Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 19.03.2023 14:14

Nurota tuman hokimi Azamat Fayziyevning “Navro‘z” bayrami munosabati bilan bayram tabrigi

Assalomu alaykum, aziz tumandoshlar!

Ko‘klam nafasi ko‘ngillarimizga beg‘ubor his-tuyg‘ular uyg‘otayotgan ushbu qutlug‘ kunlarda, barchamiz tinch va osoyishta yurtimizning yana bir qadimiy shodiyonasi - Navro‘z umumxalq bayramini ko‘tarinki kayfiyat, shodu xurramlik bilan kutib olmoqdamiz.

Fursatdan foydalanib, Sizlarni, siz orqali barcha tumanimiz ahlini yangilanish va yasharish ayyomi, mehr-oqibat, ezgulik, yaratuvchanlik va go‘zallik ramzi, milliy qadriyatlarimiz timsoli bo‘lgan Navro‘zi olam bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir vatandoshimiz o‘zining huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini tobora chuqur anglab borayotgan YAngi O‘zbekiston sharoitida Navro‘z tom ma’noda umumxalq bayramiga aylanib, ayni kunlarda tumanimizning qishloqlarida, mahalla va ovullarida "Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!" degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ulkan zavq-shavq va ko‘tarinki kayfiyatda nishonlanmoqda.

Ushbu bayram xalqimizning bag‘rikenglik, yaxshilik, hamjihatlik kabi olijanob fazilatlarini o‘zida namoyon etadi.

Navro‘z arafasida har bir hududda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari tashkil etilib, hashar o‘tkazilishi an’ana tusini olgan. Bunday ezgu an’analar esa xalqimizni yanada jipslashtirib, jamiyatda tinchlik, totuvlik, bag‘rikenglik va bunyodkorlik muhitini tobora mustahkamlashga zamin yaratadi.

Navro‘z nafaqat tabiatning uyg‘onishi, balki, mehr-saxovat tantanasi sifatida ham ulug‘lanadi. Ushbu ayyom oldidan tumanimizda yuzlab bemorlar holidan xabar olinib, nuroniylar e’zozlanib, ularga sovg‘a-salomlar ulashilmoqda.

Yurtboshimiz tomonidan joriy yilga mamlakatimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berilganligi bejiz emas, albatta.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan "Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida 7 ta muhim ustuvor yo‘nalish va 100 ta maqsadga asoslangan 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, joriy yilda tumanimizda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab olganmiz.

E’tirof etish kerakki, bunyodkor xalqimiz tomonidan Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan yangi bino va inshootlarni foydalanishga topshirilishi ham an’anaga aylanib ulgurgan.

O‘tgan yili tumanimizda investitsiya dasturi va boshqa manbaalar doirasida 82 ta ijtimoiy soha va infratuzilma ob’ektlarini qurilish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilgan bo‘lsa, joriy yilda qiymati 116.0 mlrd. so‘mlik 71 ta ijtimoiy va infratuzilma ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlarining boshlanayotganligi xalqimiz bunyodkorligining amaliy namunasi bo‘lmoqda.

Xususan, o‘tgan yili tuman markazi hamda qishloqlardagi ichki avtomobil yo‘llarining 124.0 km qismini tuproqdan shag‘allashtirildi hamda 36.0 km shag‘al yo‘lni asfalt yo‘lga o‘tkazish ishlari, 8.1 km toza ichimlik suvi tarmoqlari, 90.3 km elektr energiya tarmoqlari hamda 26 dona trasformator o‘rnatish ishlari amalga oshirilib, jami 26.5 mlrd.so‘mlik respublika va mahalliy byudjet mablag‘lari yo‘naltirildi.

2022 yilda ham “Obod qishloq” dasturi doirasida tumandagi Sentob hamda Jarma qishloqlarida keng ko‘lamli obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, hududdagi ijtimoiy soha ob’ektlari, aholi xonadonlari, infratuzilma ob’ektlari va boshqa bir qator ob’ektlar tartibga keltirildi.

Ushbu maqsadlar uchun barcha manbaalar hisobidan 25.6 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘lar yo‘naltirildi.

Bunday bunyodkorlik ishlari joriy yilda ham davom ettirilmoqda.

Joriy yilda ham ushbu yo‘nalishlarda 62 ta loyiha amalga oshirilib, 675 ta ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilayotgani aholi turmush farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Aziz tumandoshlar!

Bugungi kunda mamlakatimizda ta’limga alohida e’tibor qaratilib, xalq ta’limi tizimi faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, joriy  yilda viloyatimizda o‘tkazilgan fan olimpiadalarida ishtirok etgan 138 nafar o‘quvchilarimizning 16 nafari faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib, 5 nafari esa fan olimpiadalarining respublika bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanmalarga ega bo‘lganligi, shu bilan bir qatorda Nurota tumanidagi ta’lim fidoiylari viloyat miqiyosida o‘tgan yilgi natijalarga nisbatan 3 pog‘ona yuqorilab 3 o‘rinni qo‘lga kiritganligi bugungi kunda tumanda ta’lim sohasida ijobiy natijalarga erishilayotganligidan dalolat beradi.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari,

Navro‘z qadimdan dehqonchilik mavsumining boshlanishi ham hisoblangan. Ota-bobolarimiz ayni shu pallada el-yurt dasturxoni to‘kin bo‘lsin, - degan niyatda erga baraka urug‘ini sochganlar.

Ayni paytda tumanimizning 4 ming gektardan ortiqroq maydonlarida ertangi poliz, sabzavot, kartoshka dukkakli, moyli hamda ozuqa ekinlari, 500 gektar foydalanilmay turgan er maydonlari o‘zlashtirilib, dorivor o‘simligi ekish uchun tayyorlanmoqda, shuningdek, 650 gektar yangi bog‘ va tokzorlarni tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan agrotexnik tadbirlar xalqimiz rizq-nasibasi butunligining amaliy ifodasidir.

Qadrli tumandoshlar!

Fursatdan foydalanib, yangilanish va yasharish ayyomi Navro‘z bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Barchangizga mustahkam sog‘lik-salomatlik, oilaviy baxtu saodat, Vatanimiz ravnaqi yo‘lidagi mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Buyuk va muqaddas Vatan — jonajon O‘zbekistonimiz osmoni hamisha musaffo bo‘lsin!

Navro‘zi olam muborak bo‘lsin aziz tumandoshlar!