Nurota tumani Chuya MFY hududida 500 gektar yer maydonida lavanda oʻsimligini yetishtirish va qayta ishlashni tashkil etish boʻyicha xabar berilgan edi.
Bugungi kunda ikki bosqichdan iborat mazkur loyihaning birinchi bosqichi ishlari qizgʻin olib borilib, burgʻulash, qurilish hamda yomgʻirlatib sugʻorish pivot uskunasini oʻrnatish ishlari amalga oshirilmoqda.
Pivot uskunasi suvni 40-50 % gacha tejaydi. Suv dala maydoniga bir tekis taqsimlab ekinga suvni meʼyorida yetkazib beradi va oʻgʻitlardan samarali foydalanish hisobiga 35 % gacha, yoqilgi sarfi 30% ga tejalib qoʻl mehnati 90% ga qisqaradi.
Lavanda oʻsimligi haqida qisqacha maʼlumot beradigan boʻlsak, ushbu oʻsimlik yarim buta, koʻp yillik oʻsimlik boʻlib, balandligi bir metrgacha oʻsadi.
Shuningdek, lavanda oʻsimligining iqtisodiy jihatdan ishlatiladigan qismi-uning gullari hisoblanadi.
Oʻsimlikning gul va gul poyasidan olingan efir moyi dunyoda eng mashhur hisoblanib, xaridorgir 15 ta efir moylaridan biri sanaladi. Lavanda suvsizlikka chidamli va bir marta ekilgan koʻchat boʻlib, 30-50 yil davomida hosil beradi.
Lavanda atir-upa (parfyumeriya), oziq-ovqat sanoati va tibbiyotda keng qoʻllaniladi.