Assalomu alaykum, Aziz ayollar!
Muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillar!
Avvalo, sizlarni, sizlarning timsolingizda barcha onaxonlarimiz, opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizni ezgulik va goʻzallik bayrami 8-mart — Xalqari xotin-qizlar kuni bilan tumanimiz faollari, keng jamoatchilik nomidan samimiy muborakbod etaman!
Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va koʻrki boʻlgan xotin-qizlarni eʼzozlash, ularga hurmat va ehtirom koʻrsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi. Chunki sizlar bilan hayotimiz goʻzal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir.
Aziz va muhtarama opa-singillar!
Vatanimiz taraqqiyotida, oila va jamiyat hayotida xotin-qizlar muhim oʻrin va mavqega ega. Shu bois, ayollarimiz mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi barcha sohalarda xususan, davlat boshqaruvi va vakillik organlarida, ishlab chiqarish, tadbirkorlik, fermerlik, sogʻliqni saqlash, taʼlim, maʼrifat, madaniyat va boshqa sohalarda samarali mehnat qilishmoqda.
Bugungi kunda tumanimizda turli jabhalarda mehnat qilayotgan xotin-qizlarimiz 2022-yilning oʻzida qariyb 188 nafari oʻzining tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyib, ular tomonidan 250 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.140 nafar ayollar kasb-hunarga qayta tayyorlanib, 956 nafarining bandligi taʼminlandi. Shuningdek, 19 nafardan ortiq ayollarning uy-joy taʼminoti bilan bogʻliq muammolari toʻlaqonli hal etildi.
Mahallalarda “Mahallada ijtimoiy xizmat moduli” asosida xotin-qizlar faollari tomonidan qisqa muddat ichida 571 taga yaqin oilalarning ijtimoiy xizmatlar bilan bogʻliq muammolari aniqlanib, bugungi kunda muammolar oʻz yechimini topmoqda. Bundan tashqari, ehtiyojmand oilalardagi 4 nafar qizlar oliy taʼlim muassasalariga imtiyozli 4 foizli kvota asosida oʻqishga qabul qilinishlari uchun tavsiyanomalar berildi. 21 nafar ehtiyojmand oilalar farzandlarining 74 million soʻmlik shartnomaviy toʻlovlari toʻlab berildi. Bundan tashqari, 2022-yilda “Ayollar daftari”ning 3-bosqichi doirasida 788 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlarning bandligi taʼminlandi. 188 nafar xotin-qizlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun 2 milliard 330 million soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratildi. 812 nafar xotin-qizlarga umumiy miqdori 876 mln 950 ming soʻm miqdorida moddiy yordamlar ajratildi. 19 nafar uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlarning muammolari hal etilib, ularning 14 nafariga 500 ming soʻmdan 6 oy mobaynida uy-joy ijara kompensasiyasi toʻlab berildi hamda 5 nafari uy-joy bilan taʼminlandi.
Xurmatli xotin-qizlar,
Hech kimga sir emas ayol zoti haqida, uning qanday tengsiz latofat va nafosat sohibasi, xonadonlarimizning fayzu farishtasi ekani haqida tariximizda ulugʻ mutafakkirlar, shoir va allomalar qancha-qancha dil soʻzlarini bayon etganlar. Bu dunyoda shirin va ahil, baxtli hayot uchun poydevor yaratib, insonni inson, oilani mustahkam oila qiladigan, biz uchun muhabbat va sadoqat timsoli boʻlib kelayotgan Siz, goʻzal va betakror, ayollarimiz haqida koʻplab taʼriflar keltirish mumkin. Bu haqda gapirganda, avvalo, buyuk shoir, Mir Alisher Navoiy hazratlarining “Jannat onalar oyogʻi ostidadir” degan hikmatli soʻzlarini yana bir bor eslaymiz va muqaddas Ona siymosi oldida barchamiz bosh egib taʼzim qilamiz.
Qadrli opa-singillar!
Yurtimizda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, oila mustahkamligini taʼminlash davlat siyosati darajasida ekanligi bilan har qancha faxrlansak arziydi.
Biz bugun oʻzining fidokorona mehnati, erishgan ulkan yutuqlari, davlat va jamoat ishlaridagi faol ishtiroki, ibratli fazilatlari bilan xalqimiz oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan yuzlab opa-singillarimizning nomlarini hurmat bilan tilga olamiz.
Tumanimizda ham bu kabi faoliyat olib borayotgan bir guruh ayollarimiz mehnatlari alohida etirof etilib kelinmoqda. Jumladan, 2022-yilda Nurota tuman Axborot Resurs markazi kutubxonachisi Ibragimova Zebinoso “Axborot kutubxona aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganligi, kuni kecha tumanimiz faxriysi, shoira-ijodkor Sharbat Muxtorova “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganligi, shuningdek, Nurota tumani 18 umumtaʼlim maktabining Maʼnaviy-maʼrifiy ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari Ergasheva Muborak koʻp yillik samarali mehnati uchun “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni sovrindori boʻlgani, qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash toʻgʻrisida"gi Farmoniga asosan, Nurota tumanidagi “Muruvvat” nogironlar uchun erkaklar internat uyi xoʻjalik bekasi Qilicheva Oyshaning “Shuhrat” medali bilan taqdirlangani fikrimiz isbotidir.
Hurmatli onaxonlar, opa-singillar!
Soʻzimning oxirida barchangizni Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.
Mening tilagim va niyatim bitta; oilangiz, farzandlaringiz, el-yurtimiz baxtiga hamisha sogʻ-omon boʻlinglar!
Barchangizga oilaviy xotirjamlik, xonadonlaringizga tinchlik, fayzu-baraka tilayman. Doimo xalqimiz, Vatanimizning yuksak mehri va ardogʻida boʻlish hammangizga nasib etsin!
Yana bir bor bayramingiz muborak boʻlsin.