Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 20.02.2023 14:49

Rayhon va yalpiz ekish, qayta ishlash va sotish tizimi joriy etiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Navoiy viloyatiga tashrifi davomida viloyatni respublikaning namunaviy hududiga aylantirish boʻyicha bildirilgan tashabbuslar va belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqqan holda, Nurota tumanida 2022-2023-yillarda amalga oshiriladigan asosiy vazifalar boʻyicha “YOʻL XARITASI” ishlab chiqilgan boʻlib, bunda tumandagi 31 ta mahalla fuqarolar yigʻinidagi 16,3 ming aholi xonadonlarida rayhon va yalpiz ekish, qayta ishlash va sotish namunaviy tizimi yaratilishi, ushbu tashabbusni amalga oshirish uchun esa barcha sharoitlar yaratilib, alohida imtiyoz va preferensiyalar joriy qilinishi nazarda tutilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 10.02.2023-yildagi “2023-2024-yillarda Navoiy viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-52-sonli qarorida ham bu tizimni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Bu borada tumanimizning har bir mahallasi kesimida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan boʻlib, tuman Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazi tomonidan hokim yordamchilari ishtirokida hududlarda rayhon va yalpiz ekiladigan xonadonlar roʻyxatini shakllantirish hamda ekilgan rayhon va yalpizni qayta ishlash va sotish tizimini joriy etish yuzasidan “Lider tadbirkorlar”ni aniqlash boʻyicha mahallalar yigʻinlarida targʻibot ishlari olib borilmoqda.
Shu oʻrinda, oʻz oʻzidan savol tugʻilishi mumkin: Nima uchun rayhon va yalpiz ekishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bizga maʼlumki, rayhon va yalpiz xushboʻy giyohlar turkumiga mansub boʻlib, tabobat olamining sultoni hisoblangan bobomiz Abu Ali Ibn Sino ham xalq tabobatida rayhon va yalpizdan tananing himoya kuchi sifatida keng foydalanib, ularning shifobaxsh xususiyatlari toʻgʻrisida bir qancha noyob maʼlumotlarni yozib qoldirganlar. Misol uchun, rayhon va yalpizdan bosh ogʻrigʻi, asab toliqishi, uyqusizlik, aqliy toliqish, xotira susayishi, teri-tanosil va oshqozon-ichak kasalliklarini davolashda keng foydalaniladi.
Shu bilan birgalikda, kooperatsiya asosida bu tizimni yoʻlga qoʻyishda har bir mahallaning oʻsish nuqtalarini aniqlash, drayver va ixtisoslashuvi yoʻnalishida ishni tashkillashtirish orqali ishsiz fuqarolarning bandligini taʼminlash nazarda tutilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, tumanimizdagi barcha tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarimizni daromadli manba sifatida aholi xonadonlarida rayhon va yalpiz ekish, qayta ishlash va sotish boʻyicha namunaviy tizim yaratilishida hamkorlikka chaqirib qolamiz.
Aholi xonadonlarida rayhon va yalpiz ekish, qayta ishlash va sotish boʻyicha murojaat va takliflaringiz yuzasidan https://t.me/Smartmahallabot orqali oʻz mahallangizdagi beshlik hamda bevosita hokim yordamchisi bilan bogʻlanishingiz mumkin.