Oʻzbekiston Respublikasining Byudjet kodeksi 99-moddasi, Soliq kodeksi 429 va 437-moddalari, 2022-yil 30-dekabrdagi “2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi OʻRQ-813-sonli Qonuniga muvofiq hamda Navoiy viloyat moliya bosh boshqarmasining 2022-yil 30-dekabrdagi 01-12/20-01-38/7075-sonli xatini inobatga olib, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6, 24-moddalariga asosan, xalq deputatlari Nurota tuman Kengashi
QAROR QILADI:
- Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi “2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi OʻRQ-813-sonli Qonuni ijro va rahbarlik uchun qabul qilinsin.
- Oʻzbekiston Respublikasining “2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida” Qonuniga muvofiq, Nurota tuman mahalliy byudjetining 2023-yil uchun daromadlari 44 331 150.0 ming soʻm,xarajatlari 157 252 148.0 ming soʻm prognoz qilinganligi hamda viloyat byudjetidan ajratiladigan tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar 112 920 998.0 ming soʻm miqdorida tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
- 2023-yil uchun Nurota tumanini rivojlantirishning asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi hamda 2023-yilga maqsadli moʻljallari 1-ilovaga muvofiq, 2023-yil uchun tuman mahalliy byudjeti daromadlari prognozi 2-ilovaga muvofiq maʼlumot uchun qabul qilinsin.
- 2023-yil uchun tumanning hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablagʻlarning cheklangan miqdorlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
- 2023-yil uchun tuman byudjetiga umumdavlat soliqlaridan ajratmalar normativlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
- 2023-yil uchun tuman mahalliy byudjetining daromadlari va xarajatlarining prognozi 5-ilovaga muvofiq maʼlumot uchun qabul qilinsin.
- Nurota tuman boʻyicha 2023-yilda qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi boʻyicha qoʻllaniladigan stavkalar 6-ilovaga, yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi boʻyicha qoʻllaniladigan stavkalar 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
- 2023-yil uchun tuman byudjeti zaxira jamgʻarmasi hajmlari 1 483 511.0 ming soʻm miqdorida belgilanib, tuman byudjetining 2023-yil uchun zaxira jamgʻarmaci tasdiqlangan umumiy xarajatlarining kamida 1,0 foizi miqdorida shakllantirilsin.
Tuman byudjetini ijro etishda yuqori turuvchi byudjetdan ajratiladigan byudjetlararo transfertlarning prognozidan oshgan qismi uchun tegishli byudjetlarining zaxira jamgʻarmalar miqdorlariga aniqlashtirish kiritilmasligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
- 2023-yil uchun tuman byudjeti shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida turgan byudjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 391 416.0 ming soʻm miqdorda belgilansin.
- Xalq deputatlari tuman Kengashiga keyingi soliq davri uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari uchun belgilangan soliq stavkalariga tegishlicha kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni hududda joylashgan daha, massiv, mahalla, koʻcha kesimida kiritilishini taʼminlash tavsiya etilsin.
- “2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan 2023-yilda xalq deputatlari Kengashlarini mahalliy byudjetlarni boshqarishda, xususan mahalliy byudjet xarajatlarini hududiy byudjet mablagʻlari taqsimlovchilar kesimida tasdiqlash va ularning Kengash oldidagi hisobdorligini belgilash boʻyicha vakolatlari kengaytirilganligi, shuningdek, 2023-yilda quyidagi soliq turlari shahar va tumanlar byudjetiga toʻliq hajmda oʻtkazilishi inobatga olinsin.
jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi;
jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi;
jismoniy shaxslarga tegishli mol-mulkni ijaraga berishdan oladigan yillik daromadi toʻgʻrisidagi deklaratsiyaga asosan toʻlaydigan, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar toʻlaydigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;
yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq;
yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, bundan elektr stansiyalari tomonidan toʻlanadigan soliq mustasno;
qurilish materiallari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq;
Mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz soligʻi va alkogol maxsulotlari, shu jumladan pivo uchun aksiz soligʻidan tushumlar 2022-yil 1-iyul holatiga koʻra tuman va shahar aholisining viloyat aholisidagi ulushiga muvofiq.
