Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 31.03.2023 14:44

Yangilanayotgan Konstitutsiyadagi muhim norma

Inson huquq va erkinliklari kafolatlari sezilarli darajada kuchaytirilmoqda

Xususan, O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanmoqda. O‘lim jazosini taqiqlashni konstitutsiyaviy darajada belgilanishi insonni hayotdan hatto davlat ham mahrum etishga haqli emasligini kafolatlaydi.

Bundan tashqari, shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi belgilanyapti. Ya'ni, shaxsning erkinligini cheklash bilan bog‘liq har qanday harakat faqatgina sud qarori asosida amalga oshirilishi shart. Ushbu qoida tergov organlari tomonidan insonlarni noqonuniy hibsga olish, asossiz qamoqqa olish va saqlashga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgandir. Bu orqali xalqaro e'tirof etilgan “Xabeas korpus” institutini qo‘llanish ko‘lami yanada kengayadi.

Ilk bor shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shartligi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik (xalqaro e'tirof etilgan “Miranda qoidasi”), sukut saqlash huquqi berilmoqda.

Har kimning yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanish huquqiga ega ekanligi belgilanmoqda. Bunday huquqlarning cheklanishiga yoki uy-joyda tintuv o‘tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yilishi belgilab qo‘yilmoqda.

Har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqliligi belgilanyapti. Ushbu qoidaning mazmun-mohiyati shundaki, fuqarolar o‘z buzilgan huquq va erkinliklarini, o‘zgalar huquqlarini buzmagan holda, mustaqil himoya qilish huquqiga ega. Yagona shart – bu fuqarolar tomonidan o‘zini himoya qilishda qo‘llaniladigan usullar yoki choralarning qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan bo‘lishidir.

Nurota tuman adliya bo‘limi boshlig‘i U.S.Suvonov