Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 15.10.2022 09:24

15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan bayram tabrigi

BMT Bosh assambleyasining 2007 yil 18 dekabrdagi rezolyusiyasiga asosan 15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni deb e’lon qilingan va ushbu sana 2019 yildan buyon mamlakatimizda keng nishonlanib kelinmoqda.

Ushbu sana respublikamizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy va ishlab chiqarishdagi ulushini oshirish, munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga hamohangdir.

Jamiyatning madaniyat darajasi, ma’naviy barkamolligi ayollarga bo‘lgan munosabat bilan belgilanadi.

Donolar aytganidek, dunyoda ayol mehrining bahosini o‘lchaydigan me’zon, tenglashtiradigan boylik yo‘q. Bu ayol degan ulug‘ xilqatda nozik ta’b, buyuk qalb, nazokatli ko‘ngil, betakror fidoiylik, ona jasorati mujassamligi natijasidir.

Mana shunday fazilatlar egasi bo‘lgan tumanimizdagi qishloqlarda istiqomat qilayotgan opa-singillarimizga bayram muborak bo‘lsin!

 Aziz opa-singillar!

Ayollar sharafiga Tojmahallar qurilgan, bir dona holiga go‘zal shaharlar fido qilingan, shoirlarga eng shoh satrlar ilhomini bergan, hukmdorlarga ulkan shaharlarni obod etish g‘ayratini baxsh etgan ayol zotini ulug‘laydigan kunlarimiz bor bo‘lsin!

Jami fazlu yaxshilik ayoldan boshlanadi. Darhaqiqat, ayolga nima kerak? Ayolga baxt, mehr va muhabbat kerak! Har bir ayol o‘z oilasi, qo‘rg‘oni, ko‘ngli tinch, yurti va farzandi omon, boshida turgan boshpanohi-turmush o‘rtog‘i sog‘ bo‘lsa, hamisha o‘zida yashashga, turmushda katta o‘zgarishlar yasashga kuch topa oladi.

Bobolarimiz e’tirof etganlaridek, hayotimizga mazmun bag‘ishlaydigan, bizni hamisha odamiylik, mardlik, oliyjanoblik sari chorlaydigan, sabr-toqat, sadoqat sohibasi bo‘lmish ayolning mehr-muhabbati va zahmatini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi.

Farzandlar baxtidan, nuroniy otaxon va onaxonlarning hurmat izzat topishidan, oilaning bekam-ko‘stligidan, yurt tinchligi, Vatan ravnaqi, turmush farovonligidan birinchi navbatda onalar manfaatdordir.

Demak, mamlakatimizda olib borilayotgan barcha bunyodkorlik va ezgu ishlar, yaratilayotgan go‘zalliklar Siz onalar, opa-singillarning ko‘nglingizni olish uchun bunyod etilayotganligidan baxtiyormiz.

O‘z oilasini, farzandlari tarbiyasini gul-gul yashnatib qo‘yish barobarida tumanimiz ishlab chiqarishi va ijtimoiy hayoti, boringki, xalq xo‘jaligining barcha sohalarida fidokorona mehnat qilgan va qilayotgan barcha munis ayollarimiz oldida ta’zimdamiz.

Xonadonlarimizning chirog‘i, farzandlarimizning mehriboni, yuraklarimiz qo‘ri, ko‘zlarimizning nuri va g‘ururimiz bo‘lgan Siz ayollarga har qancha ta’zim aylasak kam! Sizning oltin qo‘llaringiz ham beshikni, ham dunyoni tebratadi.

Bugungi bayram hammamizga, har birimizga yangi kuch, yangi g‘ayrat bag‘ishlaydi. Ishonchim komilki, tumanimiz qishloq ayollari o‘zlarining vatanparvarlik harakatlari, yangidan-yangi tashabbuslari bilan jannatmonand yurtimiz ravnaqiga yanada barakali hissalarini qo‘shadilar.

So‘zimning yakunida tumanimizda istiqomat qilayotgan barcha qishloqdagi mehribon opa-singillarimizga Yaratgandan sihat-salomatlik, oilaviy baxt, ezgu ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman.

         Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin.

         Yana bir bor ayyomingiz muborak bo‘lsin!

 Hurmat bilan,

Nurota tumani hokimi A.Fayziev