Assalomu alaykum aziz tumandoshlar,
Qadrli musulmon birodarlar,
Sizlarni, Siz orqali barcha oila a’zolaringizni bugungi mehr oqibat, ezgulik va saxovat ayyomi, islom olamidagi ulug‘ bayram, muborak Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Har bir xonadonda, mahallada ko‘tarinkilik bilan nishonlanadigan qutlug‘ ramazon hayitida hammamiz avvalo shunday kunlarga etkazgani uchun Alloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz.
Yaxshilik, sabr qanoat va mehr e’tibor singari ezgu fazilatlarni o‘zida mujassam etgan bu bayramning ma’no mazmuni hamda xalqimiz hayotida tutgan o‘rni va ahamiyatini barchamiz chuqur his etmoqdamiz.
Hayit kunlari barcha bir-birini qutlaydi, dasturxonlar yoziladi, sovg‘a-salomlar ulashiladi. Yaratganga shukronalar aytib, Istiqlolimiz, tinch va xotirjam hayotimiz hamda kelgusi avlodlarimiz haqiga duolar qilinadi. Bu amallarning barchasi savob, mukofoti esa insoniylik sharafi hisoblanadi.
Qadrli tumandoshlar,
O‘zining milliy urf-odat va an’analariga sodiq, mehnatkash, va saxovatli xalqimiz ana shunday yuksak fazilatlarni yaqqol namoyon etib, muqaddas Ramazon oyini tinchlik va osoyishtalik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitida o‘tkazgani hamda ushbu e’zozli ayyomni katta shodu xurramlik bilan kutib olayotgani unga alohida fayzu shukuh bag‘ishlamoqda.
Bugungi kunda keng ko‘lamli islohot va tub o‘zgarishlar natijasida yangilanib borayotgan yurtimizda xalq bilan muloqot, inson huquq va manfaatlarini, jumladan, vijdon erkinligini ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, bu borada ulkan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bu haqda so‘z yuritganda, xalqimizning boy va qadimiy diniy-ma’naviy merosini tiklash va faol targ‘ib etish, buyuk ajdodlarimizning tabarruk qadamjolarini obod qilish bo‘yicha olib borilayotgan salmoqpi ishlarni alohida ta’kidlash lozim.
Ushbu qutlug‘ ayyomda yoshlarimizga muqaddas dinimizning asl ma’no-mazmunini, unda ilgari surilgan umuminsoniy g‘oyalarni tushuntirish, ularning turli buzg‘unchi diniy g‘oyalar to‘riga ilinib qolishlariga yo‘l qo‘ymaslik haqida o‘ylab ko‘rsak, menimcha nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi.
Ajdodlar xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, yurtimiz tinchligi va ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan keksalarga alohida hurmat-e’tibor ko‘rsatish mamlakatimizda milliy qadriyat darajasiga etgan. Bu kabi oliyjanob qadriyatlar ayniqsa, ulug‘ Ramazon hayiti arafasida yanada yuqori pog‘onaga ko‘tariladi.
Albatta biz o‘z diniy qadriyatlarimizni ulug‘lab, e’zozlab yashar ekanmiz, hozirgi yuksak texnologiyalar asrida mustahkam iymon-e’tiqod bilan birga, zamonaviy ilm fan, kasb-hunar va innovatsiyalar sohasidagi yutuqlarni chuqur o‘zlashtirish, yoshlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash barqaror taraqqiyotga erishishning muhim sharti ekanligini yaxshi anglaymiz.
Muborak hadislarda aytilganidek, ikki dunyo saodatini o‘ylab yashagan inson, xalq hech qachon kam bo‘lmaydi.
Qadrli tumandoshlar,
Alloh taoloning marhamati yog‘ilib turadigan ushbu barokatli va nurafshon kunda barchangizni yana bir bor muqaddas Iyd ul-Fitr bilan chin dildan tabriklayman.
Yurtimiz ravnaqi, xalqimizning farovon turmushi yo‘lida qiliyotgan mehnatlaringizga Yaratganning o‘zi fayzu baraka va ajru savobini bersin!
Osmonimiz hamisha musaffo, yurtimiz tinch, xalqimiz omon, Ramazon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!