Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 02.02.2022 22:32

Murojaatlarni ko'rib chiqish tartibi

Jismoniy va yuridik shaxslarning soʻrovlarini qabul qilish
1. Axborotdan foydalanuvchi davlat organlariga ogʻzaki yoki yozma shaklda yoxud elektron hujjat shaklida soʻrov bilan murojaat etishi mumkin. Bunda elektron hujjat shaklidagi soʻrovlar davlat organlarining rasmiy veb-saytlari, rasmiy elektron pochta manzillari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladi.

2. Soʻrovlarni qabul qilish va roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlash davlat organi rahbarining buyrugʻi bilan belgilangan soʻrovlar bilan ishlovchi tarkibiy boʻlinma yoki masʼul xodim tomonidan amalga oshiriladi.

3. Soʻrov pochta orqali kelib tushganda, soʻrovlar bilan ishlovchi tarkibiy boʻlinma yoki masʼul xodim tomonidan konvertda soʻrov mavjudligi tekshiriladi.

Konvertda soʻrovning yoki soʻrovda koʻrsatilgan ilovalarning mavjud emasligi aniqlanganda, soʻrovlar bilan ishlovchi tarkibiy boʻlinma yoki masʼul xodim tomonidan ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, ulardan biri (soʻrov va u yuborilgan konvert bilan birga) soʻrovlar bilan ishlovchi tarkibiy boʻlinma yoki masʼul xodimda qoladi, ikkinchisi kuzatuv xatiga ilova qilingan holda konvertda koʻrsatilgan manzil boʻyicha yuboriladi.

4. Elektron hujjat shaklida soʻrov tushgan kunida qogʻozga bosib chiqarilishi, ish vaqti tamom boʻlgandan keyin tushgan taqdirda esa — navbatdagi ish kunida qogʻozga bosib chiqarilishi kerak.

5. Axborotdan foydalanuvchini identifikatsiyalash imkoniyatini beradigan maʼlumotlar koʻrsatilmagan soʻrov anonim hisoblanadi va koʻrib chiqilmaydi.

6. Soʻrov anonim deb eʼtirof etilganda, bu haqda ijrochi (yoki ijrochilar) tomonidan xulosa tuziladi. Xulosada soʻrovni anonim deb eʼtirof etish uchun asoslar koʻrsatiladi. Soʻrovni anonim deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi xulosa soʻrovlar bilan ishlovchi tarkibiy boʻlinma yoki masʼul xodim tomonidan tasdiqlanadi hamda davlat organi rahbari yoki vakolat berilgan boshqa mansabdor shaxs tomonidan ijrodan olinadi.

7. Avvalgi soʻrovlar boʻyicha yuborilgan javobdan norozilik bildirilgan, shuningdek agar takroriy soʻrov kelib tushgan paytda koʻrib chiqishning qonun hujjatlarida belgilangan muddati tugagan boʻlsa, avvalgi soʻrov oʻz vaqtida koʻrib chiqilmaganligi haqida xabar qilingan, aynan bir axborotdan foydalanuvchidan kelib tushgan soʻrov takroriy deb hisoblanadi.

Takroriy soʻrovga u kelib tushgandan soʻng navbatdagi roʻyxat indeksi berilib, Soʻrovlarni roʻyxatga olish jurnalida yoki elektron hujjat aylanish tizimida “takroriy” deb qayd etiladi.

8. Aynan bir axborotdan foydalanuvchining soʻrovi nusxasi soʻrov dublikati hisoblanadi. Davlat organiga soʻrov dublikati (nusxasi) kelib tushgan hollarda, ushbu soʻrovga alohida tartib raqami berilmasdan, birinchi marta roʻyxatga olingan soʻrovning tartib raqami va undan soʻng bosh harfda “/D” belgisi hamda soʻrov kelib tushgan sana bilan qayd etiladi (masalan, soʻrov birinchi marta 2016-yil 10-martda 10-1-25 bilan roʻyxatga olingan boʻlib, soʻrov dublikati ham kelib tushganda, “2016-yil 10-mart, 10-1-25/D” kabi roʻyxatga olinadi).