Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 22.03.2023 11:04

22-mart Oʻzbekistonda mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan tuman hokimining bayram tabrigi

 

Hurmatli mahalla fidoiylari!
Sizlarni 22-mart Oʻzbekistonda mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan chin qalbimdan tabriklayman!
Mahalla – tarbiya oʻchogʻi, urf-odatlar, anʼana va qadriyatlar eʼzozlanadigan qutlugʻ dargoh va har bir inson hayotida muhim oʻrin tutadigan muqaddas maskandir. Zero, bu oshiyon insonni jamiyat bilan birga yashashga oʻrgatadigan, shu ruhda tarbiyalaydigan beqiyos makondir.
Hozirgi kunda tumanimizda 31 ta mahalla oʻz faoliyatini olib bormoqda. Bugun mahalla tizimiga berilgan eʼtibor, yaratilayotgan shart-sharoitlar bois tumanimizdagi mahallalarning ham qiyofasi zamonaviy tus olib moddiy texnika bazasi tubdan yaxshilandi. Muhimi bugun mahallalarning jamiyat hayotidagi oʻrni va ahamiyati ortib bormoqda.
Mahalla jamiyatimizga daxldor barcha masalalarni hal etishda bevosita ishtirok etuvchi, xalq va davlatni bir-biriga yaqinlashtirib, ular oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi muhim tuzilma sanaladi. Bir soʻz bilan aytganda, davlatimizning barqaror rivojlanishi, xalq farovonligining oshishi, fuqarolarimizning oʻz hayotidan rozi boʻlib, ertangi kunga qatʼiy ishonch bilan munosib hayot kechirishini taʼminlash boʻyicha oldimizga qoʻygan maqsad va vazifalarni izchil amalga oshirishda jamiyatning eng muhim boʻgʻini hisoblangan mahalla institutining oʻrni va ahamiyati beqiyosdir.
Mahalla – ona maskan, sogʻlom ijtimoiy muhitdir. Bu yerda kuchli taʼsirga ega boʻlgan jamoatchilik fikri mahalla aholisining xulq – atvori, oʻzaro munosabatlarini adolat va maʼnaviy mezonlar asosida tartibga solib turadi. Shu maʼnoda mahalla, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, haqiqiy demokratiya darsxonasidir.
Hurmatli mahalla faollari!
Fursatdan foydalanib, barchangizni yana bir bor “22-mart — mahalla tizimi xodimlari kuni” bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Oʻzbekistondagi ana shunday umuminsoniy qadriyatlar sarchashmalaridan biri mahalla tizimi ekanligi toʻgʻrisida yuqorida toʻxtalib oʻtgan edik. Uning nufuzini oshirish, ijtimoiy, siyosiy, tarbiyaviy, ulkan maʼnaviy masalalardan biridir.
Kasb bayramingiz barchangizga muborak boʻlsin! Oilalaringizdan tinchlik-xotirjamlik, qut-baraka arimasin. Xalq farovonligi, jamiyat taraqqiyoti, oilalar tinchiligi va mahallalar obodligi yoʻlidagi samarali faoliyatingiz yanada barakali boʻlsin!