Respublikamizda qorako‘lchilik tarmog‘ini rivojlantirishga katta ahamiyat berib kelinmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2018 yil 14 martdagi “Qorako‘lchilik sohasini jadal rivojlantirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi 3603-sonli qarori bu borada dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi Nurota tuman bo‘limi tomonidan hududdagi chorvachilik naslchilik xo‘jaliklarida mazkur qaror ijrosi yuzasidan muntazam nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Qorako‘lchilik sohasida olib borilgan monitoring natijalariga ko‘ra, tumanda qorako‘l-naslchilikka ixtisoslashgan 3 ta masʼuliyati cheklangan jamiyatlarida qorako‘l zotli qo‘ylarni sunʼiy urug‘lantirish mavsumi jadal surʼatlarda olib borildi.
Maʼlumki, qorako‘lchilik mahsulotlari sifatini oshirishda faqat yuqori mahsuldor, irsiy belgilarni o‘z avlodiga muntazam bera olish xususiyatiga ega bo‘lgan yuqori gomeostazli qo‘chqor va sovliqlardan qochirim mavsumida foydalanish keng ahamiyat kasb etadi. Qorako‘lchilikda yuritiladigan naslchilik ishining asosiy maqsadlaridan biri xo‘jaliklarda yuqori mahsuldor naslli qo‘chqorlar va sovliqlar suruvlarini yaratish hisoblanadi.
Jumladan, tumanda ilg‘or va ko‘zga ko‘ringan naslchilik xo‘jaliklaridan biri “Istiqlol qorako‘l naslchilik” masʼuliyati cheklangan jamiyatida Samarqand ilmiy tekshirish instituti olimlari bilan birgalikda “Qoraqalpoq suri” hamda “Buxoro suri” tipidagi qo‘chqorlar naslli urug‘i bilan ona qo‘ylarni qochirish ishlari muvafaqqiyatli yakunlandi. Jamiyatda qochirish mavsumi uchun 5 ta to‘liq jihozlangan sunʼiy qochirish punkti mavjud bo‘lib, jami 15 714 bosh ona qo‘ylarni urug‘lantirish uchun asbob-uskunalar va jihozlar to‘liq olinib, naslli urug‘ olish uchun 300 bosh naslli qo‘chqorlar ajratilgan. Hozirgi kunda “Oqmon”, “Mullo Fayzullo”, “Kalfar”, “Farmon” va “Qora quduq” punktlarida ona qo‘ylarni sunʼiy qochirish ishlari olib borilib, shundan, “Mullo Fayzullo” punktida 2 205 bosh ona qo‘ylarni 65 bosh “Qoraqalpoq suri” tipidagi qo‘chqorlarning naslli urug‘i bilan urug‘lantirilib, qolgan punktlarda 235 bosh “Buxoro suri” tipidagi qo‘chqorlar naslli urug‘i bilan qolgan ona qo‘ylarni qochirish ishlari to‘liq bajarildi.
Bundan tashqari, “Nurota qorako‘l naslchilik” masʼuliyati cheklangan jamiyatida qochirish mavsumi uchun 8 ta to‘liq jihozlangan sunʼiy qochirish punkti mavjud bo‘lib, jami 19 000 bosh ona qo‘ylarni urug‘lantirish uchun asbob-uskunalar va jihozlar to‘liq olinib, naslli urug‘ olish uchun 570 bosh naslli qo‘chqorlar ajratilgan.
“Qizilcha qorako‘l-naslchilik” masʼuliyati cheklangan jamiyatida ham bu boradagi ishlar talab darajasida olib borilmoqda.
Inspeksiya tuman bo‘limi tomonidan sunʼiy qochirish punktlarining belgilangan qoidalarga mos holatda bo‘lishi va jihozlanishi yuzasidan monitoringlar yo‘lga qo‘yilgan.
- Profilaktik tadbirlarimizda chorvachilik naslchilik xo‘jaliklarida qorako‘lchilik sohasida qabul qilinayotgan qarorlar va sohaga oid normativ huquqiy hujjatlar yuzasidan tushuntirish va tavsiyalar berilmoqda,- deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Nurota tuman bo‘limi katta inspektori Nurqobil Nuriddinov. – Ayni qochirim mavsumida barcha sunʼiy qochirish punktlarida veterinariya-sanitariya qoidalari va normalariga rioya etilishi, dezinfeksiya vositalar bilan taʼminlanganligi, biologik chiqindilardan tozaligiga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Shu bilan birga qochirimda foydalaniladigan naslli qo‘chqorlarni oziqlantirish ratsioni va boshqalar bo‘yicha maslahatlar, ogohlantirish, yozma ko‘rsatmalar berilyapti.
Maʼlumot o‘rnida keltirish joiz, tumanda joriy yilning shu davriga qadar Inspeksiya tuman bo‘limi tomonidan qorako‘lchilik va qo‘ychilik yo‘nalishida jami 107 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilgan. Aniqlangan qonunbuzilishlariga nisbatan 97 ta yozma ko‘rsatma, 3 ta taqdimnoma va 6 ta ogohlantiruv berilgan.
“O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi
matbuot xizmati