Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 01.11.2022 15:40

Nurota tumanida investitsiyalar jalb qilish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2022-2026-yillarga moʻljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-72-sonli qarori qabul qilinib, uning ijrosini soʻzsiz taʼminlash boʻyicha tumanda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Nurota tumanini 2022-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida umumiy qiymati 161,1 mlrd.soʻm (oʻz mablagʻi 99,8 mlrd.soʻm, bank krediti 22,9 mlrd.soʻm, xorijiy kreditlar 2,3 mln.dollar, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar 1,0 mln.dollar)ga teng boʻlgan 71 ta loyihalar ishga tushirilishi natijasida 578 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi belgilab olingan.

Joriy yilning sentabr oyiga qadar umumiy qiymati 35,2 mlrd.soʻm (oʻz mablagʻi 29,6 mlrd.soʻm, bank krediti 3,0 mlrd.soʻm, xorijiy kredit 227,0 ming dollar) mablagʻlar oʻzlashtirilishi hisobiga 24 ta loyihalar ishga tushirilishi natijasida 100 nafar ish oʻrinlari yaratilishi belgilangan. Amalda umumiy qiymati 54,1 mlrd.soʻm (oʻz mablagʻi 41,7 mlrd.soʻm, bank krediti 8,4 mlrd.soʻm, xorijiy kredit 354,0 ming dollar) mablagʻlar oʻzlashtirilishi hisobiga 42 ta loyihalar ishga tushirilib natijasida 168 nafar ish oʻrinlari yaratildi.

Tumanda 2022-yilda xorijiy investitsiya va xorijiy kreditlar oʻzlashtirish rejasi 1,9 mln.dollar boʻlib, yanvar-sentabr oylarida oʻzlashtirish rejasi 500,0 ming dollar, amalda 540,0 ming dollarga yaʼni 108 foizga bajarildi.

Joriy yil yakuniga qadar 3 ta korxonadan 1,4 mln.dollar xorijiy investitsiyalar va xorijiy kreditlar oʻzlashtirilib yillik reja 1,9 mln.dollar, amalda 1,95 mln.dollarga yaʼni 102 foizga bajarilishi boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6, 24-moddalariga asosan, xalq deputatlari tuman Kengashi

QAROR   QILADI:

1. Nurota tumanida investitsiyalar jalb qilish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida tuman hokimi oʻrinbosari R.Azimovning hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Tuman hokimining oʻrinbosari-tuman investitsiya va tashqi savdo boʻlimi (R.Azimov)ga tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda:

dastur doirasidagi investitsiya loyihalari boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni tasdiqlangan tarmoq jadvallari asosida olib borilishi va loyihalarni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirilishini tizimli nazorat qilib borish;

tumanning investitsiya salohiyatini oshirish, barqaror surʼatlarda investitsiyalarni oʻzlashtirish hamda investitsion loyihalarni samaradorligini oshirish borasida tegishli chora-tadbirlarni doimiy amalga oshirib borish;

tumanda 2022-yilga tasdiqlangan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hajmini yanada oshirish, hududiy dasturda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish, rejadagi koʻrsatkichlarning bajarilishini taʼminlab borish va bu vazifani doimiy nazoratga olish yuklatilsin.

3. Tuman hokimining oʻrinbosarlari (A.Boʻriyev, R.Azimov) tuman statistika boʻlimi (Sh.Shukurov) hamda tumandagi tegishli korxona va tashkilotlar bilan birgalikda:

joriy yilga moʻljallangan eksport rejasini oshirib bajarish choralarini koʻrish;

tuman eksport salohiyatini yanada oshirish, eksportyor korxonalarning amaldagi rejalarini bajarish holatini doimiy monitoring qilib borish;

tuman eksport salohiyatini va investitsion muhitni yaxshilash maqsadida tadbirkorlar hamda eksportyor korxonalarning tizimli muammolarini oʻrganib bartaraf etish choralarini koʻrish, shuningdek eksportyor korxonalarni jalb etish;

tumanda tasdiqlangan dasturga asosan investitsiya va eksport koʻrsatkichlarini oʻz vaqtida, sifatli bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsinlar.

4. Tuman hokimining oʻrinbosari-tuman investitsiyalar va tashqi savdo boʻlimi (R.Azimov) tumanda investitsiya loyihalarining hamda eksport salohiyatini oshirilishi ijrosini qatʼiy nazoratga olib, har chorak yakuni boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni xalq deputatlari tuman Kengashining tegishli doimiy komissiyasi yigʻilishida keng muhokama qilib borish uchun tahliliy maʼlumotlarni kiritib borsin.

5. Tuman hokimligi matbuot xizmati (L.Mansurov), “Nurnoma” tuman gazetasi tahririyati (L.Bozorov)ga:

tuman hokimining oʻrinbosari tuman investitsiya va tashqi savdo boʻlimi (R.Azimov) bilan birgalikda tumanda investitsiya loyihalarini keng jalb qilish borasida hamda eksport salohiyatini oshirish borasida olib borilayotgan ishlarni tuman mahalliy ommaviy axborot vositasi va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritib borilishi tavsiya etilsin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining Mahalliy byudjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investitsiyalar va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha doimiy komissiyasi (F.Ermakov) zimmasiga yuklatilsin.

2022 - yil 1 - noyabr

VII-44-141-5-74-K/22

Kengash raisi A.Fayziyev