O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida 2021-yil 19-noyabr kuni “Yashil makon umummilliy loyihasini amalga oshirish hamda “Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi 47-sonli (02-1-RA1-18383-son) yig‘ilish bayoni 3.1-bandi ijrosini ta’minlash borasida tumanda 2022-yil kuz mavsumida ko‘kalamzorlashtirish, manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlarini ekish ishlarini tizimli va uyushqoqlik bilan tashkil etish maqsadida, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 6, 25-moddalariga asosan
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida 2021-yil 19-noyabr kuni “Yashil makon umummilliy loyihasini amalga oshirish hamda “Yangi o‘zbekiston” massivlarini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 47-sonli (02-1-RA1-18383-son) yig‘ilish bayoni ma’lumot va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
tumanda 2022-yil kuz mavsumida manzarali, mevali daraxt va butalar ko‘chatlari hamda qalamchalarini ekishning taxminiy ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
manzarali, mevali daraxt va butalar ko‘chatlari hamda qalamchalarini shartnoma asosida yetkazib berish hamda ekish ishlarini muvofiqlashtiruvchi tuman ishchi guruhi tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar tuman ishchi guruhi (Sh.Rustamov) ning asosiy vazifalari etib belgilansin:
hududlarda ko‘chatlarni sotib olish yuzasidan shartnomalar tuzish, to‘lovlarni oldindan amalga oshirish, ko‘chat yetkazib berish va ekish bo‘yicha kunlik monitoring yuritish;
ko‘chat ekish va ularni to‘liq undirib olish uchun sug‘orish ishlarini tashkil etish bo‘yicha yuzaga keladigan muammolarni tezkor hal etish;
har haftaning juma kuni hududlarda ko‘chat ekish bo‘yicha tahliliy ma’lumotlarni viloyat ishchi guruhiga kiritish;
ekilgan ko‘chatlarni parvarishlash, ularni payhon qilinishdan saqlash yuzasidan monitoring olib borish;
har haftada ishchi guruh tomonidan tahliliy ma’lumotlarni tuman hokimiga taqdim etib borish.
4. Tuman ishchi guruhi rahbari o‘rinbosarlari (L.Norbekov, H.Qarshiyev), tegishli korxona va tashkilotlar bilan birgalikda:
mazkur farmoyishda nazarda tutilgan ko‘chatlarni sotib olish yuzasidan shartnomalar tuzish, to‘lovlarni amalga oshirish, ko‘chat yetkazib berish, ekish bo‘yicha tumanda kunlik monitoring yuritish hamda joylarda ekilgan ko‘chatlarning holati to‘g‘risida har haftaning juma kunlari tuman ishchi guruhiga tahliliy-tanqidiy axborot taqdim etib borsin;
ekilgan daraxt ko‘chatlarini mavsum davomida parvarishlash, ularni zararkunandalardan himoya qilish va payhon etilishining oldini olish ustidan ta’sirchan nazorat o‘rnatsin.
5. Tuman hokimi o‘rinbosari (F.Yodgorov), Nurota davlat o‘rmon xo‘jaligi (H.Qarshiyev) belgilangan miqdordagi ko‘chatlarni olish istagini bildirgan tuman hududlaridagi barcha xo‘jalik birlashmalari va tashkilotlarga shartnoma asosida yetkazib berilishini ta’minlasin.
6. Tuman hokimi o‘rinbosarlari (Sh.Rustamov, F.Yodgorov, Sh.Vafoyev):
mazkur farmoyishga muvofiq bir hafta muddatda 2022-yil kuz mavsumida ko‘chat ekish hajmlari bo‘yicha manzilli dasturni tasdiqlasin;
xo‘jalik birlashmalari va aholi uchun ko‘chatlarni tizimli yetkazib berish maqsadida bozorlar va boshqa qulay manzillarda ko‘chat sotish nuqtalarini tashkil etsin;
qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilgan yer maydonlarining chetlarida, pavloniya, tut, chinor va boshqa tez o‘suvchi daraxtlar ko‘chatlarining ekilishiga alohida e’tibor qaratsin;
ko‘chat ekilgan ob’yektlarga mas’ullarni biriktirish, ular tomonidan ko‘chatlarni mavsum davomida parvarishlash, ularni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish hamda payhon etilishining oldini olish, shuningdek, mavsum yakunida ko‘chat ekilgan hududlarni yer egalariga topshirish, ya’ni ko‘chat ekilganligi to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirish orqali tegishli hujjatlarga o‘zgartirish kiritish choralarini ko‘rsin.
7. Tuman mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi (A.Shokirov), Yoshlar ishlari agentligining tuman bo‘limi (U.Usmonov) ko‘kalamzorlashtirish tadbirlariga aholining barcha qatlamlari ayniqsa, yoshlarni keng jalb etilishini ta’minlasin.
8. Tuman hokimligi matbuot xizmati (L.Mansurov), “Nurnoma” gazetasi tahririyati (L.Bozorov)larga ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarining ahamiyati va uning amalga oshirish jarayonini ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borilishini tashkil etish tavsiya etilsin.
9. Ushbu farmoyish ijrosini nazorat qilish tuman hokimining o‘rinbosarlari Sh.Rustamov va F.Yodgorovlar zimmasiga yuklatilsin.
2022 - yil 29 - sentabr 151-5-74-F/22
Tuman hokimi A.Fayziyev