Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 13.07.2023 09:23

Savol bering javob beramiz

Nogironligi bo‘lgan xodimlarga ta’til olishda imtiyozlar bormi?

 

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining 228-moddasida I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga ularning xohishiga ko‘ra har yilgi mehnat ta’tili unga qulay bo‘lgan vaqtda berilishi kerakligi qayd etilgan.

Bu qoida MK 429-moddasida ham belgilab o‘tilgan. Ushbu normaga asosan
I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga davomiyligi kamida 30 kalendar kundan iborat yillik mehnat ta’tili beriladi va ular bu ta’tildan yilning o‘zlari uchun qulay bo‘lgan vaqtida foydalanishi mumkin.

Shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga — har yili
14 kalendar kungacha ularning xohishiga ko‘ra ish haqi saqlanmaydigan ta’til berish majburiydir (MK 242-m).

Bundan tashqari, MK 431-moddasida I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarning mehnatiga ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligida haq to‘lash tegishli kasb va lavozimlardagi xodimlarga to‘liq ish vaqti davomiyligidagi miqdorda amalga oshirilishi belgilangan.

 

Shavkat SAYFULLOYEV,

Nurota tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i

 

 

Dekretga chiqqan xodimga buxgalter 75 foiz dekret puli to‘lanadi demoqda, bu to‘g‘rimi?

 

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining 404-moddasiga ko‘ra sizga homiladorlik va tug‘ish ta’tili uchun o‘rtacha oylik ish haqining 75 %dan kam bo‘lmagan miqdorda nafaqa to‘lanadi.

Bunda ushbu nafaqa (dekret puli) o‘rtacha ish haqidan kelib chiqib hisoblanadi.

«Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi nizom (ro‘yxat raqami 1136, 08.05.2002 y.) 52-bandiga muvofiq nafaqalarni hisoblab chiqarishda hisobga olinadigan ish haqining barcha turlari, shu jumladan mazkur oyda ish haqi bilan birgalikda to‘lanadigan oylik mukofotlar ularning haqiqatda olingan vaqti bo‘yicha emas, balki ular hisoblab yozilgan vaqt bo‘yicha ish haqiga qo‘shiladi.

Bunda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik yoki homiladorlik ta’tili boshlangan oydan oldingi 12 oy davrida olgan va sug‘urta badallari chegirilgan barcha mukofotlarning 1/12 qismi nafaqa hisoblab chiqariladigan oylik ish haqiga qo‘shilib, o‘rtacha oylik ish haqi miqdori aniqlanadi.

 

Mehriddin MAMATQULOV,

Nurota tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti

 

 

O‘rindosh o‘qituvchiga ta’til davrida nima uchun oylik to‘lanmaydi ?

 

Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qarori bilan tasdiqlangan “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risida”gi NIZOMning 12-bandida pedagog xodimlar mehnatiga soatbay haq to‘lash tartibi belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra o‘rindoshlarning o‘tgan darslariga mutanosib tarzda soatbay haq to‘lanadi.

O‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazganlik uchun mehnatga soatbay haq to‘lash miqdorlarini tasdiqlash to‘g‘risida qarorga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining qarori, 22.04.2019 yilda ro‘yxatdan o‘tgan, ro‘yxat raqami 3157) muvofiq, umumta’lim maktablarining boshlang‘ich va yuqori sinflari o‘qituvchilari, o‘qituvchi-logopedi, logopediya shoxobchasi mudiri Mehnatga soatbay haq to‘lash miqdori bazaviy lavozim maoshlariga nisbatan 1.20 foizda haq to‘lanadi.

Yuqoridagi qarorga muvofiq soatbay haq to‘lash miqdori tarkibiga mehnat ta’tili haqi kiritilgan.

Shunga ko‘ra, soatbay asosda o‘tgan darslar uchun ta’til puli to‘lanmaydi.

 

      Shohruh SOLIYEV,

Nurota tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti

 

        

 

 

 

Endi maktablarda kitoblar uchun ijara pulini o‘quvchilarga davlat to‘lab beradi !

 

O‘quvchilarga kitoblar bepul tarqatiladi.

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab maktab darsliklari o‘quvchilarga bepul tarqatiladi. Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi faoliyati tugatilmoqda.

Prezident farmoni (PF-79-son, 26.05.2023 y)ga ko‘ra 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab maktab darsliklarining ijara to‘lovi to‘liq Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplash hamda o‘quvchilarga darsliklarni bepul foydalanishga berish tizimi joriy qilinganligi munosabati bilan byudjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi faoliyati tugatiladi.

Bunda, Respublika maqsadli kitob jamg‘armasining barcha funksiyalari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga o‘tkazilib, Davlat byudjeti hisobidan ushbu maqsadlar uchun ajratiladigan mablag‘lar alohida shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida yuritish orqali mustaqil tasarruf etiladi.

 

  Avaz RAXMONBERDIYEV,

Nurota tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti

 

Xodimga to‘langan moddiy yordamdan soliq olinadimi?

 

 Xodimlarga to‘langan moddiy yordam pullari soliqdan ozod qilinadi.

Soliq kodeksining 378-moddasi birinchi qismiga muvofiq soliq davri uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 4,22 baravarigacha miqdorda bo‘lgan moddiy yordam summalari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Qoidaning mazmuniga ko‘ra, xodimlarga moddiy yordam 1-maydan keyin to‘langanda 4 135 600 so‘m miqdordagi moddiy yordam soliqqa tortilmaydi.

1-maydan oldingi holatda esa, 3 882 400 so‘m miqdoridagi moddiy yordam soliqdan ozod qilinadi.

Agar moddiy yordam summasi yuqoridagi meyorlardan ortadigan bo‘lsa, ortgan summaning 12 foizi miqdorida daromad solig‘i undiriladi.

 

Marusa NASIROVA,

Nurota tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti