Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 10.12.2022 09:19

Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan bayram tabrigi

Qadrli dehqon va fermerlar!

Qishloq xo‘jaligi sohasida halol mehnat qilayotgan aziz tumandoshlar!

Avvalo, barchangizni, butun tumanimiz ahlini qutlug‘ ayyom- Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etaman.

Barchaga ma’lumki, qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotning eng qadimiy, hech qachon o‘z o‘rni va ahamiyatini yo‘qotmaydigan, shu bilan birga eng mas’uliyatli hamda mehnati og‘ir bo‘lgan kasblardan biri hisoblanadi.

Hurmatli Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoevning ta’biri bilan aytganda "Shunday ulug‘ va muhim sohaning zalvorli yukini o‘z elkasida ko‘tarib kelayotgan mirishkor dehqon va fermerlar, zahmatkash chorvador va pillakorlar, mohir suvchi va irrigatorlar, o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan mexanizator va agronomlar, jonkuyar olim va mutaxassislarni dunyodagi eng olijanob kasb egalaridir" desak, ayni haqiqatdir.

Sayyoramizdagi qarama-qarshiliklar, global iqlim o‘zgarishlari, mintaqamizdagi ekologik muammolar oqibatida qishloq xo‘jaligida ilgari ko‘rilmagan yangi-yangi sinov va qiyinchiliklar paydo bo‘lmoqda.

Biroq, ko‘pni ko‘rgan, doimo er bilan tillashib, dardlashib yashaydigan tumanimizning dehqon va fermerlari ana shunday murakkab sharoitda ham omilkorlik bilan, boy bilim va tajribasi, ilm-fan yutuqlarini ishga solib, mo‘l hosil etishtirishga muvaffaq bo‘lishmoqda.

Har erta bahorda erga urug‘ qadab, rizq yo‘lini ochadigan, xonadonlarimizdagi to‘kinlik va fayzu baraka sababchisi bo‘lgan Sizdek fidoyi insonlarga har qancha tasannolar aytsak arziydi.

Aziz do‘stlar!

Mazkur bayram munosabati bilan Sizlarni qutlar ekanman, bu yilgi mashaqqatli mehnatingiz, erishilgan natijalar va oldimizda turgan rejalar haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Joriy yil tumanimizda, 61,7ming tonna meva-sabzavot, 67,7 ming tonna go‘sht va sut mahsulotlari hamda 21,5 mln.dona tuxum 23,2 tonna pilla etishtirildi.

Xususan, joriy yilda tumanimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishda 1 622,1 milliard so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 129,8 milliard so‘m foyda olindi.

Bugungi kunda er-suv resurslaridan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligi sub’ektlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda bozor tamoyillarini, fan va texnikaning ilg‘or yutuqlarini jadal joriy etish, eksportbop mahsulotlar etishtirish orqali dehqonlar daromadini ko‘paytirish borasida olib borayotgan tizimli islohotlar o‘z samarasini bermoqda.

So‘nggi 3 yilda jami 1113 gektar maydonda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi, jumladan bog‘ va tokzorlarning 873 gektarida tomchilatib, 240 gektar ozuqa ekin maydonlarida yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi.

Bundan tashqari,tumanimizda 2022 yilda 1050 gektar lalmi va yaylov erlar yangidan o‘zlashtirildi.

Buning natijasida mahsulot ishlab chiqarish 1,5-2 barobarga o‘sishiga erishilmoqda.

Albatta amalga oshirilayotgan mazkur ishlar tumanimizning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bilan birga, xalqimiz dasturxonini farovon qilishdek olijanob maqsadga qaratilgandir.

Qadrli tumandoshlar!

Nurota tumani viloyatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida, xususan, chorvachilikda o‘z tajribasi, salohiyatiga ega bo‘lgan hududlardan biri hisoblanadi.

Joriy yilda barcha toifadagi xo‘jaliklarda qoramollar bosh soni 45,2 ming, sigirlar 22,1 ming, qo‘y va echkilar 471,4 ming bosh yilqilar 1,6 ming, parrandalar 184,5 ming boshga etkazildi.

Bundan tashqari chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha qiymati 12,6 mlrd.so‘m bo‘lgan 7 ta loyihalar foydalanishga qabul qilindi.

Hurmatli Prezidentimizning joriy yilning 25 noyabr kuni viloyatimizga tashriflari davomida viloyatda chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha Jahon bankining 20,0 mln dollar mablag‘larini o‘zlashtirish bo‘yicha bergan topshiriqlariga muvofiq 2023 yilda Nurota tumaniga 3,0 mln. dollar mablag‘lar hisobidan chetdan nasilli chorva mollarini olib kelish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlandi.

Qadrli dehqon va fermerlar,

Sizlarni yana bir bor ushbu shukuhli va fayzli bayram bilan chin qalbimdan tabriklab, eng ezgu va samimiy tilaklarimni izhor etaman.

Hayot sinovlarida toblangan, mard va matonatli fermerlarimiz, barcha qishloq xo‘jalik xodimlari bundan buyon ham tumanimiz aholisi hayotining farovonligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdek g‘oyat mas’uliyatli vazifani ado etishda butun kuch-g‘ayrat va imkoniyatlarini safarbar etadilar, deb ishonaman.

Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, mas’uliyatli va sharafli mehnat faoliyatingizda ulkan zafarlar, xonadonlaringizga qut-baraka va xotirjamlik hamisha yor bo‘lishini tilayman.

E’tiboringiz uchun rahmat.