Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 18.05.2023 17:25

Matbuot anjumani

“Nurota tumanida yosh avlodning sifatli ta’lim-tarbiya olishi va kasb-hunar egallashlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar” mavzusida press-tur va matbuot anjumani tashkil etildi.

Bugungi kunda Navoiy viloyatida taʼlim sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar oʻzining ijobiy natijasini bermoqda. Xususan, viloyatning Nurota tumanida hozirgi vaqtda 84 ta MTT boʻlib, ulardan 19 tasi davlat, 59 tasi oilaviy va 6 tasi DXSH asosidagi maktabgacha taʼlim tashkilotlaridir.
Tuman boʻyicha 3-7 yoshdagi bolalar soni 6747 nafarni tashkil etib, ularning 4797 nafari maktabgacha taʼlim bilan qamrab olingan. Qamrab olinmagan bolalar soni esa 1920 nafarni tashkil etadi.
Shuningdek, tumanda 52 ta umumtaʼlim maktablari mavjud boʻlib, ularning 1 tasi ixtisoslashtirilgan maktab, 51 tasi esa umumiy oʻrta taʼlim maktablaridir.


Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati boʻlimi hamda viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi hamkorligida ushbu tumandagi umumtaʼlim maktablari va maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatiga oid matbuot anjumani hamda press-tur tashkil etildi. Jarayonda jurnalistlar tuman taʼlim muassasalarida, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida olib borilayotgan ishlar, yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar oʻrganishi uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.


“Nurota tumanida yosh avlodning sifatli taʼlim-tarbiya olishi va kasb-hunar egallashlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar” mavzusida tashkil etilgan ushbu tadbirlar avvalida jurnalistlar va viloyatning boshqa tumanlaridan kelgan pedagoglar ishtirokida MTTlar va taʼlim maskanlariga press-tur tashkil etilib, ular “Mirishkor” mahallasida faoliyat olib borayotgan “Umidli yoshlar maskani” davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotini borib koʻrishdi.
- Muassasamiz 2019-yilda ishga tushirilgan boʻlib, 150 oʻringa moʻljallangan, - deydi muassasa rahbari Lutfiya Haydarova. - Hozirgi vaqtda tarbiyalanuvchilar soni 180 nafarni tashkil etadi va ularning 37 nafari imtiyozli ravishda qabul qilingan. Tashkilotda bolalarning sifatli taʼlim-tarbiya olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan va har bir guruh zamonaviy koʻrinishda jihozlangan. “Ilk qadam” dasturi boʻyicha olib borayotgan mashgʻulotlarimiz hamda ingliz, rus tillari, mental arifmetika boʻyicha toʻgaraklarni yoʻlga qoʻyganimiz ota-onalarga ham manzur boʻlmoqda.


Shuningdek, jurnalistlar tumanda yangidan qurilib, 2022-yilda foydalanishga topshirilgan 13-davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti hamda “Nurfaxr” mahallasida joylashgan, tadbirkor Zamira Umarovaga tegishli oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar. Ushbu zamonaviy MTTlarda davr bilan hamnafas, oʻz kasbining jonkuyarlari boʻlgan, malakali pedagog-tarbiyachilar jajji bolajonlarga taʼlim-tarbiya berib kelishmoqda.
Press-tur davomida jurnalistlar tumanning olis hududidagi “Xayrobod” qishlogʻiga ham borib, u yerda “Aqlvoy” mobil guruhi faoliyati bilan tanishishdi.
- “Aqlvoy” mobil guruhimiz 1-sonli DMTTga qarashli boʻlib, unga tumanning MTTlari mavjud boʻlmagan “Jarma”, “Xayrobod”, “Yangibino” qishloqlaridagi 96 nafar bola qamrab olingan, – deydi tumandagi 1-sonli DMTT direktori Fazilat Toshpoʻlatova. – Maxsus jihozlangan ushbu avtobuslar orqali 3-7 yoshli bolalarga bepul taʼlim xizmatlari koʻrsatilmoqda. 4 nafar tarbiyachi ish bilan taʼminlangan. Eng muhimi, ushbu mobil guruh orqali tumanning chekka qishloqlaridagi bogʻchaga qamrab olinmagan bolalarga ham boshqa bogʻchalarnikidan kam boʻlmagan sharoitlarda mashgʻulotlar oʻtkazilmoqda. Bundan ota-onalar ham xursand.
Jurnalistlarning navbatdagi manzili tumandagi 34-umumtaʼlim maktabi boʻldi.


Bu yerda press-tur qatnashchilari qishloq yoshlarining taʼlim- tarbiya olishlari uchun yaratilgan qulay sharoitlar, iqtidorli oʻquvchilarning erishayotgan yutuqlari, maktab qoshida tashkil etilgan toʻgaraklar va ularga qamrab olingan oʻgʻil-qizlarning yutuqlari bilan yaqindan tanishdilar. Shundan soʻng ushbu maktabda tuman pedagog xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida “Nurota tumanida yosh avlodning sifatli taʼlim-tarbiya olishi va kasb-hunar egallashlari uchun yaratilgan sharoitlar” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Anjumanda viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Oʻ.Tillayev soʻzga chiqib, Nurota tumanidagi umumtaʼlim maktablari va maktabgacha taʼlim tashkilotlarida keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, bolalarning bogʻchalarga qamrovi, tuman pedagoglarining erishayotgan yutuqlari, chekka qishloqlarga borib ishlayotgan pedagoglar uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar, belgilangan davlat dasturlari boʻyicha tumanda barpo etilgan yangi taʼlim muassasalari hamda kapital taʼmirlanib foydalanishga topshirilgan oʻquv maskanlari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari xususida yigʻilganlarga batafsil maʼlumotlar berdi.
Anjuman yakunida OAV vakillari masʼul mutasaddilardan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.