Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 17.12.2022 16:16

Tumanda 2023 yilda transport vositalarining majburiy texnik ko‘rigini tashkil etish va uni o‘tkazish to‘g‘risida

“Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekistan Respublikasi Qonunining 17-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining  2021 yil 9 martdagi 125-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga (keyingi o‘rinlarda – Nizom) muvofiq tumanda transport vositalarining 2023 yilda majburiy texnik ko‘rigini tashkil qilish maqsadida Nurota tuman Ichki ishlar bo‘limining 2022 yil 29 noyabrdagi 24/4351-sonli xatini inobatga olib, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekistan Respublikasi Qonunining 6, 25-moddalariga asosan,

 Q A R O R      Q I L A M A N: 

  1. Tuman hududidagi mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan transport vositalari qonunchilikda belgilangan tartibda majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilsin.
  2. Tumanda transport vositalarini majburiy texnik ko‘rigini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tuman komissiyasi tarkibi  1-ilovaga, jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan transport vositalarini 2023 yilgi majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
  3. Transport vositalari qo‘yidagi davriylikka muvofiq texnik ko‘rikdan o‘tkazilsin:

tijorat asosida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yengil avtomobillar, avtobuslar, trolleybuslar, tramvaylar va o‘rindiqlar soni 8 ta va undan ortiq bo‘lgan (haydovchining o‘rnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, og‘ir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularning tirkamalari — bir yilda ikki marta;

ishlab chiqarilganiga olti yildan ko‘p bo‘lmagan transport vositalari (mazkur bandning ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan transport vositalaridan tashqari) — ikki yilda bir marta;

ishlab chiqarilganiga olti yildan ortiq bo‘lgan, shuningdek, ishlab chiqarilgan vaqti aniq bo‘lmagan transport vositalari (mazkur bandning ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan transport vositalaridan tashqari) — bir yilda bir marta;

tirkamalar texnik ko‘rikka transport vositasi — shatakchi uchun belgilangan muddatlarda;

navbatdagi texnik ko‘rikdan o‘tkazishning ilgari o‘rnatilgan muddatlaridan qatʼi nazar, ularni Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (keyingi o‘rinlarda - DYHXX) organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish (qayta ro‘yxatdan o‘tkazish) vaqtida (birinchi marta ro‘yxatga olinayotgan yangi transport vositalari bundan mustasno).

  1. Mazkur qarorning 3-bandi ikkinchi xatboshisidako‘rsatilgan transport vositalarining texnik ko‘rigi:

birinchi marta – 1 mart- 30 iyunda;

ikkinchi marta – 1 sentyabr- 31 oktyabrda o‘tkaziladi.

Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boshqa transport vositalarining texnik ko‘rigi 1 yanvar – 31 dekabrda o‘tkaziladi.

  1. Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tuman komissiyasi rahbariga transport vositalarining texnik ko‘rikdan o‘tkazishda:

transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomada (texnik pasportda, texnik talonda) ko‘rsatilgan maʼlumotlarga transport vositasi turi, markasi, modeli, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish raqami belgilari, shassi (rama), kuzov va dvigatelning identifikatsiyalash raqamlarining muvofiqligi;

transport vositasining texnik holati va jihozlari texnik reglamentlar, standartlar talablariga, yo‘l harakati xavfsizligi qoidalari va normalariga muvofiqligi;

maxsus va tezkor xizmatlarning transport vositalarida maxsus rangli va ovozli signallar qurilmalarining mavjudligi, sozligi va qonuniyligi, shuningdek, transport vositasining rang-grafik bo‘yash sxemalarining texnik reglamentlar yoki standartlar talablariga muvofiqligi;

gaz yonilg‘isida ishlash uchun qayta jihozlangan transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazishda gaz ballonlarining foydalanish muddati, ishlab chiqarilgan yili, zavod raqami, gaz ballonlarini sinovdan o‘tkazish muddatlari, gaz balloni anjomlarining belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirilishini taʼminlasin.

  1. Transport vositalarining majburiy texnik ko‘rigi DYHXX organlari hamda tadbirkorlik subyektlari – yuridik shaxslar tomonidan Nizomga muvofiq o‘tkaziladi hamda tegishli yig‘im undiriladi.

Transport vositalarining texnik holati va uskunalarining muvofiqligini baholash uchun DYHXX organlari tomonidan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning texnika bazalari, shuningdek, xususiy texnik xizmat ko‘rsatish stansiyalari shartnoma asosida jalb etilishi mumkin.

Jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan M1 toifadagi transport vositalari faqat tadbirkorlik subyektlari tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.

  1. Tumandagi barcha transport vositalari egalari bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslarga texnik ko‘rikdan o‘tkazish jadvali asosida transport vositalarini texnik jihatdan sozligini o‘z vaqtida texnik ko‘rikdan o‘tkazish majburiyati yuklatilsin.
  2. Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 9 martdagi 125-son “Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori 3-bandiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati harbiy bo‘linmalarining transport vositalari mazkur idoralar tomonidan belgilangan tartibda majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi inobatga olinsin.
  3. Tuman hokimining 2021 yil 15 dekabrdagi “Tumanda 2022-yilda transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida” gi 95-5-74-Q/21Q-79-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

 

  1. Tuman Ichki ishlar bo‘limi va IIB Yo‘l harakati havfsizligi guruhiga mazkur qarorning ijrosi natijalari bo‘yicha 2023 yil 10 noyabrga qadar tuman hokimligiga axborot taqdim etish topshirilsin.
  2. “Nurnamo” gazetasi tahririyati (L.Bozorov)ga ushbu  qarorni rasmiy nashrda e’lon qilish tavsiya etilsin, tuman hokimligi axborot xizmati raxbari-matbuot kotibi (L.Mansurov) ikki kunlik muddatda tuman hokimligi rasmiy veb-saytida joylashtirilishini ta’minlasin.
  3. Mazkur qaror ijrosini tashkil etish tuman IIB boshlig‘i U.Abdurahmonov, qaror ijrosini nazorat qilish tuman hokimi o‘rinbosari Sh.Rustamov zimmalariga yuklatilsin.
  4. Ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

2022 - yil 16 - dekabr 191-5-74-Q/22

 Tuman hokimi A.Fayziyev