Assalomu alaykum, qadrli shifokorlar va tibbiyot sohasining fidoyilari!
Barchamizga maʼlumki, 2006-yil 12-sentyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Tibbiyot xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi mamlakatimizda “Tibbiyot xodimlari kuni” bayrami sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.
Fursatdan foydalanib, fidokorona mehnati bilan xalqimizga mustahkam sihat-salomatlik ulashib kelayotgan Siz aziz tibbiyot xodimlarini va sizlar orqali tumanimizning barcha soha fidoiylarini bugungi kasb bayrami – “Tibbiyot xodimlari kuni” bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Xalqimiz sizlarni dunyodagi eng ulugʻ kasb egalari, muqaddas qasamyodiga sodiq, oʻz ishiga fidoyi insonlar deb biladi va mashaqqatli mehnatingizni yuksak qadrlaydi.
Shifokorlik kasbi – eng mashaqqatli va shu bilan birga sharafli kasblardan biri hisoblanadi. Chunki, sizning mahoratingiz, malaka va masʼuliyatingiz insonlarning hayoti va taqdirida muhim oʻrin egallaydi. Jamiyatimizning barcha sohalari qatorida, mamlakatimizda ham tibbiyotning rivojlanishi, xalqimizning sifatli tibbiyot xizmatlaridan foydalanishlari, shifokorlarning bilim, koʻnikmalari, mahoratlarini oshirishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib kelinmoqda.
Hurmatli soha xodimlari!
Bunday ulkan vazifalar va masʼuliyat oldida turgan siz azizlarni, oʻz kasbiga fidoyi boʻlgan kasb egalarini yana bir bor “Tibbiyot xodimlari kuni” bayrami bilan chin yurakdan samimiy tabriklab, xalq salomatligi yoʻlidagi ishlaringiz hamisha bardavom boʻlishini tilayman!
Hurmatingiz doim baland, sogʻligingiz hamisha mustahkam boʻlsin!
Kasb bayramingiz muborak boʻlsin aziz shifokorlar!