- Tuman hokimining birinchi oʻrinbosari A.Boʻriyev, moliya boʻlimi (S.Xaydarov), davlat soliq inspeksiyasi (O.Joʻraqulov) masʼul tashkilotlar bilan birgalikda:
tegishli byudjetlarni birinchi navbatda ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon va kommunal xizmatlar xarajatlarining rejalashtirilishini nazarda tutgan holda shakllantirish;
mahalliy byudjeti prognoz koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarish;
byudjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish;
byudjet intizomiga rioya etilishi ustidan nazorat va masʼuliyatni yanada kuchaytirish;
tegishli mahalliy byudjetlarga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻliq tushumini taʼminlash;
byudjet daromadlar bazasini oshirish va qoʻshimcha rezervlarni aniqlash zarurligiga alohida eʼtibor qaratsin.
- Tuman davlat soliq inspeksiyasi (O.Joʻraqulov) Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan vakolatlaridan kelib chiqib:
soliqlarning toʻliq va toʻgʻri hisoblanishini hamda ushbu soliqlarni oʻz vaqtida byudjetga undirilishi ustidan soliq nazoratini kuchaytirish;
yer soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va mol-mulk soliqlari boʻyicha doimiy tahlillar oʻtkazgan holda, soliqlarni toʻliq hisoblanishini taʼminlash hamda ushbu soliq toʻlovlari boʻyicha soliq qarzdorligiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish;
aylanmadan soliq turi boʻyicha soliq toʻlovchilar tomonidan naqd pul aylanmalarining soliq hisobotlarida toʻliq aks ettirilishi ustidan doimiy soliq nazoratini oʻrnatish hamda zarur hollarda xronometraj va kameral soliq nazorati tadbirlarini oʻtkazish;
Bunda, mazkur yoʻnalishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida fuqarolarga xarid chekini talab qilib olishni targʻib etuvchi ijtimoiy roliklar hamda video materiallar tayyorlab, ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida keng targʻibot-tashviqot ishlarini olib borishga alohida eʼtibor qaratsinlar.
Xatlov ishlarini samarali tashkil etish orqali yer va mol-mulk soligʻining soliq bazasini oshirish vazifasi yuklatilsin.
- Tuman davlat soliq inspeksiyasi (O.Joʻraqulov), Kadastr agentligi tuman boʻlimi (E.Roʻzimurodov) 2023-yildan boshlab yuridik shaslar mol-mulk soligʻini hisoblashda koʻchmas mulklarga 1 kv.metr uchun minimal miqdorlar joriy etilganligidan kelib chiqib, tumanda mavjud soliq toʻlovchilarning mol-mulklari maydonlarini chuqur tahlil etgan holda ushbu mol-mulklarga nisbatan soliqlarni toʻliq hisoblanishini taʼminlasin.
- Tuman davlat soliq inspeksiyasi (O.Joʻraqulov) tegishli tashkilotlar bilan birgalikda:
noruda qurilish materiallarini qazib olish sohasida noqonuniy faoliyat olib borayotgan karerlarni aniqlash boʻyicha xatlovlar oʻtkazilishi;
xatlov natijalari boʻyicha aniqlangan noqonuniy faoliyat olib borayotgan karerlar faoliyatini qonuniylashtirish hamda ularni soliq bazasiga qamrab olinishi;
noruda qurilish materiallarini qazib olish sohasida faoliyat olib borayotgan karerlar tomonidan qazib olinayotgan noruda qurilish materiallar hajmining soliq hisobotlarida toʻliq aks ettirilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
Bunda, ushbu sohada faoliyat olib borayotgan karerlarning qazib olish hajmlarini doimiy tahlil qilib borish hamda zarur hollarda qazib olish hajmlarini aniqlashda mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan “marksheydrlik” xizmatlaridan foydalanish lozimligi alohida belgilab qoʻyilsin.
- Majburiy ijro byurosi tuman boʻlimi (T.Mirzayev)ga tuman davlat soliq inspeksiyasi (O.Joʻraqulov) bilan hamkorlikda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha mavjud soliq qarzdorliklarini byudjetga undirish yuzasidan tegishli choralar koʻrib borsin hamda choraklar yakuni bilan soliq qarzdorliklarining chorak boshiga nisbatan kamayib borishi boʻyicha barcha kompleks chora-tadbirlar koʻrish vazifasi yuklatilsin.
