Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 28-yanvaridagi PF-60-sonli Farmoni bilan 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat Dasturi ijrosini tumanda barcha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlarda tizimli davom ettirish maqsadida, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6, 24-moddalariga asosan, xalq deputatlari tuman Kengashi
Q A R O R Q I L A D I:
1. “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining tumandagi ijrosi toʻgʻrisida tuman hokimining birinchi oʻrinbosari A.Boʻriyevning hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Tuman hokimi oʻrinbosarlari, sektor rahbarlari:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida” 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni hamda ushbu Farmon bilan tasdiqlangan Davlat dasturida oʻzlari masʼul etib belgilangan har bir bandning oʻz vaqtida va toʻlaqonli bajarilishi yuzasidan oʻz komplekslarida tanqidiy koʻrib chiqib, qatʼiy choralar koʻrishi;
boshqa davlat organlari va tashkilotlari asosiy ijrochi boʻlgan bandlar boʻyicha hamkorlikda ishlarni tashkil qilsin, ularga amaliy yordam koʻrsatsin, zarurat boʻlganda, oʻzlariga biriktirilgan vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan bogʻliq masalalarni hal qilinishini taʼminlashi;
2022-yilning 9 oyida belgilangan topshiriqlarning ijrosini masʼul korxona va tashkilot rahbarlari ishtirokida tanqidiy koʻrib chiqsin hamda kamchilikka yoʻl qoʻygan masʼul rahbarlarga nisbatan choralar koʻrilishini taʼminlashi;
tuman hokimligi va sektor rahbarlari tomonidan har bir mahallada dasturda belgilangan tadbirlarning bajarilishi hamda yil yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalarning borishi toʻgʻrisida doimiy muhokama qilib borishi;
har oy yakuni boʻyicha davlat dasturi ijrosi toʻgʻrisidagi hamda uning har bir bandi ijrosi yuzasidan vujudga kelayotgan masalalarning hal etilishi yuzasidan aniq takliflarni oʻz ichiga olgan maʼlumot tayyorlab, tuman hokimligi majlislari muhokamasiga kiritish boʻyicha takliflar berib borishi;
Davlat dasturida oʻzlari masʼul etib belgilangan har bir bandning oʻz vaqtida va toʻlaqonli bajarilishini taʼminlab, natijasi toʻgʻrisida hisobot berib borishi belgilansin.
3. Tuman hokimligi apparatining tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari:
Davlat dasturi ijrosi taʼminlash borasida xodimlar oʻrtasida qatʼiy ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha zarur choralarni belgilasin.
4. Tuman hokimining oʻrinbosarlari, tashkiliy-kadrlar guruhi (X.Tuychiyev) Davlat dasturining ijrosi holatini tahlil qilish va uning monitoringini olib borish amaliyotini davom ettirgan holda dasturda belgilangan tadbirlarning ijro holati yuzasidan maʼlumotlar kundalik tarzda “ijro gov.uz” elektron tizimiga kiritib borsin.
5. “Nurnoma” gazetasi tahririyati (L.Bozorov) hamda tuman hokimligining axborot xizmati (L.Mansurov)larga:
ommaviy va elektron axborot vositalari tomonidan yil dasturining amaldagi ijrosini doimiy yoritib borilishi;
Dastur amalga oshirilishining borishi toʻgʻrisidagi axborotni aniq koʻrsatkichlar va erishilgan ijobiy oʻzgarishlarni, tahliliy axborot koʻrinishida aks ettirgan holda, har oyda hokimlik veb-saytlarida joylashtirilishi tavsiya etilsin.
6. Xalq deputatlari tuman Kengashiga har oyda doimiy komissiyalar hamda xalq deputatlari tuman Kengashi majlislarida davlat dasturida belgilangan chora-tadbirlar ijrosini muhokama qilib borilishi tavsiya etilsin.
7. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari (A.Boʻriyev) hamda xalq deputatlari tuman Kengashining barcha doimiy komissiyalari zimmasiga yuklansin.
2022 - yil 1 - noyabr
VII-44-140-5-74-K/22
Kengash raisi A.Fayziyev