Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 22.06.2023 09:39

Odam savdosi – asrimizning jiddiy muammosi

Oʻzbekiston Respublikasi 2003-yil 12-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1950-yilda qabul qilingan “Odam savdosi va foxishalikning uchinchi shaxslar tomonidan ishlatilishiga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Konvensiyaga qoʻshilgan hamda 2020-yilning 17-avgustda yangi tahrirdagi “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilingan. Mazkur qonunga koʻra, odam savdosi-kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud boshqa majburlash shakllaridan foydalanish, oʻgʻirlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiste’mol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun uni toʻlovlar yoki manfaatdor etish evaziga ogʻdirib olish orqali odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilishdir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-iyuldagi “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan, Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha Respublika idoralararo komissiyasi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi etib qayta tashkil qilingan, odam savdosi faqatgina Oʻzbekiston Respublikasining muammosi emas, chunki hozirgi kunda odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlar koʻplab mamlakatlarda keng tarqalib, butun dunyo hamjamiyatini havotirga solmoqda, achinarlisi jinoyatchilikning keng tarqalishi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari – ishsiz yurgan fuqarolar, turmush hayotida keng qiyinchilikka uchragan ayollar va ota-onasining e’tibori va qaramogʻidan chetda qolgan voyaga yetmagan shaxslardan foydalanilmoqda.
Odam savdosi jinoyatining asosiy sababi, tag zamiriga nazar tashlansa, ma’naviy qashshoqlik, ochkoʻzlik, mol-dunyoga haddan tashqari hirs qoʻyish va nafsiga qul boʻlish ekanligini, mana shundan iflos, jirkanch jinoyat bizning mamlakatimizni ham chetlab oʻtmaganligini, afsuski fuqarolarimiz ham odam savdosi qurbonlariga aylanganligini ta’kidlash joiz. Bularning barchasi davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan ushbu illatga qarshi qat’iy choralar koʻrishni, odam savdosiga jalb etilgan va undan jabr koʻrgan hamyurtlarimizni muhofazaa etishni dolzarb vazifa qilib qoʻymoqda. Huquq ustuvor boʻlgan davlatimizda inson huquqlarini, qonunlar himoyasini amalga oshiruvchi organlar bu kabi illatlarni fosh etishda kechayu kunduz tinmay ishlamoqda, odam savdosining har qanday koʻrinishiga qarshi kurashish xalqaro darajada jiddiy yondashuv va oʻzaro huquqiy hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan holda amalga oshirilganda samara berishi mumkin. Bugungi kunda dunyoda odam savdosining uchta keng tarqalgan turi mavjud, bular: jinsiy ekspluatatsiya (foxishabozlik), majburiy mehnat va odam a’zolarini sotishdir.

Navbahor tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Sh.Z.Xamidov