Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 25.11.2022 15:07

Navoiy viloyatiga hokim tasdiqlandi

Navoiy shahrida xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida viloyat ahliga chuqur hurmatini bildirib, sessiyani ochiq muloqot tarzida o‘tkazishni taklif etdi.

– Bugungi uchrashuvimizdan eng katta maqsad-muddaomiz – ochiq muloqot. Navoiy viloyatidagi 330 ta mahalla, 1 million 50 ming aholining dardini baralla aytib, chorasini topishimiz kerak. Hurmatli deputatlar, nuroniylar, o‘g‘il-qizlarim, yurakdagi gaplaringizni, joylardagi muammoni ochiq aytsangiz, menga do‘st bo‘lasizlar. Hamma masalalarga xalqimiz bilan bamaslahat yechim topsak, natija bo‘ladi. Bu uchrashuvdan men ham rozi bo‘layin, xalqimiz ham rozi bo‘lsin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muloqotda Navoiy viloyati rivojining bugungi holati tahlil qilindi. Oxirgi uch yilda hududda 2 milliard dollarlik yirik sanoat loyihalari ishga tushgan. Buning natijasida 10 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga qo‘shimcha 1 trillion so‘m soliq tushumi va 100 million dollar eksport ta’minlangan.

 

Viloyatda iqtisodiyotni yanada rivojlantirish uchun katta zaxira va imkoniyatlar borligi ko‘rsatib o‘tildi. Misol uchun, import bo‘layotgan mahsulotlarni kooperatsiya asosida mahalliy tadbirkorlar ishlab chiqarsa bo‘ladi. Qishloq xo‘jaligida chorvachilik tarmog‘i to‘la ishga solinmayapti. Meva-sabzavot saqlash quvvatlari kam. Ijtimoiy sohada ham aholini qiynayotgan masalalar bor.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Prezident Navoiy viloyati hokimi lavozimiga Normat Tursunov nomzodini tavsiya etdi.

N.Tursunov 1972-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Ko‘p yillar davlat soliq tizimida ishlagan. U 2021-yil noyabr oyidan buyon Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajarib kelmoqda.

 Davlatimiz rahbari nomzodni lavozimga tasdiqlashdan avval ochiq muloqot qilib, uning rejalarini eshitishni taklif etdi. Normat Tursunov viloyatda tadbirkorlik, sanoat, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi.

Prezidentimiz bu takliflarni ma’qullab, ularni amalga oshirish choralarini belgilab berdi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kelgusi yilda 26 ta mahalliy sanoat markazi va kichik sanoat zonalari tashkil etish, oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun 600 milliard so‘m yo‘naltirish vazifasi qo‘yildi. Umuman, Navoiy viloyatini “kambag‘allik va ishsizlikdan holi hudud”ga aylantirish mumkinligi ta’kidlandi.

Sanoat sohasida kelgusi yilda 186 ta loyihani amalga oshirib, 15 mingta ish o‘rni yaratish choralari belgilandi. Bu importni qisqartirib, eksportni 250 million dollarga yetkazishda muhim omil bo‘ladi.

Xatirchi, Karmana, Navbahor, Qiziltepa va Nurota tumanlaridagi 72 ta mahalla kartoshka, sabzavot, uzum va anor yetishtirishga ixtisoslashgan.

Davlatimiz rahbari bu imkoniyatlarni kengaytirish uchun mazkur mahallalar atrofidagi 5 ming gektarda suv ta’minotini yaxshilash zarurligini ta’kidladi. Yaylov o‘simliklari urug‘chiligi xo‘jaligi, kavrak plantatsiyalari, agrologistika markazlarini tashkil etish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.

Ijtimoiy sohani rivojlantirish, maktab va bog‘chalar barpo etish, aholini uy-joy va ichimlik suvi bilan ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Umuman, 2023-yilda viloyatda ijtimoiy muammolarni hal etishga qo‘shimcha 655 milliard so‘m, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga yana 750 milliard so‘m resurs ajratilishi ma’lum qilindi.

Taqdimotdan so‘ng viloyat kengashi deputatlari nomzodning rejalarini muhokama qilib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Navoiy viloyati hokimini tayinlash masalasi ovozga qo‘yildi. Uning natijalariga ko‘ra, Normat Tursunov Navoiy viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.

Davlatimiz rahbari belgilangan rejalar endi hayotga ko‘chishi, barcha tashkilotlar hokim atrofida birlashib, xalqqa xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.