Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 23.10.2023 19:49

Ovqatdan zaharlanish, xususan Botulizm kasalligi nimasi bilan xavfli? Bu kasallikni davo choralari qanday?

Organizmga ovqat orqali mikroorganizmlar, toksik elementlar yoki zaharli moddalarni tushishi oqibatida kelib chiqadigan kasalliklar ovqatdan zaharlanish deyiladi.

Qish va erta bahor fasllarida aholi o‘rtasida xonadon sharoitida tayyorlangan, sifati kafolatlanmagan konserva mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida ovqatdan zaharlanish – botulizm kasalligi uchrab turadi.

Botulizm o‘zi nima?

Botulizm ovqatdan zaharlanishning bir muncha og‘ir va asorat qoldirishi bo‘yicha ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan turi hisoblanadi. Kasallik qo‘zg‘atuvchisi kislorodsiz sharoitda rivojlanadi va o‘zidan zahar ishlab chiqaradi. Konserva mahsulotlari tayyorlashda zarur texnologik jarayonlar, ya’ni konserva zavodlaridagi kabi yuqri bosim ostida, 120-125 gradus issiqlikda o‘tkaziladigan sterilizatsiya jarayonini uy sharoitida bajarib bo‘lmaydi.

Garchan botulizm qo‘zg‘atuvchilari kislorodli sharoitda nobud bo‘lsa-da, botulizm bilan zararlangan mevalar, sabzavotlar, qo‘ziqorin konserva mahsulotlari ochilganda  ular ishlab chiqargan zahar saqlanib qoladi. Zaharga tashqi muhit omillari ta’sir etmaydi.

Mahsulot sifati buzilganini qanday bilamiz?

Botulizm kasalligining qo‘zg‘atuvchilari bilan zararlangan kompot va boshqa konserva mahsulotlarining tashqi ko‘rinishi, ta’mida deyarli o‘zgarish kuzatilmaydi.

 Botulizm bilan kasallangan odamda kasallik belgilari ikki soat o‘tib, yoki sakkiz-o‘n kun davomida paydo bo‘ladi. Zahar asosan markaziy nerv tizimini falajlaydi, natijada nafas olish qiyinlashadi, holsizlik, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, qorin sohasida og‘riq kuzatiladi. Jismlar ko‘ziga ikkita bo‘lib ko‘rinishi (diplopiya), ko‘z qovoqlarini osilib qolishi (ptoz), yutish qiyinlashishi va gapirish qobiliyati pasayishi, bo‘yin va oyoq mushaklari zaiflashishi kasallikning klinik belgilari hisoblanadi.

Zaharga qarshi qo`llaniladigan zardob qanday samara beradi?

Kasallikni uy sharoitida o‘z bilganicha davolash qat’iyan man etiladi. Botulizmdan zaharlanish sodir bo‘lganda, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish zarur. Hozirda tibbiyotda zaharga qarshi maxsus zardoblar mavjud bo‘lib, bemorga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilsa, bu holat asoratsiz kechishi mumkin.

Aksariyat kasalliklar singari botulizmning oldini olish ham insonning o‘ziga bog‘liq.

Bugungi kun tibbiyoti xonadon sharoitida kompot, bodring, pomidor, pattison marinadlari, baqlajon ikrasi va boshqa konserva mahsulotlarini tayyorlashni ta’qiqlaydi.

Agar oila a’zolaringiz, farzandlaringiz sog‘lom bo‘lishini istasangiz, uy sharoitida banka yopmang! Ayniqsa, bozorlar, ko‘cha-kuylardagi noqonuniy ravishda sotilayotgan konservalangan mahsulotlarini xarid qilmang!

Shuni unutmaslik kerakki, avvallari ham onalarimiz uy sharoitida pomidordan qoqi, uzum, shaftoli, o‘rik, behi kabi mevalardan esa murabbo, bodring, pomidor, karamdan esa sirli idishlarda tuzlamalar tayyorlashgan. Bu holda tayyorlangan qiyom va tuzlamalarni iste’mol qilish xavfsiz hisoblanadi.

Bugun yurtimizdagi qaysi bir savdo majmuasi va bozorga kirsangiz, belgilangan talablar asosida ishlab chiqarilgan kompot va boshqa konserva mahsulotlarining barcha turlari bisyor. Ushbu mahsulotlarning sifati sertifikatlar bilan kafolatlangan.                                

Unutmang, har birimiz o‘zimiz va oila a’zolarimiz salomatligi uchun mas’ulmiz!