- Mahalla va nuroniylarni qoʻllab quvatlash boʻlimi (A.Shokirov) jismoniy shaxslarning yer va mol-mulk soliqlari boʻyicha joriy hisoblangan soliqlarni hamda ushbu soliqlardan mavjud soliq qarzdorliklarini undirish yuzasidan soliq organlariga amaliy yordam koʻrsatsin.
- Tuman davlat soliq inspeksiyasi (O.Joʻraqulov), tuman moliya boʻlimi S.Haydarov davlat korxonalari hamda ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq davlat ulushi mavjud boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan 2023-yilning 1-iyuliga qadar 2022-yil yakunlari boʻyicha oʻz sof foydasining 50 foizidan kam boʻlmagan miqdoridagi ajratmalar va davlat ulushi boʻyicha dividendlarni 2023-yilning 1-sentabridan kechiktirmay tegishli darajadagi byudjetlarga oʻtkazilishini taʼminlasin.
- Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tuman boʻlimi tuman davlat soliq ispeksiyasi (O.Joʻraqulov) bilan birgalikda viloyatda sugʻorishga sarflanayotgan suv hajmlari boʻyicha aniq hisob-kitoblar yuritgan holda mazkur isteʼmol hajmlari boʻyicha suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni toʻliq hisoblanishini hamda moliya yili yakuniga qadar mahalliy byudjetlarga toʻliq undirib olish vazifasi yuklatilsin.
Bunda, qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan isteʼmol qilinayotgan suv resuslari hajmlari va ushbu hajmlar boʻyicha hisoblanayotgan suv soliqlari boʻyicha doimiy tahlillar oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratilsin.
- Xalq deputatlari tuman Kengashining mahalliy byudjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investitsiyalar va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi:
mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalaridan foydalanish toʻgʻrisidagi hokimlik tomonidan taqdim etilgan takliflari asosida byudjet qonunchiligiga toʻliq rioya etilgan holda Kengash qaror loyihasini ishlab chiqilishiga;
Kengash qarori asosida mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan ajratilgan mablagʻlarni samarali va maqsadli foydalanishi ustidan nazorat oʻrnatishga va natijalari boʻyicha tavsiyalar berishga monitoring qilishga;
mahalliy byudjet xarajatlarining qonunchilikda belgilangan qismining jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilishida ishtirok etadi va ushbu mablagʻlarning maqsadli sarflanishi ustidan nazoratni amalga oshirishga masʼul etib belgilansin.
- Tuman hokimligi:
Tuman byudjeti jami xarajatlarining 5 foizi hamda shakllangan qoʻshimcha mablagʻlarining kamida 30 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirish uchun “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi”ga yoʻnaltirsin.
Bunda, xalq deputatlari tuman Kengashi, Yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimi, tuman hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashlari hamda yangi joriy etilgan hokim yordamchilari byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash maqsadida aholiga keng targʻibot-tashviqot ishlarini olib borishga masul etib belgilansin;
mahalliy byudjetlarning qoʻshimcha manbalari hisobidan xarid qilingan tovarlar va xizmatlar, qurilish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari olib borilayotgan obyektlar roʻyxati, shuningdek qurilish-taʼmirlash ishlarining moliyalashtirilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar har chorak yakunlariga koʻra, keyingi chorak birinchi oyining 10-sanasiga qadar majburiy tartibda tuman hokimligi rasmiy veb-saytlariga joylashtirib borilsin.
- Tuman hokimining birinchi oʻrinbosari A.Boʻriyev, xalq deputatlari tuman Kengashi kotibiyati, tegishli korxona va tashkilotlar rahbarlari:
mahalliy byudjet daromad va xarajatlarining prognoz koʻrsatkichlari bajarilishi hamda soliq bazasini kengaytirish yuzasidan koʻrilgan chora-tadbirlar;
ajratilgan byudjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanishi yuzasidan erishilgan natijalar boʻyicha Kengashga bir chorakda kamida bir marotaba hisobot kiritib borsin.
- Tuman hokimligi Qonunda belgilangan ayrim soliqlar va toʻlov stavkalari, soliq solish tartiblari hamda boshqa maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalarida yoritilishini taʼminlasin.
- Mazkur qaror “NURNOMA” gazetasida rasmiy eʼlon qilinishi hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilishi taʼminlansin.
- Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
- Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining Mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi (F.Ermakov) va tuman hokimligi zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi A.Fayziyev
2022 - yil 31 - dekabr VII-45-174-5-74-K/22