Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 24.08.2023 10:00

II-ustozlar milliy forumi ishtirokchilariga

NUROTA TUMAN HOKIMI A.FAYZIEVNING 2-USTOZLAR MILLIY FORUMI ISHTIROKCHILARIGA TABRIGI


Assalomu alaykum, hurmatli mehmonlar, forum  ishtirokchilari!

Aziz oʻqituvchilar, fidoiy ustozlar, tarbiyachi va faxriylar!

Ushbu muhtasham zalda toʻplangan tumanimizning faol va tashabbuskor, eng ilgʻor ustozlarimizni ikki kun davom etadigan “Sifatli ta’lim – kuchli jamiyat” shiori ostida tashkil etilayotgan “2-Ustozlar milliy forumi” bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Sizlarni ma’naviyat va ma’rifatga beshik boʻladigan, ma’rifat, ziyo ulashuvchi ustozlarni bir joyga jamlagan ushbu muhtasham koshonada koʻrib turganimdan xursandman.

Muhtaram yurtboshimizning: “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi”, degan soʻzlari bugun naqadar dolzarb ekanligini davrning oʻzi isbotlab turibdi. Barchamizga ma’lumki, har bir davlatning barqaror taraqqiyoti hamda rivojlanishi inson omiliga, xususan, yosh avlodning bilimi, ijodiy va ma’naviy salohiyatiga bogʻliq.

Shu oʻrinda hurmatli Prezidentimiz “Najot ta’limda, najot tarbiyada, najot bilimda” degan shior asosida ta’lim tizimini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylandi. Yurtimizda mutlaqo yangicha qiyofa, mazmun va shakldagi zamonaviy Prezident maktablari, ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar barpo etilmoqda.

Xususan, tumanimizda soʻnggi uch yilda maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 13 tadan 7 taga koʻpayib 20 taga yetdi, qoʻshimcha 1258 nafar 3-7 yoshli bolalar maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishga yoki qamrov darajasini 10 foizga oshishiga erishildi.

Huddi shuningdek, 10 ta umumta’lim maktablarida qoʻshimcha bino qurilib, 1800 nafar oʻquvchi oʻrni yangidan yaratilib, 14 mingga yaqin oʻquvchilarning ta’lim olishiga erishildi.

Shu oʻrinda alohida qayd etib oʻtmoqchimanki, 2023-yilda tumanimizdagi 53 ta maktablarni 793 nafar yigit-qizlarimiz bitirdi. Shundan 64 nafar oʻquvchi oltin va 8 nafari kumush medallar bilan yakunladi. Ayni paytgacha bitiruvchilarimizning 14 nafari dunyo mamlakatlari va Oʻzbekistonning top-universitetlari va institutlariga turli yoʻnalishlar boʻyicha muddatidan oldin talaba boʻlish baxtiga musharraf boʻldi. Ishonamizki, joriy yildagi natijalarimiz oʻtgan oʻquv yilidan yuqori boʻladi. Sohada jonkuyarlik bilan, butun vujudi va qalb qoʻrini bagʻishlab faoliyat yuritayotgan 2 mingga yaqin pedagoglarimizga ham kezi kelganda yil davomida qilgan zahmatli va sharafli mehnatlari uchun tashakkur bildiramiz.

Joriy oʻquv yilida boʻlib oʻtgan umumta’lim fanlari boʻyicha respublika fan olimpiadasida 6 nafar oʻquvchimiz munosib ishtirok etib, tumanimiz sharafini munosib himoya qildi.

Bundan tashqari, Nurota tumanidagi 34-umumta’lim maktabi oʻquvchilari “Quvnoqlar start”lar musoboqasining viloyat bosqichida ishtirok etib 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Shu oʻrinda tumanimizdagi bir qator maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim muassasalarning mukammal ta’mirlanayotgani, yangidan qurilayotgani va rekonstruksiya qilinayotgani ham ta’lim sifati va mazmuniga hamohang boʻlishini ta’kidlab oʻtmoq joiz.

2023-yil maktabgacha va maktab ta’limi tizimida 1 ta umumta’lim maktabda (27-maktab) Investitsiya dasturi asosida qoʻshimcha bino  qurilib  220 ta oʻquvchi oʻrni yaratildi.

Har gal yoshlarga bilim beradigan, qalb qoʻri, koʻz nuri va hayotini ta’limga baxshida etgan Siz aziz ustozlar bilan uchrashganimizda, sizlarning gʻayratingiz, shijoatingizdan kuch olamiz, ruhiyatimiz yuksaladi. Hammangiz va har biringiz Vatanimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qilish orzusi bilan yashayotganingizni yaxshi bilamiz. Siz azizlarni Oʻzbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida yuksak qadrlaymiz.

Sizlar koʻp kitob oʻqigan, bilimli avlod vakillari sifatida yurtimiz oʻtmishda jahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri boʻlganini yaxshi bilasiz. Siz – Xorazmiylar, Fargʻoniylar, Beruniy va Ibn Sinolar, Ulugʻbek, Navoiy va Boburlar, Buxoriylar va Termiziylar ishini sidqidildan davom ettirib, Vatan kelajagi, ertamiz egalari boʻlgan yoshlarga dunyoviy bilimlarni, fan sirlarini bekamu koʻst, toʻlaqonli yetkazib berishga bel bogʻlab, bu sharafli ishni azmu shijoat bilan ado etmoqdasiz. Ana shunday buyuk vatandoshlarimiz yaratgan bebaho bilim va kashfiyotlar bugun ham insoniyatga beqiyos xizmat qilmoqda.

Kezi kelganda yana bir muhim jihatni ta’kidlab oʻtishni ustozlarga hurmatim belgisi sifatida qabul qilasizlar. Oxirgi  yillarda ustozlarimizning tarmoq mukofotlari bilan taqdirlanayotganligi oʻqituvchilarning jamiyatdagi mavqyei oshib borayotgani, Davlat rahbari tomonidan pedagoglarga qaratilayotgan e’tibor va e’zozning yorqin namunasidir.

Vatan kelajagini yaratib beruvchi zahmatli kasb egalari!

Millat taraqqiyotiga munosib ulush qoʻshayotgan hurmatli ustozlar!

Bahamjihat, doʻstlik va qardoshlik rishtasini mahkam tutib, tadbirni yuqori saviyada oʻtkazamiz deya ishonaman. Bu muhtasham binoga yaxshi niyat, pokiza qalb bilan qadam ranjida qilgan barchangizga kuch-quvvat, shijoat va zafarlar yor boʻlsin! Sogʻ va salomat boʻling Aziz ustozlar!