquqiy hujjatlar ichida eng yuqori oʻrinda turadi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlardan ustundir.

Bosh qomusimizning asosiy prinsiplarini davlat suvereniteti, xalq hokimiyatchiligi, Konstitutsiya va qonunning ustunligi, tashqi siyosat tashkil etadi.

Mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari qadimiy Nurotada ham oʻz aksini topib, xalq farovonligi va turmush darajasi yaxshilanmoqda. Komil insonnni, farzandlarimizni tarbiyalash, Ozod va obod Vatanga bunyodkorlik ishlariga safarbar etish ezgu niyatlarimizga aylanmoqda.

Albatta, bugun biz yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar va qoʻlga kiritilayotgan yuksak marralar xususida uzoq toʻxtalib oʻtishimiz mumkin.

Biz qoʻlga kiritayotgan bu yuksak marralarning ildizi, zamini nimada degan savolga har birimiz xech ikkilanmasdan, bularni barchasining zamirida avvalo mustaqillik deb atalgan bebaho neʼmat, xalqimizning fidokorona mehnati, uning tobora yuksalib borayotgan ongu tafakkuri, ertangi kunga boʻlgan ishonchi, ezgu orzu-intilishlari mujassam deb katta gʻurur va iftixor bilan aytishimiz tabiiydir.

Qadrli tumandoshlar!

Yangi Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qoʻymoqdamiz.

Oldimizda yuksak ezgu orzu niyatlar, qator bunyodkorlik ishlarini amalga oshirishdek ulkan maqsadlarimiz turibdi. Ularni amalga oshirish bizning oʻzimizga, mehnatimizga, shijoatimizga bogʻliqdir.

Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, masʼuliyatli va sharafli mehnat faoliyatingizda ulkan zafarlar, xonadonlaringizga qut-baraka va xotirjamlik hamisha yor boʻlishini tilayman.

Bugun katta bayram sifatida nishonlanayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yillik shodiyonasi yana bir bor barchangizga muborak boʻlsin azizlar!