Qadrli tumandoshlar!
Avvalo, Siz, azizlarni, sizlar orqali tumanimiz aholisini ulug‘ ayyom – O‘zbek tili bayrami kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Xalqimizning ko‘p asrlik madaniy, ilmiy-ma’rifiy va badiiy tafakkuri, intellektual salohiyatining yorqin va bebaho mahsuli bo‘lgan o‘zbek tili jahondagi boy va qadimiy tillardan biridir.
O‘zbekistonda 1989 yil 21 oktyabrda el-yurtimiz asrlar davomida orzu qilib, intilib va kurashib kelgan davlat tili haqidagi qonunning qabul qilinishi mamlakat suvereniteti va mustaqilligi sari qo‘yilgan dastlabki dadil qadam edi. Aynan ana shu tarixiy hujjatga binoan o‘zbek tili mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega bo‘ldi.
Istiqlol yillarida ona tilimiz tom ma’noda davlat tiliga aylanib, xalqimizni yurtimizda erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi.
Ma’lumki, mazkur sana O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 10 aprelda qabul qilingan “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda 150 ta milliy madaniy markaz ish yuritayotgani, o‘zbek tili bilan birga, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman tillarida ommaviy axborot vositalari faoliyat ko‘rsatayotgani, maktablarimizda ta’lim-tarbiya jarayoni 7 ta tilda olib borilayotgani dunyo amaliyotidagi noyob tajriba ekanini ta’kidlash o‘rinlidir. YUrtimizda chet tillarga ixtisoslashgan hamda o‘quv mashg‘ulotlari xorijiy tillarda o‘tiladigan ta’lim maskanlari soni ortib borayotgani ham shu sohadagi muhim o‘zgarishlar natijasidir.
Hurmatli tumanimiz ahli!
Bugun yurtimizda “Milliy yuksalishdan, milliy tiklanish sari” ustivor g‘oyasi asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu yo‘lda davlat tiliga e’tibor va hurmat barcha ishlarimiz avvali bo‘ladi. SHu bois, mazkur yo‘nalishda bir qator hayotiy loyihalar joriy etilmoqda.
Milliy madaniyatimiz, ma’naviyat-imizning asosi bo‘lgan ona tilimizning mavqeini oshirish ishi har birimizning u rahbar bo‘ladimi yoki xodim, qaysi kasb sohibi bo‘lishidan qa’iy nazar kundalik ishi va vazifasi bo‘lmog‘i kerak.
Bu insoniy burchni har birimiz o‘zimizdan boshlab, oilamiz bag‘rida, jamoada namuna bo‘lsak, shu aziz vatanga bo‘lgan pokiza mehrimizni ifoda etgan bo‘lamiz.
Davlatimiz rahbarining «Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq, 2020–2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi hamda asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi.
Ta’lim tizimida o‘zbek tilini o‘qitilishining zamonaviy dasturlarini joriy etish masalasi – xalqimizning ertangi umidlari, maqsadlari bilan hamohang.
Aziz tumandoshlar!
Hozirgi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ezgu intilish va harakatlarimiz hal qiluvchi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu yo‘lda milliy o‘zligimiz, g‘urur-iftixorimiz timsoli bo‘lgan ona tilimiz, hech shubhasiz, beqiyos kuch-qudrat va ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Ana shunday hayotiy e’tiqod va buyuk maqsad bilan yashayotgan xalqimiz doimo omon bo‘lsin!
Sizlarni bugungi bayram bilan samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga tinchlik-omonlik, fayzu baraka tilayman.
Ona tilimiz mangu yashasin!
Nurota tumani hokimi
Azamat Ismatovich Fayziev