Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-dekabrdagi 55-2021 (02-PA 1-20228)-sonli yigʻilish bayonining 44.1-bandida tumanlar va shaharlar Kengashlariga har oʻn besh kunda joylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish boʻyicha koʻrilayotgan choralarni muhokama qilib, mutasaddi rahbarlar faoliyatiga tanqidiy baho berib borish tavsiya etilgan.
Tumanda oʻtgan 2021-yil yakuni bilan 343,3 mlrd. soʻmlik xizmatlar koʻrsatilib 114,1 foizga oʻsishga erishilgan boʻlsa, joriy 2022-yil yakuni bilan 470,5 mlrd. soʻmlik xizmatlar koʻrsatilishi va uning oʻsish darajasini 148,4 foizga yetkazilishi belgilangan boʻlib, 8 oyda xizmatlar koʻrsatish hajmi 256,0 mlrd.soʻm yoki 113,7 foizga bajarilishi taʼminlangan.
Shu jumladan Aloqa va axborotlashtirish xizmati 18,2 mlrd. soʻm, moliyaviy xizmatlar 21,2 mlrd. soʻm, transport xizmati 53,8 mlrd. soʻm, yashash va ovqatlanish xizmati 8,0 mlrd. soʻm, savdo xizmati 114,6 mlrd. soʻm, koʻchmas mulk bilan bogʻliq xizmat 5,9 mlrd. soʻm, taʼlim sohasidagi xizmatlar 4,8 mlrd. soʻm, sogʻliqni saqlash sohasidagi xizmatlar 1,6 mlrd. soʻm, ijara xizmatlari 6,4 mlrd. soʻm, kompyuterlar va maishiy tovarlarni taʼmirlash boʻyicha xizmatlar 5,0 mlrd. soʻm, boshqa shaxsiy xizmatlar 11,7 mlrd. soʻm, meʼmorchilik sohasidagi xizmatlar 0,3 mlrd. soʻm, boshqa xizmatlar 4,3 mlrd. soʻmni tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-104 sonli qaroriga asosan tumanda 2022-yil davomida 1864 ta ish oʻrni yaratilishi belgilangan boʻlib, joriy yil yanvar-avgust oylari davomida 2580 ta ish oʻrinlari yaratilib belgilangan yillik reja 138,4 foizga bajarildi.
Joriy yil 1-sentyabr holatiga umumiy qiymati 4574,0 mln. soʻm boʻlgan 33 ta loyihalar ishga tushirilishi natijasida 44 ta ish oʻrinlari yaratilishiga erishildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-dekabrdagi 55-2021 (02-PA 1-20228)-sonli yigʻilish bayonining ijrosini taʼminlash, shuningdek 2022-yilgi xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturini amalga oshirish orqali tumanning xizmatlar sohasini rivojlantirish, shu asosda aholining farovonligi hamda turmush darajasini yanada yuksaltirish maqsadida tumanda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari Sh.Roʻziyevning hisobotini muhokama qilib, xalq deputatlari tuman Kengashi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6, 24-moddalariga asosan, xalq deputatlari tuman Kengashi
QAROR QILADI:
1. Nurota tumanida “Xizmatlar sohasini rivojlantirish” dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi yuzasidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari Sh.Roʻziyevning hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Tuman hokimining birinchi oʻrinbosari A.Boʻriyevga:
tuman hokimi oʻrinbosarlari, tumandagi barcha korxona tashkilot rahbarlari, investitsiyalar va tashqi savdo boʻlimi hamda tijorat banklari bilan birgalikda aholiga koʻrsatiladigan xizmatlar sohasini rivojlantirishda mahalla fuqarolar yigʻinlari kesimida 2022-yil uchun ishlab chiqilgan loyihalarni bajarilishini taʼminlash;
tumanda xizmatlar sohasida ish olib boruvchi barcha tadbirkorlik subyektlariga ish faoliyatini olib borish uchun qulay shart-sharoit yaratib berish va ularni zarur moliyaviy mablagʻlar bilan taʼminlab borish chora-tadbirlarini amalga oshirish vazifalari yuklatilsin.
3. Tuman hokimligi axborot xizmati (L.Mansurov)ga amalga oshirilayotgan ishlarni muntazam ravishda ommaviy axborot vositalari orqali yoritib borish tavsiya etilsin.
4. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi F.Ermakov zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi A.Fayziyev